Birovning haqi...

  • 31 yanvar 2019, 19:19
  • 3 266
  • Hayot tarzi
  • Birovning haqi...
    – Shu narsalarimni sotmoqchiydim, – iymanibgina qo‘lida to‘rt oylik chamasi chaqalog‘ini ko‘tarib olgan juvon ishlatilgan narsalar olib, sotuvchi ayolga iltijoli boqdi.
    – Bolamga chaqaloqlar bo‘tqasi bilan taglik olmoqchiydim, iltimos olaqoling, – deya yalindi ayol.
    – Hammasiga 30 ming beraman.
    – Aaa? Axir yap-yangi ko‘ylaklar-ku, opa! Bir marta kiyilgan xolos.
    – Ana kiyilgan ekan-ku! 5ta ko‘ylakka 30 ming. Bo‘lmasa boshqaga ko‘rsating. Juvon atrofdagilardan uyalib ketdi.
    – Mayli, olaqoling, – dedi yig‘lagudek bo‘lib.

    Sotuvchi ayol kuymalana-kuymalana hamma yerni qarab chiqdi. So‘ng juvonga gap qotdi:
    – Qizim, pulim tugab qopti, shu atrofda tursangiz kechga tashlab o‘tsam bo‘ladimi? Albatta, beraman. Birovning haqi kerak emas menga. Juvon nima deyishini bilmay qoldi.

    Tavakkal, mayli dedi. Telefon raqamini qoldirdi. Uyat va nomusdan yig‘lab yubormaslik uchun labini tishlab, bolasini qattiq quchoqlagancha yo‘lakka qarab yurdi.

    Oradan bir oy o‘tib avtobusda ikki ayolning suhbati qulog‘iga chalindi.
    – Hammasi yonib kul bo‘ldi. Hech narsa qolmadi. Endi unday uyni qurguncha ona sutim og‘zimga kelsa kerak.

    Juvonga ovoz tanish tuyuldi. Yalt etib orqaga qaradi. Nigohlar to‘qnashdi. Sotuvchi ayol shoshgancha sumkasini kovladi.
    – Jon singlim rozi bo‘ling, – dedi yig‘lab bir siqim pul uzatgancha.
    – Qo‘yavering, men roziman. Yangi uyingizga ishlatarsiz, – dedi juvon va keyingi bekatda tushib yoshli ko‘zlarini artib oldi.
    Saida IBODINOVA

    Manba: Azon.uz

    » » Birovning haqi...