date

Rossiyalik olimlar perovksitli quyosh panellari samaradorligini oshirdi

Rossiyalik olimlar perovksitli quyosh panellari samaradorligini oshirdi

Rossiyalik olimlar perovksitli quyosh panellarining ommaviy ishlab chiqarilishiga to‘sqinlik qilayotgan asosiy muammo — ularning tez degradatsiyaga uchrashini hal qilishdi. PNIPU, RAN va Skoltex tadqiqotchilari ushbu elementlarning barqarorligini sezilarli darajada oshiruvchi to‘rtta yangi polimer materialini ishlab chiqishdi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.

O‘tkazilgan sinovlar shuni ko‘rsatdiki, yangi polimerlar qo‘llanilgan batareyalar 1800 soatlik uzluksiz ishlashdan so‘ng ham o‘z samaradorligining 99 foizini saqlab qolgan. Taqqoslash uchun, standart panellar bunday sharoitda o‘z quvvatining yarmidan ko‘pini yo‘qotadi. Bunda panellarning samaradorlik darajasi 17,8 foizgacha yetib, raqobatbardoshligini saqlab qolmoqda.

Perovksitli panellar kremniyli muqobillariga nisbatan yengil va egiluvchan bo‘lib, hatto sun’iy yorug‘likda ham ishlay oladi. Bu texnologiya binolar fasadlari, derazalar, «aqlli» kiyimlar, tibbiy datchiklar va portativ elektronika kabi sohalarda keng qo‘llanilishi mumkin.

Ilgari ushbu material namlik, harorat va kislorodga o‘ta sezgir edi. Yangi ishlab chiqilgan polimerlar himoya va transport qatlami vazifasini bajarib, perovksit tuzilishini saqlab qolishga hamda uning qisman «o‘z-o‘zini tiklashiga» yordam beradi. Bu esa qurilmalarning xizmat muddatini sezilarli darajada uzaytiradi.

Ishlab chiquvchilarning fikricha, mazkur texnologiya quyosh energetikasini an’anaviy panellar doirasidan chiqarib, deyarli har qanday sirtga integratsiya qilinishi mumkin bo‘lgan bosma egiluvchan batareyalar darajasiga olib chiqishi kutilmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Texno » Rossiyalik olimlar perovksitli quyosh panellari samaradorligini oshirdi