
Kuz kelib, havo harorati pasaygach, odamlarda immunitet sustlashib, shamollashga moyillik ortadi. Grippdan soʻng organizmning tiklanishi uchun kamida 7-10 kun muddat kerakligi haqida Milliy tibbiyot markazi terapevti, oliy toifali shifokor Akmal Abduxalilov oʻz fikr-mulohazalari bilan oʻrtoqlashdi.

— Grippga xos belgilar barchamizga yaxshi ma'lum. Biroq isitma me'yorlashib, yoʻtal va burun oqishi toʻxtagach, koʻpchilik kasallikdan toʻliq tuzaldim, deb oʻylaydi. Bu — yanglish xulosa.
Vaholanki, xastalikning oʻtkir bosqichidan soʻng jismoniy va ruhiy toliqqan, suvsizlangan hamda koʻp quvvat yoʻqotgan organizmning tiklanish davri boshlanadi. Bu vaqtda tanada holsizlik, charchoq va zaiflik kuzatiladi.
Oʻrganishlarga koʻra, grippning engil shaklida organizm taxminan etti-oʻn kun ichida tiklanadi. Kasallikning oʻrta ogʻir bosqichida bu muddat oʻn-oʻn toʻrt, ba'zan 21 kungacha choʻziladi. Grippning ogʻir shaklini toʻliq engib, quvvatga kirish uchun esa uch oy vaqt kerak.
Bu hammada har xil kechadi. Tiklanish muddati bemorning kasallik boshlanishidan avvalgi immuniteti holatiga bogʻliq. Chunki virus surunkali xastaliklarni qoʻzgʻatib yuborishi mumkin.
Qolaversa, gripp asoratlari nafaqat otit va sinusit, balki virusli pnevmoniya, meningit, yurak ishemik kasalliklari, bronxial astma va surunkali bronxitni ham keltirib chiqarishi ehtimoli mavjud.
Bu viruslarga qarshi kurashdan soʻng immunitet zaiflashib, ichki a'zolar faoliyati buzilishi bilan izohlanadi. Shuningdek, xastalik chogʻida infektsiyalar tufayli asab tizimi zararlanadi. Oqibatda bemor toʻliq oyoqqa turganidan keyin ham toksinlarning miyaga ta'siri uzoq davom etadi.
Shu bois, bemor holsizlik, jizzakilik, bosh ogʻrigʻi, uyqu buzilishi, xotira susayishi va ish qobiliyati pasayishidan aziyat chekadi.
Oʻz navbatida, muolaja jarayonida foydalanilgan dori-darmonlarning jigar, buyrak va ovqat hazm qilish tizimiga ayrim nojoʻya ta'sirlari sezilishi mumkin.
Shu bois grippdan tuzalgan bemorlardan quyidagilar talab etiladi:
- jismoniy faollik va stressdan saqlanish;
- immunitetni mustahkamlash;
- toʻgʻri ovqatlanish;
- vitamin terapiyasi;
- ichak mikroflorasini tiklashga qaratilgan dori-darmon muolajaci;
- massaj va fizioterapiya mashqlari.
Milliy tibbiyot markazi Matbuot xizmati
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar