08:02 / 24.09.2018
7 714

Chin erkaklar qanday tarbiyalanadi?

Chin erkaklar qanday tarbiyalanadi?
Haqiqiy erkak kim? Bu soʻz qanday insonga nisbatan aytiladi?

Baʼzilar haqiqiy erkak deganda, choʻntagi pulga toʻla, tagida gijinglagan mashinasi bor insonni tushunsa, ayrimlar arslon kelbatli, bir zarb bilan oʻn yigitni qulata oladigan polvonni tushunadi.

Menimcha, erkak kishining yuqoridagi sifatlar bilan birgalikda, avvalo, qalbi pok va toza, yuragi baquvvat boʻlishi kerak. Yoshi ulugʻlarimiz “El koriga yaraydigan bek yigitlar tugʻilsin”, deya duo qiladi. Ammo hech kim dunyoga chin erkak boʻlib kelmaydi. Balki, unda oiladagi muhit, atrofidagi insonlar va jamiyat taʼsirida salbiy yo ijobiy sifatlar shakllanib boradi.

Hayotimizga nazar tashlaylik: mashhur insonlarning aksariyati avval-boshdan oiladagi muhit taʼsirida shakllangan. Masalan, shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning onasi u zot chaqaloqlik paytida hech qachon betahorat emizmagan, hamisha siz deb murojaat qilgan ekan. Oilada ota ham, ona ham ilmga oʻta mehr qoʻygani bois farzandlarining ham ziyoli boʻlib voyaga yetishishi uchun chiroyli taʼlim-tarbiya bilan siylagan ekan.

Bir mulohaza meni doim qiynaydi.

Er yigit hech qachon ayolini oʻzgalar qoʻliga qaratib qoʻymaydi. Oilasidan voz kechmaydi, moddiy-maʼnaviy boʻshliqni toʻldirishni oʻz burchi, deb biladi. Vataniga, qasamiga, doʻstlariga sodiq, xalqi xizmatida boʻlishni oʻzi uchun sharaf deb hisoblaydi. Aniqrogʻi, biz shunday oʻylaymiz. Lekin…

Axir, oʻzingiz ayting: urush yillarida xalqimiz er yigitlari front ortida qolishni oʻzi uchun or deb bilgan. Vataniga qarshi tish qayragan har bir dushman bilan yuzma-yuz boʻlishni xohlagan.

Xoʻsh, bugungi er yigitlarimiz-chi? Hozir armiyaga borayotgan yigitlar orasida faqat harbiy xizmat oʻtash uchun emas, balki shaxsiy manfaatini koʻzlab otlanayotganlari ham yoʻq emasmi?

Ayni zamonda hammani tashvishga solayotgan holat — ajrimlarning koʻpayib borayotgani ham ana shu “bek”larimiz beklik qila olmayotganidan emasmikan? Chin erkak degani nafs qutqusi, mol-dunyo vasvasasi, birovlarga moddiy va maʼnaviy qaramlikdan oʻzini xalos eta olish emasmikan? Qandaydir sarpo-suruqlarning kuyov onasiga maʼqul boʻlmagani sabab buzilayotgan oilalar kammi? Aslida bunday holat har bir yigit kishi uchun or, uyat boʻlishi kerakmasmi?

Abdulla Avloniyning “Tarbiya biz uchun yo hayot, yo mamot, yo najot, yo halokat, yo saodat, yo falokat masalasidir”, degan haqli hikmatlarini yodga oling. Bugun koʻplab oilalarda mol-dunyo ortidan quvish, insonlarni mavqei, davlatiga qarab baho berish, imkon qadar amaldor va biror yumushda foydasi tegib qolar, degan fikrda ular bilan doʻstlashishni tarbiyaning asosiy omili sifatida koʻrayotganlar talaygina. Shu kabi oilalarda voyaga yetayotgan yigitchalardan beklik kutib boʻladimi?

Men bir oilani bilaman. Bolaligimda bu xonadonda juda koʻp janjal boʻlardi. Elas-elas boʻlsa-da, haliyam xotirlayman: xotin erning xiyonatini bilib qolgan kuni qiyomat qoyim koʻtargan. Soʻng er ichib kelib, bolalari va ayolini koʻchaga quvib, toʻpolon koʻtarishni odat qildi. Oradan yillar oʻtib, oʻsha qoʻshni katta oʻgʻlini uylantirdi. Bir kuni qoʻshni kelinchak bilan gaplashib qoldik. Ich-ichidan ezilib hayotini soʻzlab berdi. Afsuski, kuyovbola ham xiyonatkor otaning izidan boribdi.

Bu gapdan oʻsha qoʻshni xonadonda ayolning na ona va na rafiqa sifatida oʻrni yoʻqligini tushundim. Afsuski, qush uyasida koʻrganini qiladi degan gap haq boʻlib chiqdi. Ammo shunga oʻxshash, ehtimol, battar muhitda voyaga yetgan boʻlsa-da, qoʻni-qoʻshni, yoshi ulugʻlar munosabatidan oʻziga toʻgʻri xulosa chiqarib, oilasiga sadoqat bilan baxtli yashayotganlar ham kam emas. Bunda asosan onaning farzandga berayotgan tarbiyasi muhim ahamiyatga ega.

Oʻzbekning feʼli qiziq-da: qay bir oilada oʻgʻil farzand dunyoga kelsa, ona qahramonga aylantirib yuboriladi. Ammo oʻn oʻgʻilni dunyoga keltirib, aqalli bittasining tarbiyasini toʻgʻri berolmaydiganlar qancha…

Shunday ekan, oʻgʻil tuqqan emas, uni haqiqiy bek qilib tarbiyalay olgan ayolgina qahramondir.
Mehriniso IKROM qizi.

Manba: “Oila davrasida”

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Salomatlik » Chin erkaklar qanday tarbiyalanadi?