
O‘zbekistonlik fuqarolar endi Yaponiyada qurilish yo‘nalishida faoliyat yuritish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Migratsiya agentligining ma’lum qilishicha, yurtimiz fuqarolari bepul o‘quv kurslarida tahsil olib, Yaponiya ish bozoriga yo‘naltiriladi.
May oyida Migratsiya agentligi rahbariyati Yaponiyada bo‘lib, Proud Partners kompaniyasi bilan hamkorlikda haydovchilar va qurilish sohasi mutaxassislarini tayyorlash bo‘yicha kelishuvga erishgan edi. Sentyabr oyida ushbu loyiha Toshkentda rasmiy ravishda ochildi.
Kuni kecha B–C toifali haydovchilik guvohnomasiga ega 200 dan ortiq nomzod uchun tanlov o‘tkazildi.
Qurilish yo‘nalishida esa 700 nafar nomzod uchun 15-dekabrdan boshlab onlayn saralash jarayonlari boshlanadi.
Tanlovdan o‘tganlar Angren shahridagi Migratsiya agentligiga qarashli 2-son texnikumda 6–8 oylik bepul o‘quv kurslarida qatnashadi. Ularga o‘qish davomida bepul yotoqxona ham taqdim etiladi. Kurslarni muvaffaqiyatli tugatganlar Yaponiya qurilish kompaniyalarida ish boshlaydi.
Tanlov natijalari va o‘qish sanalari 20-dekabr kuni e’lon qilinadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.