Bir kechalik kelinchak… (27-qism. Uchinchi fasl)

  • 9-11-2018, 22:10
  • 1 374
  • Hayot tarzi
  • Bir kechalik kelinchak… (27-qism. Uchinchi fasl)
    Vaziyat qanchalar chigal va xavfli ekanini Nafisa darrov anglab yetgandi.

    Bu erkaklar shunchaki ko‘cha bezorilari emasligiga ham aqli yetib bo‘lgandi.

    Qolaversa, ularni prokuror Azizov jo‘natganiga sira shubha qilmasdi.

    Ammo sir boy bermadi. O‘ziga yaqinlashib, bilagidan olishga tutingan erkaklar tomon qo‘llarini cho‘zgan ko‘yi to‘xtatdi.

    — Joningdan umiding bo‘lsa, menga yaqinlashishma! — atayin ko‘cha gapini tiliga ko‘chirib po‘pisa qildi Nafisa. — Kimsanlar? Menda nima ishing bor?

    Erkaklar bildiki, u o‘zini himoya eta oladi. Qolaversa, bu haqda prokuror ham allaqachon shipshitgan. Shuning uchunmi, barchalari ikki-uch qadam ortga tislandi. Orasidan bo‘yi boshqalaridan-da novcharoq, ko‘kko‘z erkak ajralib chiqdi-da, qaytadan Nafisaga yaqinlashdi.

    — Siz biz bilan yurishingiz kerak, — dedi u xotirjamlik bilan. — Qilib qo‘ygan ishingizni bo‘limda aytib berishadi. Hozir qarshilik qilmang-da, taslim bo‘ling. Aks holda kuch ishlatishga majbur bo‘lamiz.

    — Kuch? — bo‘sh kelmadi Nafisa. — Qaysi kuchingni ishlatmoqchisan? Qani, ishlat! Meni opketish uchun sanksiyang bormi? Qani? Ko‘rsat!..

    — Ishlataymi? Yaxshi-i! Lekin aytib qo‘yay, bekorga pachakilashyapsiz biz bilan! Haliyam kechmas, taslim bo‘ling! Ayol kishi bo‘lganingiz uchun o‘zimni bosib turibman xolos. Bo‘lmasa…

    — Xo‘p, ko‘rsat sanksiyangni, — bo‘sh kelmadi Nafisa. — Qani? Prokuratura sanksiya bergandir, axir? Ko‘rsat!

    — «Sen»lama meni, oyimcha, — deya bir qadam oldinga qadam tashladi erkak. — Men akang bo‘laman. Sarvar akangman! Sarvar aka deb murojaat qil menga!

    — Sendaqa akam bo‘lsa, o‘zimni osardim, — dedi Nafisa. — Sendaqalarni sizlashga o‘rganmaganman. Nega qarab qolding? Ko‘rsatmaysanmi sanksiyangni?

    Sarvar azbaroyi jahli chiqqanidan labini qattiq tishlagan ko‘yi kissasini kovlashtirib guvohnoma chiqardi va Nafisaning yuziga to‘g‘riladi.

    — Mana mening sanksiyam, — dedi past ovozda. — Men militsiyada ishlayman. Xo‘sh, o‘qiy oldingmi? Hoynahoy, maktabda o‘qishni o‘rgangandirsan? Yo o‘zim o‘qib beraymi?

    — Haddingdan oshma, serjant, — dedi Nafisa. — Melisaligingni hov o‘sha qora binoga borganda ko‘z-ko‘z qilasan. Bu mening ishxonam. Kafe meniki. He yo‘q, be yo‘q kelvolib do‘qlashga haqqing yo‘q.

    — Demak, sen yaxshilikchasiga ko‘nmaysan, shundaymi? — mushtlarini tugib o‘dag‘aylashga o‘tdi Sarvar. — Unda o‘zingdan ko‘r! Hozir bir-ikki tarsaki yesang, yuvoshib qolasan.

    — Qani, ur zo‘r bo‘lsang! — deya jahl bilan sumkachasini naridagi stol ustiga tashladi Nafisa. — Qani, tarsaki tushirishga ulgurarmikansan! Ko‘ray-chi!

    — Javohi-ir! — ortga o‘girilib, sheriklaridan biriga baqirdi Sarvar. — Kel tez! Manavi qiz biz o‘ylagandanam qaysar ekan! Esini kiritib qo‘ylaring! Qo‘liga kishan sollaring! Yaxshilikni bilmasa, o‘zidan ko‘rsin!

    Bo‘yi Sarvardan sal pastroq, xuddi dakang xo‘roz kabi ko‘ksini oldinga chiqargancha Javohir deganlari Nafisaga yaqin kelib qo‘lidan tutishga chog‘landi. Nafisa esa bir qadam ortga tislanib, ikki qo‘lini oldinga cho‘zdi.

    Ha, endi bu chaqirilmagan mehmonlarga kimligini ko‘rsatib qo‘ymasa bo‘lmasdi. Melisaga qo‘l ko‘tarish mumkin emasligini biladi. Biroq bularning egnida militsiya kiyimi yo‘q. Shunday ekan, qo‘l ko‘tarsa, hech nima qila olishmaydi. Taqdir ekan. Hech melisani do‘pposlamagandi. Bungayam majbur bo‘ladi shekilli…

    Nafisa bir mushtlab Javohirning qo‘lini nari surib tashladi-da, ikki qo‘lini oldinga cho‘zib, himoyaga turdi…

    Shu mahal kutilmagan manzara ko‘z o‘ngida namoyon bo‘ldi.

    Ustun ortidagi stol qarshisida yana o‘sha o‘zi bilgan Bilol paydo bo‘lgandi. U ayni chog‘da ovqatlanmasdi, oldida ichkilik ham yo‘q edi. Ikki qo‘lini baland ko‘targancha duo qilar, ikki ko‘zi Nafisada edi.

    «Xudoyim, — deya xayolan zorlana boshladi Nafisa. — Bu tag‘in qanday sinoving bo‘ldi? Shunchalar ko‘pmi men idrok etmagan sinovlaring? Qachongacha sinaysan? Qachongacha o‘tmishning badalini to‘layman? Xudoyim, nega bu odamni yana menga ro‘baro‘ qilding? Nimaga u duo qilyapti?.. Bilib turibman, u bergan ovqatlarim uchun minnatdorligini izhor etyapti. Ana, uzoqdan bo‘lsayam aniq ko‘rib turibman. Uning ko‘zlaridan duv-duv yosh quyilib kelyapti. Xudoyim, shu bandang allaqachon tavbalar qilib bo‘lgan-ku! Nimaga buyog‘iga boshqalarday xotirjam yashattirmaysan? Nimaga unga azob beraverasan? Uyam xotirjam tortishga, baxt neligini his etishga haqli emasmi?.. Yo‘q, meni shu odam yordamida xavfdan ogoh etayotganingni qalban his etib turibman. Hozir manavi go‘rso‘xtalar bilan mushtlashishimga qarshisan. Shu odamni duoga qo‘l ochtirib meni insofga chaqirmoqdasan. Tashakkur! Mana, endi qo‘rqmasam ham bo‘ladi. Negaki, sen baribir meni tashlab qo‘ymaysan. Demak, qarshilik ko‘rsatib o‘tirmayman. Ko‘nglimda sen borsan. Haq bo‘lib mening haqligimni himoyangga olasan. Bunga ishonaman. Marazlarning ham jazosini o‘zing berasan. Tavba qildim, xudo! Lekin… Xudoyim, o‘zingga aytaman. Agar bo‘limga oborib menga zug‘um qila boshlasalar, chidab tura olmayman. Haqsizlikka qarshi kurashga otlanishga majbur bo‘laman. O‘zing kechir!..»

    * * *
    Nafisa hammasi butkul boshqa tarafga og‘ib ketishini xayoliga ham keltirmagandi. Qalban melisalarga qarshiliklarsiz taslim bo‘lishga, ularning yetagida militsiya bo‘limiga ketishga shay turgandi. Lekin daf’atan qalbi tilga kirdi. Hoynahoy, Yaratgan uning qalbiga kirib kelib yo‘l ko‘rsata boshladi.

    — Qizaloq, sen hali katta yo‘l boshidasan, — deya uqtira boshladi noma’lum ovoz ko‘ksini qitiqlab. — Halitdan hukumat odamlari bilan yovlashma. Baribir baraka topmaysan. Undan ko‘ra, kelishish, til topishish yo‘llarini izla! Ana shunda sening ham, mushtipar onangning ham tinchliklaring buzilmaydi. Halovatingni yo‘qotmaysan. Shoshil! Payt poylama! Tavakkal harakatlar sodir et! Yovga aylanishga shay bu nusxalar bilan til topishish uchun shoshil! Shoshilmasang bo‘lmaydi…

    — Sarvar aka, — deya kutilmaganda qarshisidagi erkakka yuzlandi Nafisa. — Sizlardan bir iltimosim boridi. Agar shu iltimosimni bajarsangiz, gap yo‘q, boraman qayerga desalaring!

    — Xo‘sh, nima qilib beraylik, — Nafisaning past tushganini ko‘rib Sarvarning yuzlariga qizil yugurdi va sovuq tirjaydi. — Qani, aytsinlar! Nima xizmatlari bor?

    — Prokuror Azizovni chaqirib bersangiz. U odam bilan hoziroq gaplashib olmasam bo‘lmaydi. Busiz sizlarga ergashib keta olmayman, tushuning!..

    — Shuni oldinroq aytishning iloji yo‘qmidi? — deya yonidagi Javohirni nari surdi Sarvar. — Boyadan beri qaysarlik qilasan. Do‘qlaysan. Darrov aytsang bo‘lardi-ku! Bo‘pti, Azizov tashqarida. Hozir shaxsan o‘zim chiqib boshlab kelaman!..

    * * *
    Oradan chamasi 15-20 daqiqa vaqt o‘tdi. Negadir Sarvar qayta qolmasdi. Sheriklari ham zerikishdi chog‘i, bezovtalanib bir necha marta navbati bilan tashqariga chiqib kelishdi. Nafisa esa sumkasi turgan stol qarshisiga o‘tirgancha sukut saqlar, ora-sirada ustun ortidagi stol qarshisida o‘tirgan Bilolga ko‘z tashlab olishni kanda qilmasdi. U qo‘llarini allaqachon pastga tushirgan, boshini quyi solgan ko‘yi tek qotgandi.

    Nihoyat kafening tashqari eshigi ochilib, Sarvar ichkariga kirdi. Ammo yonida Azizov yo‘q edi.

    Nafisa hayron bo‘lib istar-istamas o‘rnidan qo‘zg‘aldi.

    Sarvar to‘g‘ri unga yaqinlashib keldi-da, oldin sheriklariga tashqarini ko‘rsatib ishora qildi. Ular shu zahoti oldinma-ketin ko‘chaga yo‘l olishdi.

    Bu ham Nafisa uchun yechib bo‘lmas jumboqdek tuyulardi. Hech narsaga tushunmasdi. Ustiga-ustak, Bilol ham shosha-pisha o‘rnidan turib melisalarning ortidan tashqariga yo‘l oldi.

    — Azizov nega kelmadi? — so‘radi Nafisa betoqatlanib. — Biling, men to o‘sha kishi kelmaguncha hech qayerga bormayman.

    — Singlim, to‘g‘ri tushuning, — uqtira boshladi Sarvar. — Azizov prokuraturaga ketib qolgan ekan. Qo‘ng‘iroq qila-qila zo‘rg‘a tushdim. U kishi sizni o‘sha yerga olib borishimizni tayinladi. Bormasangiz bo‘lmaydi. Ishoning, aybingiz bo‘lmasa, hech kim sizni ushlab turmaydi. Qo‘yvorishadi.

    — Bunisi qiziq bo‘ldi-ku, — hayron bo‘lib yelka qisdi Nafisa. — Sizlar shunchalik ishonchiga kiribsizlarki, u kishi xotirjam ketibdi-da!

    — Nega ishonmasin? — dedi Sarvar. — Bir tizimda ishlaymiz har holda. Bir-birimizga ishonmasak, qanday ishlaymiz? Xo‘sh, ketdikmi? Qaysarlik qilmaysizmi endi?..

    Ortiq qarshisidagi Sarvar bilan adi-badi aytishishga Nafisaning kuchi ham, toqati ham qolmagandi.

    Tavakkal qilishni ma’qul bildi.

    Ishondi. Xudo baribir uni tashlab qo‘ymaydi. Panohida asraydi. Shunday ekan, boshini baland ko‘tarib boraveradi. Hech kimdan qo‘rqib, hadiksirab o‘tirmaydi. Jinoyatchi emas-ku, axir!..

    — Qani, boshlang unda, — dedi qo‘liga sumkasini olarkan Sarvarga. — Boraman. Qo‘rqadigan yerim yo‘q.

    — Uzr, singil, rasmiyatchilik-da, aybga buyurmaysiz!

    Sarvar shunday deb qo‘lidagi kishan bilan Nafisaga yaqinlashdi. — Ehtiyot shart qo‘llaringizga kishan solishimiz shart. Bo‘lmasa, rahbarlardan gap eshitamiz!..

    Nafisa qarshilik ko‘rsatmadi. Qo‘liga kishan urilgach, Sarvarning oldiga tushgancha tashqariga chiqib ketarkan, oxirgi marta ustun ortidagi stol tomon ko‘z tashladi.

    Bilol ko‘rinmadi…

    * * *
    Mashina shahar ko‘chalari bo‘ylab yeldek uchib borar, Nafisani xuddi ashaddiy jinoyatchilar kabi ikki barzangi o‘rtaga olgan ko‘yi tek ketib borardi. Old o‘rindiqda o‘tirgan Sarvar esa qur-qur erinmay ortga o‘girilar, Nafisaning jim o‘tirganiga qayta-qayta amin bo‘lishni xohlardi. Ora-orada haydovchiga nimalarnidir uqtirgan bo‘lardi. Bundan tashqari, old oynadan boshini chiqarib, ketma-ket kelayotgan mashinani ko‘zdan kechirardi.

    Shu ko‘yi ular shahardan tashqariga chiqishdi. Qorong‘ilikda, zulmat qo‘ynida faqat bedami, bug‘doymi ekilgan paykallar ohista chayqalardi.

    Shundagina Nafisa beixtiyor sergak tortdi…

    Axir, prokuratura ham, melisaxona ham shaharda joylashgan-ku! Bular nega shahardan tashqariga chiqishdi? Qayerga olib ketishyapti uni?..

    Shu savollar ko‘ksini kemirib, qaddini rostlab tilga kirdi.

    — To‘xtatlaring mashinani! Meni aldab boshqa yoqqa olib ketyapsanlar! To‘xtat dedim! To‘xta-at!!!

    Uning qichqirig‘ini oldiniga tek o‘tirib tinglashdi. Ovozi avj pardaga kira boshlagach, chap yonidagi barzangi mahkam tirsagini siqimladi.

    — Chakagingni o‘chirasanmi-yo‘qmi? Hozir bir urib…

    — Vey, Soli, — Sarvar keskin ortga bosh burib barzangini do‘qlagan bo‘ldi. — O‘zingni bosvol! Bu jononga ziyon yetkazsang, Azizov naq teringni shilvoladi! Tadbirkor, boyvuchchalarminan sal o‘ylashib muomala qil-da, xumpar!..

    Uning qochirimlarini o‘tirganlarning hammasi darrov tushunib, baravar kulib yubordi. Faqat ruldagi haydovchigina kulgiga jo‘r bo‘lmadi. Qovoq uygancha, go‘yo hech narsa bo‘lmagandek yo‘ldan ko‘z uzmadi.

    Nafisa allaqachon aldanganiga amin bo‘lgandi. Ammo qarshilik ko‘rsatishi uchun shu tobda umuman imkon yo‘q. Anavi ikki barvasta erkak o‘rtaga olvolgan. Qo‘llari kishanda. Oyoq zarbasi berish uchun mashina saloni torlik qilishi tayin. Ortiqcha harakat qilsa, yonidagilar ham, Sarvar ham boplab tushirishi turgan gap. Kishanlanganidan unumli foydalanib qolishlariga shubha yo‘q. Xo‘sh, nima qiladi endi? Onasi ham ko‘zlari to‘rt bo‘lib o‘tirgandir. U esa qayoqdagi ko‘cha banditlarining aldovlariga laqqa tushdi. Endi adabini yeydi. Hozir qaysidir chekkaga olib borishadi-da, bilgan qandlarini yeya boshlashadi…

    Yo‘q, bunaqasi ketmaydi. Yo‘lini topmasa, o‘zini bu nusxalardan himoya qilmasa, dodini hech kim eshitmaydi. Qolaversa, xudoyam harakat qilganga yon bosadi. Tek o‘tiraversa, uyam parvoyiga olmaydi…

    Aytgancha, Azizovdan gap ochdi-ku anavi! Demak, prokuror shahardan chetroqda o‘ch olishga ahd qilgan…

    Davlatning odami-ku! Vahshiy hayvon yo mahluq emas-ku! Zarra bo‘lsin insofi bordir, axir!?. Biroq aksi bo‘lib chiqsa…

    Ha, unda ayyorona yo‘l tutadi. Eh, qo‘llarini kishandan bo‘shatib olsa, bu barzangilarning dodini berardi-ya! Qaniydi shunday bo‘lsa!..

    * * *
    Mashina qandaydir oraliq ko‘chaga kirib to‘xtadi. Shundoq yonboshdagi ko‘k rangga bo‘yalgan darvoza lang ochiq edi. Ikkita mashina oldinma-ketin hovliga kirdi. Qorong‘ida kimdir kelib darvozani qaytadan yopib ketdi.

    — Qani, oyimqiz, tushsinlar endi! — buyurdi Sarvar masxaralash ohangida. — Ichkarida sizni okaxoningiz Azizov janoblari kutyapti. O‘ziyam ezilib ketgandir kutaverib! Tush tez!..

    Nafisa shu lahzalarda hayotning yana bir haqiqatini chuqurroq anglab yetgandek edi. Odam bolasi haqiqatan bir soat, yoki besh daqiqadan keyin boshiga ne kunlar tushishini bilmas ekan. Mana, uning o‘zi shunga guvoh bo‘lib turibdi.

    Karatechiman, manaman degan erkakni yer tishlata olaman deb o‘ylardi. Chuchvarani xom sanagan ekan. Hiyla va makrdan hatto karatechi ham qochib qutula olmaskan. Uning poyida tiz cho‘kishga majbur bo‘larkan…

    Nafisa xayolan xudodan panoh so‘ragancha buyruqqa bo‘ysunib pastga tushdi. Tushgani hamono barzangilardan ikkitasi kelib ikki qo‘ltig‘idan oldi-yu, yerto‘la tomon sudrab ketdi.

    Eh, qanchalar sharmanda bo‘ldi! Qarshilik ko‘rsatish tugul bir og‘iz yomon so‘z aytishga ojiz qoldi. Begona joylarning balolaridan cho‘chiy boshladi. Bir so‘z bilan aytganda, ayolligiga, ojizaligiga bordi…

    «Yo‘q, — dedi baribir xayolan bo‘lsa-da, o‘zini bardam tutishga urinib. — Men o‘zimni xor qildirib qo‘yadiganlardan emasman. Nomusimni qattiq turib himoya qila olaman. Eh, oyijon, o‘zimning soddagina oyijonim-a! Nahotki, sizam mana shunday vaziyatlarni boshdan kechirgan bo‘lsangiz? Nahotki, har xo‘rlashganda, xo‘rlab turib qo‘lingizdagi halol peshona teringiz evaziga topgan pullaringizga changal solaverishganda ham sukut saqlashdan nariga o‘tmagan bo‘lsangiz? To‘g‘ri-da, ayol kishi shunaqa bo‘ladi. Bostirib kelgan balolarni, dard, sitam, xo‘rliklarni qayta-qayta bag‘riga bosaveradi. O‘lsa ham, qoniga belanib yotsa ham baribir ularga quchog‘ini ochib beraveradi. Ammo… Men baribir siz yo‘l qo‘ygan xatoliklarni takrorlamayman! Mana ko‘rasiz, men ham bu bosqinchi, maraz, olchoqlarni hiyla-nayrang yo‘li bilan yengaman. O‘shanda bular mening kimligimni bilib olishadi…»

    Barzangilar uning qo‘ltig‘idan olgan ko‘yi rostdan ham yerto‘laga sudrab tushishdi.

    Ostona hatlab ichkariga kirdi-yu, Nafisa o‘zi kutganidek, taxmin qilganidek, birinchi bo‘lib to‘rda kerilgancha o‘tirgan prokuror Azizovni ko‘rdi.

    U Nafisani ko‘rgandan keyin ham o‘rnidan turishga shoshilmasdi.

    Beo‘xshov tirjayish qilib, unga tikilgancha sukut saqlardi.
    (davomi bor)

    Manba: Hordiq.uz

    » » Bir kechalik kelinchak… (27-qism. Uchinchi fasl)