12:32 / 02.06.2017
10 129

“Mushkulkushod” mushkullarni oson qilyaptimi?

“Mushkulkushod” mushkullarni oson qilyaptimi?
Yurtimizda muborak ro‘zai Ramazon oyi davom etmoqda. Ushbu muqaddas oy dilida iymon-e’tiqodi mustahqam bo‘lgan har bir yurtdoshimizni savobli ishlarga undashi bilan yanada ahamiyatlidir. Zero, muqaddas Islom dinining mazmun-mohiyati aslida insonparvarlik, do‘stlik, bahamjihatlik kabi oliyjanob tuyg‘ularga asoslangan. Ana shunday maqsadlar yo‘lida qilingan xayrli amallarning asosiysi etim-esirlar, beva-bechoralar, kasalmand, yordamga muhtoj insonlar holidan xabar olish, ularning ko‘ngliga yo‘l topishdan iboratdir. Bunday savobli ishlarni esa ko‘z-ko‘z qilish shart bo‘lmagani kabi, o‘zini e’tiqodli, deb bilgan musulmon, muslim insonlar har narsaga bilib-bilmay sajda qilavermaydilar…

Biz tilga olmoqchi bo‘lganimiz Urganch tumanida “Mushkulkushod bibi” deb atalgan norasmiy ziyoratgoh kimlar tomonidan o‘ylab topilganu, kimlar unga “e’tiqod“ qilib, har seshanba kuni unga nazr-niyozlar qilishga odatlanayotgani haqida. Achinarlisi shundaki, ayrim din ilmidan mutlaqo bexabar kishilarning “sa’y-harakatlari” bois ba’zi xotin-qizlarning diniy mutaassiblikka berilayotgani xususida so‘z ochishni joiz deb bildik.

Bu xususda O‘zbekiston Musulmonlari idorasi Xorazm viloyat vakili Davronbek Abduqodirov o‘z fikr-mulohazalarini quyidagicha bayon qilib berdi:
– Yaqin kunlargacha Urganch tumani hududida norasmiy tarzda va biron bir erda ziyoratgoh sifatida ro‘yxatdan o‘tmasdan faoliyat ko‘rsatib kelgan, odamlar o‘rtasida “Mushkulkushod bibi” deb nomlanuvchi mazkur joyga to‘xtaladigan bo‘lsak: “Mushkulkushod nomini olgan shaxs asli kim?” – degan savol tug‘iladi, albatta. Muhiba Hamidovaning “Valiya volidalar” nomli kitobida quyidagi ma’lumotlar keltiriladi: “Hazrat Bahouddin Naqshband xolalarining asl ismi “Bibi Musallamxondir”. Buxoroda uni “Bibi Chorshanba” ham deyishadi. Uning qabri Buxoroning qasri Orifon qishlog‘ida bo‘lib, Xo‘ja Bahouddin hazratlarining onalari bilan bir qatorda qaror topganlar”.

Bundan ko‘rinib turibdiki, Urganch tumanidagi “Bibi Mushkulkushod” deb nomlangan qabr va undagi ziyorat qilinayotgan shaxs asli kimligi noma’lum. Islom shariati nuqtai nazaridan ham “Mushkul kushod“ nomli marosim o‘tkazilishi mutlaqo ko‘rsatilmagan. Mushkulni kushod qiluvchi, ya’ni bandaning boshiga tushgan og‘irlikni bartaraf qiluvchi zot Alloh taoloning o‘zi, xolos.
Payg‘ambarimiz (s.a.v.) hadislarida: “Qabrimni sajdagoh qilmanglar”, deb marhamat qilganlar”. “Islom ma’rifati” nomli kitobda Mushkulkushod marosimi xurofot amallardan ekani ta’kidlanib: “Bibi Seshanba marosimi muhtaram zotlarning ruhidan madad so‘rash, hojatlarini tilash bo‘lib, u islom aqidasiga xilof amaldir”, – deyiladi. Shu bois ularni o‘tkazishni shariat ma’n qiladi.

O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi tomonidan 1984 yilda chop etilgan “Yangi chiqqan kitobfurushlar faoliyatining zararlari haqida”gi asarda o‘zbek tilidagi “Mavlidi sharif”, “Bibi Seshanba”, “Mushkulkushod” kabi kitoblardagi ma’lumotlarning ko‘p qismi islom dini asoslariga to‘la muvofiq kelmasligi, ularning muallif va noshirlari bunday ishga yo dinni buzish maqsadida yoki moddiy manfaatdorlik niyatida qo‘l urganliklari qayd etilgan. Xususan, “Bibi Seshanba” risolasi shariatga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydigan afsonaviy ertakdan iborat ekani, unda bid’at yo‘li bilan turli taomlar tayyorlanib, isrofgarchilik keng targ‘ib qilinishi, aziz-avliyolarning ruhi va mozoriga atab qurbonlik qilish kabi islom ta’limotiga zid bo‘lgan amallarning bajarilishi ta’kidlanadi.

Shunga qaramasdan, ayrim norasmiy “otinoyilar” o‘z atrofidagi sodda, ishonuvchan va diniy tushunchaga ega bo‘lmagan hamda turli aqidalarga beriluvchi fuqarolarni avrab-aldab, shu joyni ziyorat qilsa, mushkuli oson echim topishini targ‘ib qilib, bu erga in’om etilgan xayr-ehsonlarni o‘zlashtirib kelganlar. Bunday xurofotlarga berilishning asosiy sababi dinimiz asoslarini to‘liq tushunmaslik, ayniqsa, e’tiqod borasidagi masalalarni yaxshi bilmaslik natijasidir. Buning oqibatida ayollar go‘yoki o‘zlaricha bir savobli ishni qildim, deb yana bir gunohga qo‘l urishayotganlaridan bexabar ekanliklarini alohida ta’kidlash lozim. Qur’oni karimda Olloh taolo o‘ziga shirk keltirgan insonni kechirmasligi bayon etilgan.

Ma’lumki, sho‘rolar mafkurasi asosida ateistik ta’limga ruju qo‘yilib, muqaddas dinimizning asl mohiyatini yashirishga harakat qilingan. O‘sha yillarda asl haqiqatga ega bo‘lmagan kitoblar chop qilingan va bu bilan dinimiz sofligini yo‘qotishga urinilgan. Jumladan, mualliflari noma’lum bo‘lgan – “Mushkulkushod”, “Bobo Ravshan”, “Tulum xo‘ja”, “Nurnoma”, “G‘avsul A’zam”ga o‘xshagan kitoblarda ko‘pincha to‘qima ma’lumotlar keltirilgan. Jumladan,”Bobo Ravshan“ nomli kitobda “Hazrat Alining boshiga kiyadigan dastorlari, ya’ni urushda kiyadigan bosh kiyimlari ming botmon erdi”, deyiladi. Aslida ming botmon yigirma tonnani tashkil qilishini inobatga oladigan bo‘lsak, ushbu ma’lumotning haqiqatga nechog‘li mos kelish-kelmasligini anglash qiyin emas. Kezi kelganda, yurtdoshlarimizni mumtoz adabiyot vakillaridan Maxtumquli, Ahmad Yassaviy hikmatlari, Devoni Mashrab, “Ibrohim Adham qissasi” va boshqa ko‘plab tarbiyaviy ahamiyatga ega kitoblarni ma’raka-yu, turli marosimlarda targ‘ibot qilib, undagi chuqur hayotiy hikmatlarni o‘qib-o‘rganib, shuurimizga singdirsak, nur ustiga a’lo nur bo‘lar edi.

E’tiborli tomoni shundaki, aynan Mustaqillik yillarida dinimiz asoslarini o‘rganish maqsadida mo‘’tabar kitoblarimiz ona tilimizda etarli darajada chop qilinib, xalqimizga havola qilinmoqda. Bugungi kunda shariatimiz qonun-qoidalari haqida ilmiy asoslangan ilmlarni o‘zlashtirgan mutaxassislarimiz ko‘pchilikni tashkil qiladi. Aholi o‘rtasida keng targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilayotganiga qaramasdan, ayrim “otinoyi“larning noto‘g‘ri fatvolariga ergashib, ba’zi birovlarning shirku bid’at hamda xurofotga berilishi oqibatida ko‘r-ko‘rona e’tiqod natijasida qabrlarga atab qurbonliklar qilishlaridan ajablanasan, kishi. Bunday noto‘g‘ri fatvolari bilan odamlarni avrayotganlarga qarata Payg‘ambarimiz hadislarida shunday deganlar: “Sizlarning fatvoga jur’atlirog‘ingiz do‘zaxga jur’atlirog‘ingizdir”. Bu bilan ilmsiz fatvo berishning salbiy oqibatlari insonlarni gumrohlikka da’vat qilishdan boshqa narsa emasligi ta’kidlanadi.

To‘g‘ri, shariatimiz insonlarni ziyorat kilishdan qaytarmaydi. Balki, uni dinimizda belgilangan me’yorlardan chiqmagan holda, amalga oshirishni buyuradi. Payg‘ambarimiz: “Qabrlarni ziyorat qilib turinglar, sizlarga oxiratni eslatib turadi”, deganlar. Aziz o‘quvchilarimizning yuqorida bayon qilingan fikr-mulohazalardan to‘g‘ri xulosa chiqarib, o‘z hayot yo‘llarida uchraydigan ba’zi qiyinchilik va mushkulotlar, ayrim hodisalarga echim topishda insonga faqat mustahkam iroda, sabr-qanoat, qolaversa, shukronalik tuyg‘usigina najot bo‘la olishini tushunib olishlariga imonimiz komil.

Mehribon ISMOILOVA

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » “Mushkulkushod” mushkullarni oson qilyaptimi?