10:32 / 17.01.2017
13 546

Eski masalga yangicha nigoh: bo‘ri bilan qo‘zichoq

Eski masalga yangicha nigoh: bo‘ri bilan qo‘zichoq

Qahraton qish oqshomlaridan birida qahva ichib televizor ko‘rib o‘tirgan Qo‘zichoqni darvozaning asabiy taraqlashi bezovta qilibdi. U xavotir bilan tez-tez yurib borib darvozani ocharkan, shundoq ostonada turgan Bo‘ri salom-aliksiz, takallufsiz hovliqqanicha ichkariga kirib olibdi. U Qo‘zichoqning shinamgina xonasini obdon ko‘zdan kechiribdi, ko‘nglini xasad o‘ti yoqayotgani esa olovlangan ko‘zlaridan shundoqqina sezilib turarkan.

- Xo‘sh, Qo‘zi Qo‘chqorovich, - debdi Bo‘ri alamzadalik bilan, - olamda nima gaplar?

- Olamda tinchlik, hayot go‘zal! – deb javob beribdi iloji boricha o‘zini xotirjam tutishga urinayotgan Qo‘zichoq.

- Shu go‘zallikdan biz ham bahramand bo‘lishimiz mumkinmi?

- Albatta...

- Buning uchun sendan nima talab qilinishini bilsang kerak-a?

- Bo‘lmasam-chi, axir ota-bobom sizga uchragandan keyin ahvoli ne kechgani menga juft tuyog‘imday ayon-ku! Gapni aylantirmay, ochiq muddaoga o‘tganingizdan xursandman. Chunki, baribir, men siz aytadigan gunohlarning hech qaysinisini sodir etmaganman. Faqat sizning qorningiz och. Va shu mahalda aynan mening ostonamga duch kelib qoldingiz. Men qismatimga roziman. Lekin, agar xafa bo‘lmasangiz, sizdan bir narsani iltimos qilmoqchiman...

- Tila tilagingni. Umr so‘ngidagi har qanday istak inobatga olinadi. Boz ustiga, o‘zing shunday yuvoshlik bilan rozi bo‘lib turganingda.

- Iltimosim shuki, meni eyishdan oldin tishlaringizni yaxshilab yuvib olsangiz. Adashmasam, tishlaringiz kasallangan, shekilli, og‘zingizdan bir oz yoqimsiz hid anqiyapti. Aslida buning menga unchalik ahamiyati yo‘q-ku, biroq meni endi yamlamoqchi bo‘lganingizda ko‘nglim behuzur bo‘lib, ishtahangizni bo‘g‘ib qo‘yamanmi, deb qo‘rqaman.

- Oh-oh, kallangga qoyil! To‘g‘ri aytasan, anchadan beri kariesdan azob chekaman, milklarim ham kasallangan.

- Unda men sizga “O‘rmon balzami” pastasini tavsiya qilaman. Yuring, sizga yuvinish xonasini ko‘rsatay.

Bo‘ri bilan Qo‘zichoq yuvinish xonasiga kirishibdi. Qo‘zichoq o‘zi aytgan shifobaxsh pastasini beribdi. Bo‘ri tishlarini xafsala va ishtiyoq bilan uzoq yuvibdi. Natijada uning tishlari sadafdek yarqirab, xanjardek tig‘dor bo‘lib ketibdi. Buni ko‘rgan Qo‘zichoq hayratini yashira olmabdi.

- Qarang-a, tishlaringiz shu qadar ko‘rkam ekanki, har qanday jonivor unda o‘zini ko‘ra oladi-ya!

- Nima, sen mening palagim toza ekanligini bilmaysanmi?

- Bilganda qandoq! Qadimiy adabiyotlarda ajdodlaringiz kuch-qudrat va ko‘rkamlik ramzi sifatida tilga olingan. Biroq hozir sizning noyob tuklaringizga g‘ubor qo‘ngan ko‘rinadi. Shu narsa salobatingizga sal soya solib turibdi-da. Agar vannada cho‘milib olsangiz, tuqqan onangiz ham tanimay qolsa kerak.

- Qani, iliq suvingdan quy-chi, bir cho‘milsam, cho‘milibman-da!

Qo‘zichoq Bo‘rining yunglariga “Palmoliv” shampunini surtib, yaxshilab ko‘piklatib yuvib qo‘yibdi. Iliq suv, xushbo‘y hid va Qo‘zichoqning takallufi Bo‘rining kayfini chog‘ qilibdi. U momiqdek sochiqqa artina turib, ko‘zgudagi aksidan ko‘z uza olmay qolibdi.

- Bo‘rivoy aka, xayol surib qoldingizmi? – deb so‘z qotibdi unga Qo‘zichoq.

- Ha, endi tishlarim haqida o‘ylayapman. Shunday ajoyib tishlarimni sening qoning bilan bulg‘ashim o‘zimga sira ham yoqmayapti. Lekin qorinni chiroyli tishlar bilan aldab bo‘lmaydi.

- Qayg‘urmang, agar rozi bo‘lsangiz, men sizga “Rolton” sho‘rvasidan tayyorlab beraman. Uni ichib rohatlanasiz.

- Taklifing chakki emas. Mayli, “Rolton”ning ham tuzini ko‘raylik.

Qo‘zichoq chaqqonlik bilan sho‘rva tayyorlabdi. Hatto sho‘rvaga yog‘li patir to‘g‘rab beribdi. Uni ichgan Bo‘ri chindan ham maza qilibdi.

- Harholda, sening xom-xatala etingdan yoqimliroq ekan, - debdi Qo‘zichoqqa rag‘bat ma’nosida.

- Ana endi, bemalol “Orbit” saqichlaridan chaynasangiz bo‘ladi. Unutmang, faqat “Orbit”! Tag‘in “Fresh-mresh”, “Kango-pango”sidan chaynab yurmang! Sizga aynan shu yarashadi! – deya lutf qilibdi Qo‘zichoq.

Ular anchagacha gangir-gungur qilib suhbatlashib o‘tirishibdi. Bir mahal Bo‘ri o‘rnidan qo‘zg‘olibdi. U ketar oldidan Qo‘zichoqqa shunday debdi:

- Sen mening qornimni to‘yg‘azding, ko‘nglimni olding. Shuning uchun seni emayman. Etti pushtingga omonlik beraman. Lekin, shartim shuki, har gal uyingga kelganimda mehmonnavozligingni kanda qilmaysan. Tushunarlimi?

-Tushundim, Bo‘rivoy aka, tushunmay o‘libmanmi! Shafqatingizni darig‘ tutmaganingiz uchun umrim boricha sizdan qarzdorman. Agar bir enlik muguzchamdan kechsangiz, sizdan bir o‘tinchim bor edi ...

- Gapir!

- Shu... Shu...

- Chaynalma!

- Shu... Meni avf etganingiz, etti pushtimga omonlik berganingizni xatga tushirib qo‘ysak, muborak imzongizni qo‘yib tasdiqlab bersangiz...

- O‘lguday ayyorsan-da, Qo‘zicha! Yozaqol.

Qo‘zichoq bir zumda omonlik hujjatini tayyorlab Bo‘riga tutibdi. Bo‘rining xat-savodi yo‘q ekan, biroq u Qo‘zining oldida past ketgisi kelmabdi-da, imzo chekiladigan joyga arrasimon tish rasmini chizib qo‘yibdi.

- O, chinakam san’atkorona imzo! – deya xitob qilibdi Qo‘zichoq.

Uning maqtovi Bo‘riga moyday yoqib iljayib qo‘yibdi va kibr bilan tashqariga yo‘nalibdi. Qo‘zichoq uni tavoze bilan kuzatib qolibdi. Uyiga qaytib kirib o‘zini kresloga tashlagan Qo‘zichoq omonlik xatiga mamnun ko‘z tikar ekan, uning bir nusxasini Go‘shtxo‘rlar Guruhiga jo‘natib yuborishni ko‘ngliga tugibdi.

Qissadan hissa shuki, tadbirli Qo‘zichoq nafaqat o‘z joni, balki avlodlarining xavfsizligini ham ta’min eta oladi.

Ojiz va notavon qo‘zichoqlarning tarixda qolgani rost bo‘lsin!

Guli MUROD

Manba: Vodiymedia.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Eski masalga yangicha nigoh: bo‘ri bilan qo‘zichoq