Dunyodagi eng yaxshi universitetlar reytingi e’lon qilindi

Jahon universitetlari reytingi markazi (CWUR) o‘zining 2026 yil uchun mo‘ljallangan dunyoning eng ilg‘or oliy ta’lim muassasalari ro‘yxatini jamoatchilikka taqdim etdi. Mazkur nufuzli hisobot doirasida yer yuzining qariyb 100 ta davlatidan 21 mingdan ziyod universitet faoliyati atroflicha o‘rganilib, ular orasidan eng sara 2 mingtasi tanlab olindi. Ming afsuski, bu yilgi global "Top-2000" tarkibidan O‘zbekistonning birorta ham oliy o‘quv yurti joy ololmadi.
CWUR reytingining o‘ziga xos jihati shundaki, unda turli subyektiv so‘rovnomalar yoki oliygohlarning o‘zlari taqdim etgan shubhali hisobotlarga umuman tayanilmaydi. Butun jarayon faqatgina quyidagi real va shaffof mezonlarga asoslanadi:
Ta’lim sifati (25%): Talabalarning bilim olish darajasi va sharoitlari.
Bitiruvchilarga bo‘lgan talab (25%): Talabalarning mehnat bozorida o‘z o‘rnini topishi va karyera yutuqlari.
Professor-o‘qituvchilar tarkibi sifati (10%): Ilmiy xodimlarning xalqaro miqyosdagi nufuzi.
Tadqiqot faoliyati (40%): Millionlab ilmiy nashrlar, maqolalar va ularga berilgan iqtiboslar hajmi.
Reyting tahlillariga ko‘ra, dunyo oliy ta’limida hamon AQSH mutlaq yetakchilikni qo‘ldan bermay kelmoqda. Biroq Buyuk Britaniya, Yaponiya, Kanada, Fransiya va Xitoy kabi davlatlar ham yuqori o‘rinlarda faol raqobat namoyish etgan. Mazkur reytingning eng kuchli o‘ntaligidan joy olgan ta’lim dargohlari bilan tanishing:
Harvard universiteti (AQSH)
Massachusets texnologiya instituti (MIT) (AQSH)
Stenford universiteti (AQSH)
Kembrij universiteti (Buyuk Britaniya)
Oksford universiteti (Buyuk Britaniya)
Prinston universiteti (AQSH)
Pensilvaniya universiteti (AQSH)
Kolumbiya universiteti (AQSH)
Yeyl universiteti (AQSH)
Chikago universiteti (AQSH)
Xo‘sh, yurtimiz oliygohlari nega bu ro‘yxatdan chetda qoldi? Tahlillarga ko‘ra, mahalliy oliy ta’lim muassasalarimiz xalqaro miqyosdagi ilmiy tadqiqotlar hajmi, nufuzli jurnallardagi iqtiboslar soni, professorlar tarkibining sifati va bitiruvchilarning dunyo bozoridagi karyera yutuqlari kabi eng asosiy talablar bo‘yicha hali yetarlicha natija ko‘rsata olmagan.
Ushbu natija yurtimiz ta’lim tizimi oldida global mehnat bozori va ilm-fan dunyosi bilan hamnafas bo‘lish uchun hali qilinishi kerak bo‘lgan ishlar talaygina ekanini ko‘rsatib turibdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!