Ko‘pchilik tuzni faqat ovqatga mazza berish uchun qo‘llanadigan oddiy ziravor deb o‘ylaydi. Ammo haqiqatda, uning asosiy qismi inson tanasiga oshxonaning o‘zida emas, balki tayyor mahsulotlar – kolbasa, sosiska, chips, konserva va non orqali kirib boradi. Shu sababli ko‘pchilik o‘z bilmagan holda me’yoridan ikki yoki uch baravar ko‘p tuz iste’mol qiladi. Tuz organizm uchun zarur modda bo‘lsa-da, uning ortiqcha miqdori qon hajmini oshirib, yurak va tomirlarga ortiqcha bosim beradi. Bu esa arterial gipertenziya, insult va yurak xuruji xavfini bir necha barobar oshiradi.
JSST tavsiyasi va dunyo statistikasi
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti kattalar uchun kunlik tuz iste’molini 5 gramm (bir choy qoshiq)dan oshirmaslikni tavsiya qiladi. Biroq statistika shundan darak beradiki, aksariyat hollarda bu me’yor ikki, hatto uch barobar oshiriladi. Masalan, jahon miqyosida o‘rtacha kunlik natriy iste’moli 4310 mgni tashkil qiladi, bu esa taxminan 10,78 gramm tuzga teng — tavsiyadan ancha yuqori.
Yashirin tuz manbalari
Ko‘pchilik tuz miqdorini faqat ovqatda qo‘shgani bilan hisoblaydi. Aslida esa uning katta qismi quyidagi mahsulotlar orqali qabul qilinadi:
-
kolbasa va sosiska turlari;
-
turli konservalar;
-
chips, tuzli yong‘oqlar;
-
non va non mahsulotlari.
Ulardagi tuz miqdori ko‘pincha belgilangan me’yordan ancha yuqori bo‘ladi.
Ortiqcha tuz iste’molining asosiy zararlar
1. Qon bosimi oshishi
Natriy organizmda suvni ushlab qoladi, qon hajmini ko‘paytirib, tomirlarga bosimni oshiradi. Bu arterial gipertenziyaga olib kelib, keyinchalik insult, yurak xuruji va buyrak yetishmovchiligi xavfini bir necha barobar oshiradi. Tuz iste’molini 1 grammga kamaytirish ham qon bosimini tushirishga yordam beradi.
2. Buyraklarga ortiqcha yuklama
Ortiqcha natriyni chiqarish uchun buyraklar doimiy zo‘riqish holatida ishlaydi. Bu holat uzoq davom etsa, surunkali buyrak kasalliklari rivojlanishi mumkin. Shuningdek, natriyning ko‘pligi siydikda kalsiy miqdorini oshirib, buyrak toshlari xavfini kuchaytiradi.
3. Suyak va mushaklar zaiflashuvi
Ortiqcha tuz suyak to‘qimalaridan kalsiyni “yuvib chiqaradi”, bu osteoporozga olib keladi. Ayniqsa, menopauzadagi ayollar va qariyalar uchun xavf yuqori. Mushaklarda ham kuchsizlanish va spazmlar paydo bo‘lishi mumkin.
4. Oshqozon saratoni
Yuqori konsentratsiyadagi natriy oshqozon shilliq qavatini shikastlab, Helicobacter pylori bakteriyasining faolligini oshiradi. Bu bakteriya oshqozon yarasi va saratoniga olib kelishi mumkin.
5. Miya faoliyatining buzilishi
Ortiqcha natriy qon bosimini oshirib, qon tomirlar elastikligini kamaytiradi. Natijada miyaga kislorod va oziqa moddalarning yetib borishi cheklanadi, xotira, diqqat va fikrlash qobiliyati pasayadi. Ilmiy izlanishlar ortiq tuz iste’moli demensiya va Altsgeymer xavfini ham oshirishini ko‘rsatgan.
Me’yorda tuz iste’mol qilish uchun tavsiyalar:
-
Tayyor mahsulotlar yorliqlarini o‘qib, tuz miqdoriga e’tibor qarating;
-
Tuz o‘rniga ziravor va ko‘katlardan ko‘proq foydalaning;
-
Yarim tayyor va qayta ishlangan mahsulotlarni kamaytiradigan odatlar shakllantiring.
Ortiqcha tuz iste’molini cheklash orqali siz yurak, buyrak, suyak va miya salomatligini asrab, kelajakdagi ko‘plab kasalliklarning oldini olishingiz mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!