Smartfon ishlashini sekinlashtiruvchi yashirin ilovalar...

Mutaxassislar taʼkidlashicha, hozirgi zamonaviy mobil ilovalar, ayniqsa Android tizimida, fon rejimida doimiy ishlab turadi va turli telemetriya maʼlumotlari hamda reklama uchun foydalanuvchi haqida axborot yig‘adi. Bu esa smartfonning umumiy ishlash tezligini pasaytiradi hamda batareyaning tezroq sarflanishiga olib keladi.
Aniqlanishicha, eng ko‘p resurs isteʼmol qiladigan ilovalar orasida ijtimoiy tarmoq platformalari yetakchi o‘rinni egallaydi. Masalan, Facebook, TikTok, X kabi servislar foydalanuvchining qiziqishlarini tahlil qilib, unga mos kontent taklif qilish uchun katta hajmdagi maʼlumotlarni to‘playdi va qayta ishlaydi.
Shuningdek, striming xizmatlari ham qurilmaga sezilarli yuk tushiradi. Netflix va Spotify kabi platformalar maʼlumotlarni kesh xotirasida saqlab, tezroq ishlashga yordam bersa-da, vaqt o‘tishi bilan bu xotira to‘lib qolib, smartfonning sekinlashishiga sabab bo‘ladi.
Navigatsiya ilovalari, jumladan Google Maps va Waze ham internetsiz ishlash qulayligi uchun xaritalar va marshrut maʼlumotlarini oldindan saqlab qo‘yadi. Bu jarayon doimiy xotira va protsessor resurslarini talab qiladi.
Ob-havo ilovalari ham bekorchi resurs isteʼmolchilari qatoriga kiradi. Pixel Weather, Weather Underground va Weawow kabi servislar doimiy ravishda meteomaʼlumotlarni yangilab, internet trafikdan foydalanadi va batareya quvvatini sekin-asta kamaytiradi.
Olimlar fikricha, ushbu jarayonlarni nazorat qilish orqali smartfonning ishlash samaradorligini sezilarli darajada oshirish mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!