11:20 / 11.10.2018
6 531

Imomning maniken qizi (11-qism)

Imomning maniken qizi (11-qism)
Fotima ishiga borib kelar edi-yu, ammo toʻgʻri yoʻlni xohlayotgan Fotima bilan Islomning izn bergan yoʻlidan borishni istamagan Fotima orasida tinimsiz kurash borar edi.

Oradan oylar oʻtgan boʻlsa ham, u bu hayotga qismangina koʻnikkan edi. Chunki yon-atrofida sodir boʻlayotgan voqealarni hazm qila ololmadi. Uylariga erkaklar kelib, qizlar bilan maishat qilishar, ichkilik ichishar edi.

Fotima Layloga giyohvand moddadan qutulishi uchun qoʻlidan kelgan yordamini koʻrsatayotgan, ishlayotgan joyidan ham mamnun edi. Nihoyat undan boshqa niyatlarda foydalanishni maqsad qilib olmagan joyni topgan edi. Bir kuni kechasi Laylo va Nejlaning yigitlari ikki erkak bilan kelgan edilar. Yana dasturxon tuzalib, albatta, ichkilik qoʻyilgan edi.

Bu holat Fotimaga xush kelmasa ham ularning yonida oʻtirar, qaxqaxalari bilan ularga qoʻshilar edi.

Nejlaning yigiti Fikri oʻrtogʻiga Fotimani koʻrsatib dedi:

– Qara Turon, mana bu qiz senga mos ekan, Najmiga esa Bonu. Bugun bir koʻngilxushlik qilaylik.

Fotimaga bu gap boshiga gurzi bilan urganday qattiq taʼsir qildi. Qizlar ham buni darrov payqab, unga qarashdi.

Fotima gʻazab bilan oʻrnidan sakrab turib ketdi va ularga baqira boshladi:

– Bu nima deganing? Biz nima senga anavinaqa boʻlib koʻrinyapmizmi? Bu yerdan qoranglarni oʻchiringlar, yoʻqolinglar... Tarbiyasiz, uyatsiz, pastkashlar... Sizlar har qanday ayolga koʻngilxushlik nazari bilan qaraysizlarmi? Har qanday ayolning oʻziga yarasha or-nomusi boʻladi. Buni bilmaysizlarmi?

– Nima deb aljirayapti bu? Sizlar biror narsa tushundinglarmi? Kechgacha hammaning koʻz oʻngida oyogʻini sonigacha ochib yurib, xayolini oʻgʻirlaydi-yu, nomusdan gapirganiga oʻlaymi? Manikenlarning ham nomuslisi boʻlarmishmi?

Bu gap Nejlaga ham ogʻir botdi.

– Bu nima deganing, Fikri? Biz nomussizmizmi?

Fikri esa bu savolni eshitib yanayam hayratlandi:

– Senmi? Sen-a Nejla? Sen ham nomuslimisan?

– Albatta nomusliman, biror marta ham pulni deb erkak kishi bilan boʻlmaganman.

– Yaʼni tekinidansan. Yiliga oʻn marta erkak almashtirmasangiz koʻnglingiz joyiga tushmaydi-yu, yana nomusliman deysiz. Nomus nima ekanligini bilmaysizmi yoki unutib yubordingizmi?

Bu gal Laylo asabiylashib ketdi:

– Biz toʻgʻri kelgan erkak bilan ketaveradiganlardan emasmiz. Oʻrtoqlarimni ham meni ham xaqorat qilyapsan, bu gaping menga hecham yoqmadi.

Fikri battar qaysarlashib xaqorat qilishda davom etaverdi:

– Nima seni bilmasmidim. Anavini otib olgan kuningdayoq uyimga oʻz oyoqlaring bilan kelgansan, meniki boʻlgansan. Oʻshanda ismimni ham bilmas eding-ku.

Laylo Fikriga nafrat koʻzlari bilan qarab baqira ketdi:

– Nomussiz! Oʻzing, axir oʻzing ichirgan eding-ku. Men nima qilayotganimni bilmas edim. Oʻsha zaxarga oʻrgatib olguningcha menga doim tarbiyali, yaxshi qiz ekanligimni aytarding. Endi nimalar deyapsan? Oʻzing-ku, mendan foydalanib qancha pul topding, meni ham oʻrgatib olding. Endi esa meni rasman nomussiz deb eʼlon qilyapsan. Men sen bilan boʻlganimda fohishamishmanu, sen men bilan boʻlganingda oʻshanaqaning erkagi boʻlmaysanmi? Meni xaqorat qilib oʻzingni oppoq koʻrsatmoqchimisan? Darxol bu uydan chiqib ket, boʻlmasa seni nimta-nimta qilib tashlayman.

Hamma baravariga allanimalar der va kim nima deyotganini tushunib boʻlmas edi. Laylo oʻzini yoʻqotib qoʻygan, baqirib-baqirib yigʻlay boshladi:

– Bu muhitdan nafratlanaman, nafratlanaman. Na sevgilingga ishonib boʻladi, na doʻstingga. Men bu gaplarni eshitish uchun maniken boʻlmagan edim. Men podiumlarga erkaklarning koʻzini oʻynatish uchun chiqmagan edim. Jin ursin hammasini... Bizni siz kabi pastkashlarning quchogʻiga otdilar.

Erkaklar oʻrinlaridan turib eshik tomon yoʻl olishganda ham Fikri haliyam baqirar edi:

– Sharmanda...Fohishalar...

Laylo ham bor ovozi bilan qichqirar edi:

– Oʻzlaringiz bizdan ham battarsizlar. Erkak fohishalar, nomussizlar. Bu uyga yana qadam bosadigan boʻlsalaring oʻldim deyaveringlar.

Fotima derazaning oldiga kelib, alamidan yigʻlar edi. Uyning ichida jimjitlik hukm surar, hamma xayolga choʻmib qolgan edi.

Laylo faryod ura boshladi:

– Men intilgan, xohlagan hayot shumidi? Alloh jazosini bersin... Nega hamma azobni biz tortamiz.

– Uf-uf. Yetar-yetar. Manikenlar deganda fohishalarni koʻz oldimizga keltiradigan boʻlib qolganmiz. Kimdir bunga nihoya yasashi kerak.

Fotima esa otasining soʻzlarini esladi:

“Bolajonim, ular qizlarimizni erkaklarga yalangʻoch koʻrsatish uchun ich kiyimning nomini oʻzgartirib, suzish kiyimi, moda deb sahnaga chiqara boshlashdi. Bu narsalarga shunchalik koʻnikib ketishdiki, avvallari boldirlarini koʻchada ochib yura olmagan qizlarimiz, endi juri qarshisida bemalol yechinadigan holga kelishdi. Yoshlik shunaqa boʻladi deb, goʻzallik tanlovlari ham uyushtirildi. Hammasi koʻzlarimizni oʻrgatib olish uchun edi. Asosiy masala Islomning amri hijob kiyishga qarshi boʻlgan avlod yetishtirish edi. Murodlariga ham yetishdi. Endi esa musobaqalar pul uchun uyushtirilyapti”.

Soʻngra xayol dunyosidan chiqib Layloga oʻgirildi:

– Laylo judayam asabiylashding, yur xohlasang toza havoda aylanib kelamiz.

Laylo esa unga qarab alamini undan oladiganday baqirib:

– Qaysi havo, qanaqa tashqari, nima ular koʻchada yurishmaydimi? Suyuqoyoqlar bilan toʻlaga oʻxshaydi-a hammayoq. Lekin erkaklar kammi? Nega faqat bizniki koʻrinadi?

Fotima hayratlanib soʻradi:

– Nima? Sen oʻshanaqamisan?

– Ha, aytdim-da. Fikriga oʻxshagan pastkashlarga biz... Shirin soʻzlari bilan boshimizni aylantirib olishadi-da, oʻyinchoq qilishadi. Keyin esa axloqsizga chiqarib xaqorat qilishlari xiqildogʻimga keldi. Juda tubanlashib ketdim, buni miyamga singdira olmayapman, Demet. Tashqaridan olib qaraganda bular juda chiroyli, jozibador boʻlib koʻrinadi. Lekin Ey Allohim, qanchalar tuban, zulmat olam emish. Yosh qizlar bularni bilib qoʻyishlari kerak... Nimadir qilib bu yerning naqadar chirkin yer ekanligini tushuntirishimiz kerak.

Bonu ham ularning suhbatiga qoʻshilib:

– Juda toʻgʻri gapni aytding, Laylo. Men ham xuddi shunday aldanib qoldim. Bu iflos hayotni bizga bezatib, jimjimador qilib koʻrsatishdi. Lekin ularning dardlarini, yolgʻiz ekanliklarini, kimsasiz bir burchakda oʻlim topishlari haqida aytishmadi. Shuning uchun xaq gapni aytding, dedim. Bizga imkon berishsa-ku, televizorlarda chiqib gapirsak. Yoshlarga chekayotgan azoblarimizni gapirib bersak. Ayniqsa, men boshimdan oʻtganlarni gapirsam, dunyo joyidan qoʻzgʻab, hech bir erkak ayol boʻlishni istamasdi.

Fotima yana otasining soʻzlarini yodga oldi:

“Bolam, Xaqiqiy hayot televizordagiday emas. Sen koʻrayotgan artistu, manikenlarning hayotini baxtli, jilvakor deb oʻylama. Ular aslida yolgʻiz qolgan, doʻstlari boʻlmagan insonlardir. Baxtsiz insonlardir. Ishongan hech kimlari yoʻq. ”

Oʻsha paytda u otasining aytgan har bir soʻzini jonli tarzda yonginasida koʻrayotgan edi.

Laylo hech oʻziga kela olmayotgan, Nejla ham tinchlana olmayotgan edi:

– Bundan keyin qarshimdan chiqqan har bir erkakdan oʻchimni olaman. Ular bilan maishat qilib, keyin tarsaki tortib ketaman.

Bonu bu gapga qaxqaxa otib javob berdi:

– Noniga saryogʻ surib, yana ularning foydasiga ishlayman, yana ularning koʻnglini xushlayman, degin. Tovuq miya, shunaqayam oʻch olinadimi?

– Bonu, ovozingni oʻchir. Jahlimni chiqaryapsan.

Fotima ham Bonuning gaplarini tasdiqladi:

– Bonuning gaplarida jon bor. Oʻch olaman deyapsan-ku, lekin aslida bularning hammasi ularning foydasiga hal boʻlyapti.

Shu tarzda gap gapga ulanib ketaverdi.

Ertasiga bu gaplardan asar ham qolmagan, mavzu yana moda, kim nima qilgani, koʻrgan bilganlari boʻldi. Fotima esa tinmay kitob oʻqir, baʼzan ularning oldiga kelib oʻtirar edi.

Nejla qoʻlidagi gazetani koʻrsatib, ularga xushxabari borligini eʼlon qildi:

– Qizlar koʻrdinglarmi? Gunesh gazetasi Turkiya goʻzali tanlovini eʼlon qilyapti, oʻzimizni sinab koʻrmaymizmi?

Laylo gazetani qoʻliga olib oʻqiy boshladi:

– Xoʻsh, yaxshi musobaqaga oʻxshaydi, koʻpgina taniqli manikenlarni shular tanlagan ekanlar, qatnashamizmi?

Bonu ham ularni qoʻlladi:

– Qatnashinglar, omadingizni sinab koʻringlar. Toʻgʻrisini aytsam, meniyam qabul qilishganida qatnashgan boʻlar edim.

Fotima esa miq etmas edi. Bu holatni Nejla payqadi:

– Demet, sen nega indamay oʻtiribsan?

– Bilmadim, kayfiyatim yoʻq, charchadim. Bugun ishxonada qancha kiyim boʻlsa hammasini menga kiydirib koʻrishdi. Kiyib-yechib, kiyib-yechib holdan toydim. Gaplashaveringlar, sizlarni eshityapman.

– Mayli-ku, qatnashaylikmi, yoʻqmi? Biror nima degin.

– Meni aralashtirmanglar, lekin sizlarga tavsiya ham qilmayman.

– Sen ham qatnash, hammamiz bir omadimizni sinaylik.

– Alloh asrasin.

Fotimaning gaplari Nejlani hayratda qoldirdi:

– Nega bunday deyapsan? Oilang qarshilik qilarmidi?

Fotima esa yana yolgʻon toʻqishda davom etdi:

– Yoʻgʻ-ye, nima deyapsan. Ular qaytanga xursand boʻlishadi-ku. Oʻzim xohlamayapman.

Nejla Fotimaga boshdan oyoq razm solgach, dedi:

– Tushunarli, oʻzingga ishonmayapsan.

– Toʻgʻri, oʻzimga ishonmayapman,- dedi Fotima parishon holatda.

Fotima yana oʻzi bilan yolgʻiz qolgach kundaligiga yozishda davom etdi:

“Soxtakor Fotima. Jirkanch, yolgʻonchi... Alloh jazoingni bersin. Haliyam yolgʻonlaringdan voz kecholmayapsan. Koʻzlaring koʻr boʻlsin. Boshqalar yoʻldan ozgan onasini uyalmay gapirishar ekan, sen imom otang-u, dindor onangdan uyalyapsan. Yuzingga tupursa ham kam aslida, soxtakor.”

* * *

Ertasi kuni dam olish kuni edi. Qizlar ish joylaridagi dugonalari bilan koʻrishib, diskotekaga borishmoqchi edi. Fotima ham borgisi kelar edi-yu, lekin ichidagi Fotima bunga yoʻl qoʻymas edi. Bu holat uni yanayam qiynar, nima qilishini bilmas edi.

Oʻzini dindan chiqarish uchun qoʻldan kelgancha tirishar, lekin keyin yigʻlab Allohga yolvorar edi:

“Sen bilan boʻlmayapti, Allohim. Gunohimni ham bemalol qila olmayapman. Qalbimdan chiq, Allohim. Yolvoraman chiq. Sen bor ekansan, bu yerlarda yashashning iloji boʻlmayapti. Iloji boʻlsa ham baxtli boʻla olmayapman.”

Keyin birdan qoʻrqib ketar edi:

“Ey, Allohim. Nimalar deyapman oʻzi? Senga boʻlgan ishonchim qalbimdan chiqadigan boʻlsa kofir boʻlaman-ku. Yo Robbim. Gunohkor boʻlsam ham, oʻzing asra meni. Dinsizlardan boʻlishimga izn berma. Oxiratimni yoʻqotishni istamayman.”

Burchak-burchakda yigʻlab olar, lekin bu hayotdan ajrab keta olmayotgan edi. Bu hayotning jozibador taraflari koʻrinib qolar edi.
Davomi bor...

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Imomning maniken qizi (11-qism)