17:36 / 20.02.2020
4 532

IMEI va har birimiz

IMEI va har birimiz
«Mening fikrim» portali — jamiyat ko‘zgusi
O‘zbekiston aholisining fuqarolik ongi oshib bormoqda — bu ajoyib va ijobiy fakt.
Misollar esa ko‘p. Ulardan biri: «Mening fikrim» saytida foydalanuvchilarning faolligi. Portalni yaratishdan asosiy maqsad ham fuqarolarning jamiyat va davlat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirish edi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 35-moddasida qayd etilganidek: «Har bir shaxs bevosita o‘zi va boshqalar bilan birgalikda vakolatli davlat organlariga, muassasalariga yoki xalq vakillariga ariza, taklif va shikoyatlar bilan murojaat qilish huquqiga ega».

Daraxtlarni kesishmi yoki avtomobildagi oynalarni tonirovka qilishmi, Namangan viloyatida piyodalar uchun ko‘prik o‘rnatishmi yoki Orolbo‘yi himoyasi muammolarimi — bugungi kundagi barcha dolzarb mavzular shu portalda mavjud. Ushbu satrlar yozilayotgan paytda portalda jami 3 285 ta jamoaviy murojaat bo‘lib, ularga 24 524 ta izoh kelib tushgandi. Odamlarimiz befarqmas. Takliflarning hammasi ham O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari tomonidan ko‘rib chiqilishi uchun yetarli 10 mingta ovoz yig‘maydi. Ammo barcha murojaatlar e’tiborga olinishi — shubhasiz haqiqat.

IMEI fenomeni
O‘tgan hafta «Mening fikrim» veb-portalidagi «Mobil qurilmalarning IMEI-kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazishni soddalashtirish haqida» taklif fenomenal tarzda tez 10 mingta ovoz yig‘di. Muallif fikriga ko‘ra, ro‘yxatdan o‘tkazishni soddalashtirish, to‘lovni esa umuman bekor qilish kerak. Chunki, muallif yozishicha, «hozirgi globallashuv davrida aholini qo‘llab-quvvatlash, ortiqcha to‘lovlarni bekor qilgan ma’qul».

Taklif keng omma tomonidan qo‘llab-quvvatlangani tushunarli. Balki avtomobil va tonirovka masalasi barchaga ham qiziqmasdir, lekin mamlakatimizda telefonlar soni avtomobillarga qaraganda o‘n barobar ko‘p.

Ta’kidlash kerakki, taklif mobil qurilmaning xalqaro identifikatori hisoblangan IMEI-kodini ro‘yxatdan o‘tkazishni bekor qilishga chaqirmayapti.

IMEI-kodining foyda va ahamiyati to‘g‘risida jamoatchilikni xabardor qilish uchun olib borilgan tushuntirish ishlari o‘z samarasini berdi. Iste’molchilar, masalan, IMEI raqamiga ko‘ra, kulrang importga qarshi kurashish va o‘g‘irlangan telefonlarni masofadan turib ham blokirovka qilish mumkinligini tushunmoqdalar.

Telefonlarni o‘g‘irlash endi befoyda
Bizda xalqaro tajribaga murojaat qilishni uncha xush ko‘rmaydilar. Har doim: «Bizni Fransiya bilan taqqoslamang?» deydigan inson topiladi, masalan. Uzoqqa bormaymiz.

Ukraina. Barcha mobil qurilmalarni majburiy IMEI ro‘yxatdan o‘tkazish 2009 yilda joriy etilgan.
Ozarbayjon. IMEI ro‘yxatga olish tizimi 2013 yil may oyida ishlay boshladi.

Qozog‘iston. IMEI-kod + SIM-karta + shaxsiy IIN sxemasi bo‘yicha qurilmalarni majburiy ro‘yxatdan o‘tkazish qoidalari 2019 yilda kuchga kirgan.
Qo‘shnilarimiz aytishmoqchi: «Qozog‘istonda uyali telefonlarni o‘g‘irlashni befoyda yumushga aylantirdik».

Turkiya. Mavzu bo‘yicha ko‘plab maqolalardan ko‘ra ziyod ma’lumot beruvchi juda qiziq bir fakt: 2006—2010 yillarda Turkiyada IMEI boshqaruv tizimi 10,5 milliard AQSH dollari miqdorida qo‘shimcha soliq daromadini olib keldi. Uyali telefonlarni o‘g‘irlash holatlari deyarli 95 foizga kamaydi.

Rossiya Federatsiyasi. Soliqdan bo‘yin tortib noqonuniy yoki hisobga olinmagan holda mobil qurilmalarni olib kirish natijasida Rossiya budjetining zarari yiliga umumiy hajmi 16,6 milliard rubl (260 million AQSH dollaridan ortiq)ni tashkil etadi.

Qarshilik. «Cui bono?» — «Bundan kimga naf?»
«Mening fikrim» veb-portalida faqat mobil qurilmalarning IMEI-kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazishni soddalashtirish va uni bepul qilish taklif etilayotgan bo‘lsa, ro‘yxatga olishni to‘liq olib tashlashni taklif qilayotgan ba’zi doiralar ham bor.

Shu o‘rinda bunday takliflar qayerdan oyoq olayotgani qiziq.
Muammoning mohiyatini tushunish uchun biz Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Shuhrat Shamsutdinov keltirgan bir nechta raqamlarga nazar tashlaymiz. Ularni diqqat bilan ko‘zdan kechiring.

2018 yil. Mamlakatimizga umumiy qiymati 1,8 million dollarga teng 13,5 ming dona telefon olib kelingan.
2019 yil. O‘n oy davomida, yanvardan-oktabrgacha 5,5 million dollarlik 80 mingta telefon olib kirilgan. Ikki oy ichida esa, ya’ni 2019 yilning noyabr-dekabr oylarida O‘zbekistonga rasman olib kirilgan mobil telefonlar soni 460,8 mingtani, qiymati esa 17,4 million dollarni tashkil etgan.
2020 yil. Bir yarim oy ichida mamlakatga umumiy qiymati 8,5 million AQSH dollariga teng 110,4 mingta mobil qurilma olib kirilgan.

Raqamlar go‘yoki 2019 yil oxiriga kelib mamlakatimizga mobil qurilmalar importi keskin o‘sganiga ishora qilayotgandek. Ammo, shunisi ham borki, 2018 yilda 13,5 mingta emas, balki 400 mingdan 500 mingtagacha telefon olib kirilgandir, buncha qurilma olib kirilmaganiga hech kim kafolat berolmaydi.

Bemalol aytish mumkinki, bozorlarimizda yuz minglab telefonlar noqonuniy ravishda sotilgan, ularning sotuvidan tushgan mablag‘lar davlat budjetini aylanib o‘tib ketgan...

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Respublikasida mobil qurilmalarni hisobga olish tizimini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroridan so‘ng, ushbu normativ hujjatda belgilangan qoidalar natijasida budjet daromadlari mobil qurilmalar importidan sezilarli darajada oshdi.

Mana statistika.
2018 yil. 5,1 milliard so‘m kelib tushdi.
2019 yil. Yanvar-oktabr. 10,3 milliard so‘m kelib tushdi.
2019 yil. Noyabr-dekabr. 27,2 milliard so‘m kelib tushdi.
2020 yil. Birinchi yarim yillikda 22,2 milliard so‘m mablag‘ kelib tushdi.

Shuncha pul panada yotgandi. Adolatsiz raqobat yo‘liga o‘tib olgan, soliqlardan bo‘yin tovlab yurganlarga bu xush kelmasligi aniq edi. Mobil qurilmalarni qonuniy ravishda olib kirib sotayotganlar uchun esa qabul qilingan qaror halol raqobat kurashida faqat yordam bermoqda.

Ko‘pmi yo oz?
Endi savol tug‘iladi: nima uchun IMEI-kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazishda jismoniy shaxslar 44 600 so‘m to‘laydilar (IMEI-kodiga bazaviy hisoblashdan 20 foiz)?
Chindan ham juda ko‘pmi? Statistikaga ko‘ra, foydalanuvchilar o‘rtacha har ikki yilda mobil telefon va smartfonlarni o‘zgartiradilar. Agar jami to‘lovni ikki yilga bo‘lsangiz, oyiga 1858 so‘mdan bo‘ladi. Telefonni har yili o‘zgartirsangiz ham oyiga 3717 so‘m.

Oyiga to‘langan 3717 so‘m qayerga ketmoqda?
Birinchi navbatda, IMEI asosida ro‘yxatga olish tizimi uchun uskunalar va texnologiyalar uchun.
Mamlakatda, ayniqsa qishloq va chekka hududlarda, sayyohlik va dam olish joylarida telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish bilan bog‘liq loyihalarni amalga oshirish uchun.

Davlat muassalarida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etishga qaratilgan loyihalarni moliyalashtirish uchun.
Ana shu xayrli ishlar uchun ajratilgan mablag‘lardan maqsadli foydalanish parlament tomonidan nazorat qilinadiki, bu ham esa ma’lumotlar shaffofligini ta’minlaydi.

«Qosh qo‘yaman deb...»
Mobil qurilmalarning IMEI-kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish mavzusi har birimiz uchun taalluqli ekanini ayni masala atrofidagi qizg‘in bahs-munozaralar ham tasdiqlaydi. Muhokamaga qo‘yilgan taklifni sanoqli kunlar ichida 74 mingdan ortiq inson o‘qidi, 400 dan ziyod fikrlar qoldirildi.

Faqat ana shu ro‘yxatga olish narxi, jarayonni osonlashtirish borasidagi bahslarda «qosh qo‘yaman deb ko‘z chiqarib qo‘ymaslik», «kulrang bozor» tarafdorlariga yutqazib qo‘ymaslik muhimligini unutmasligimiz lozim.

IMEI-kodlarni ro‘yxatga olish hayotiyligini va foydaliligini ko‘rsata oldi.
U milliardlab noqonuniy moliyaviy oqimlarni yopib, budjetga qaytarish orqali biz, fuqarolar turmushining farovonligiga xizmat qiladi.

Manba: Xabar.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Texno » IMEI va har birimiz