Sun'iy intellekt mehnat bozoriga qanday ta'sir ko'rsatmoqda

Anthropic kompaniyasi tomonidan o'tkazilgan yangi tadqiqot sun'iy intellektning mehnat bozoridagi haqiqiy o'rni uning nazariy imkoniyatlaridan ancha past ekanligini ko'rsatdi. Mutaxassislar "kuzatiladigan ta'sir" deb nomlangan yangi ko'rsatkichni joriy etib, til modellarining salohiyati hamda ularning real ish jarayonlaridagi foydalanish statistikasi o'rtasidagi tafovutni tahlil qilishdi. Bu haqda devby.io xabar beradi.
Tadqiqot natijalariga ko'ra, sun'iy intellekt kompyuter va matematika sohasidagi vazifalarning 94 foizini tezlashtirish imkoniga ega. Biroq amaliyotda bu ko'rsatkich atigi 33 foizni tashkil etadi. Texnologiyaning to'liq quvvat bilan ishlamasligiga huquqiy cheklovlar, inson nazoratining zarurligi hamda murakkab tizimlar bilan integratsiya qilishdagi qiyinchiliklar sabab bo'lmoqda.

Eng ko'p ta'sirga uchragan kasb egalari dasturchilar bo'lib, ularning vazifalarini 75 foizgacha qismini sun'iy intellekt yordamida bajarish mumkin. Shuningdek, mijozlarni qo'llab quvvatlash xizmati va tahlilchilar ham bu ro'yxatda yetakchi. Shu bilan birga, oshpazlar, mexaniklar va jismoniy mehnat bilan band bo'lgan 30 foiz ishchilar uchun sun'iy intellekt hali sezilarli o'zgarish yasagani yo'q.
Qizig'i shundaki, sun'iy intellektning keng tarqalishi ishsizlik darajasining keskin oshishiga olib kelmagan. Garchi 22 yoshdan 25 yoshgacha bo'lgan yosh mutaxassislarning yuqori texnologik sohalarga ishga kirish ehtimoli 14 foizga kamaygan bo'lsa-da, bu holat hali statistik jihatdan unchalik kuchli emas. Mutaxassislar ushbu o'zgarishlarni kadrlar tayyorlash tizimidagi boshqa omillar bilan ham bog'lashmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!