Rossiyada ilk xususiy 5G tarmog‘i ishga tushiriladi

Rossiyaning «Megafon» aloqa operatori mamlakatda ilk bor korporativ xususiy 5G tarmog‘ini yo‘lga qo‘yishini e’lon qildi. Ushbu tarmoq Qutb orti hududidagi yirik kon-kimyo korxonasi uchun maxsus ishlab chiqilgan bo‘lib, u asosan uchuvchisiz boshqariladigan texnikalarni masofadan turib nazorat qilishga xizmat qiladi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Loyiha doirasida 5G texnologiyasidan foydalanish xavfsizlik darajasini sezilarli darajada oshirishi kutilmoqda. Yuqori tezlik va ma’lumotlarni uzatishdagi minimal kechikishlar (latency) insonlarning xavfli ishlab chiqarish zonalarida bevosita bo‘lishini kamaytirib, avtonom texnikalarning barqaror ishlashini ta’minlaydi.
Hamkorlik shartnomasi Rossiyada start olgan «Sifrovaya industriya promyshlennoy Rossii» (SIPR) konferensiyasi doirasida imzolanadi. Bungacha mahalliy operatorlar biznes uchun faqat LTE bazasidagi xususiy tarmoqlarni taklif qilib kelgan edi, shu bois ushbu loyiha mamlakatda 5G standartidagi ilk tajriba hisoblanadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!