Qishki kiyimlarni qanday saqlash kerak?

  • 06 mart 2017, 20:11
  • 5 582
  • Hayot tarzi
  • Qishki kiyimlarni qanday saqlash kerak?

    Bahor kelishi bilan kiyim-kechaklarni yangilash, keraksizlaridan xalos bo‘lish va qishki kiyimlarni olib qo‘yish kerak bo‘ladi. Bunday paytda qishki buyumlarni saqlash qoidalariga rioya qilish zarur.

    Kiyimlarni havo yaxshi aylanadigan, quruq, salqin va qorong‘i joyda saqlash lozim. Buyumlarni polietilen paketlarga solmang. Polietilen havo aylanishiga to‘sqinlik qiladi va natijada yoqimsiz hid yuzaga kelib, kuya paydo bo‘lishi uchun qulay sharoit yaraladi. Shu tufayli, kiyimni yaxshisi tabiiy matolardan qilingan g‘iloflarda yoki zig‘irpoya tolasi va qalin paxta matosidan tikilgan xaltalarda saqlagan ma’qul.

    Mo‘ynali kiyim-kechaklar
    • Mo‘ynani keng va qorong‘i shkafda, batareya va boshqa issiqlik manbalaridan uzoqda saqlash lozim;
    • Salqin va bulutli havoda mo‘ynani vaqti-vaqti bilan ochiq havoga chiqarib turish zarur;
    • Bo‘yalgan va tabiiy rangga ega mo‘ynalarni bitta idishda saqlamang;
    • Kuyaga qarshi vositadan albatta foydalaning;
    • Mo‘ynani to‘g‘ri tushadigan quyosh nurlaridan saqlang;
    • Bunday buyumlarni polietilen g‘iloflarda saqlash yaramaydi.

    Jun gazlamali buyumlar

    Jun gazlamadan tikilgan kiyimlarni olib qo‘yishdan oldin ularni yaxshilab shamollating. Singib qolgan ovqat, tamaki yoki atir hidi ham kuyani o‘ziga chaqiradi.

    Bunday buyumlarni kimyoviy tozalashga bergan ma’qul. Qo‘lda yuvmoqchi bo‘lsangiz, bolalar shampuni yoki jun kiyimlar uchun maxsus vositadan foydalaning.

    Kuya paydo bo‘lishining oldini olish uchun eng yaxshi chora — jun kiyimlarni germetik polietilen paketga solgan holda muzlatgich kamerasida 3—4 kun saqlashdir.

    Charm buyumlar

    Kuchli kirlangan bo‘lsa, charm kiyimni faqat professionallarga berib tozalatish lozim. Uyda uning ifloslangan qismlarini qaynatilmagan iliq sut yordamida artish mumkin, undagi yog‘ charmga yaxshi singadi.

    Charmdan tikilgan kiyimlarni xona haroratida kiyimosgichga ilgan holda quritish mumkin. Tekislash kerak bo‘lsa, astarini ag‘darib, uch qavat doka bilan past haroratda dazmollash mumkin.

    Hech qanday vaziyatda charm buyumlarni kir yuvish mashinasida tozalash yaramaydi, oqibatda charm qo‘pollashib, bo‘yog‘i to‘kiladi, dog‘ va kirlar esa aksincha, qolib ketadi.

    Charm buyumlarni havo o‘tmaydigan polietilen paketlarda saqlash kerak emas.

    Manba: Daryo

    Facebook орқали авторизация
    Ma'lumot

    Посетители, находящиеся в группе Гости, не могут оставлять комментарии к данной публикации.
    » » Qishki kiyimlarni qanday saqlash kerak?