Antarktida muzliklari Quyosh tizimining yulduzlararo sayohati tarixini ochdi

Astrofiziklar va geokimyogarlar guruhi Antarktida muzliklari qatlamidan uzoq yulduzlar portlashi natijasida hosil bo‘lgan yulduzlararo chang izlarini topdi. Yer o‘n minglab yillar davomida kosmosning turlicha zichlikdagi hududlaridan o‘tgan va bu jarayon muz qatlamlarida o‘z aksini topgan. Tadqiqotning asosiy kaliti «o‘ta yangi yulduzlar kuli» hisoblangan temir-60 radioaktiv izotopi bo‘ldi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Olimlar 40 mingdan 80 ming yilgacha bo‘lgan yuzlab kilogramm muz va qor namunalarini tahlil qilishdi. Mass-spektrometriya yordamida temir-60 atomlari sanab chiqilganda, ularning konsentratsiyasi o‘tmishda hozirgiga nisbatan sezilarli darajada kamroq bo‘lgani aniqlandi. Bu holat Quyosh tizimining gaz, plazma va yulduz changlaridan iborat bo‘lgan mahalliy yulduzlararo bulutlar orqali harakatlanishi bilan izohlanadi.
Hozirgi vaqtda Quyosh tizimi «Mahalliy yulduzlararo bulut» hududidan o‘tmoqda va zamonaviy modellar bu jarayon 40 ming yildan 124 ming yilgacha davom etishini ko‘rsatadi. Antarktidadagi muz qatlamlari esa kosmik muhit tarixini o‘rganish uchun noyob arxiv vazifasini o‘taydi, chunki u yerda qor qatlamlari ming yillar davomida deyarli o‘zgarmasdan saqlanib qoladi.
Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, bu usul teleskoplar orqali kuzatishdan farqli o‘laroq, bevosita Yerga cho‘kkan «kosmik cho‘kindi»ni tahlil qilish imkonini beradi. Biroq, temir-60 miqdorining kutilganidan kamroq bo‘lishi yulduzlararo bulutlarning kelib chiqishi nazariyasini qayta ko‘rib chiqishni taqozo etadi. Endilikda olimlar yanada qadimiy muz qatlamlarini o‘rganish orqali Quyosh tizimining o‘tmishdagi galaktik yo‘nalishini to‘liq tiklashni rejalashtirmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!