00:14 / 06.03.2019
4 721

Togʻlarda ham quyosh bor

Togʻlarda ham quyosh bor
Jasur afgʻon qizchasiga
Boshqa manzillarda quyosh allaqachon nurini sochayotgan bir vaqtda Hindikush togʻlari orasida yashaydigan Zargʻunalar hovlisiga hali nur yetib kelmagan boʻladi. Atrofini togʻu toshlar qurshab turgan bu moʻjazgina qishloqda uylar ham uncha koʻp emas, odamlar qoʻl bilan sanarli.

Zargʻunalarning kulbasi qishloqning kiraverishida joylashgani uchun bu yerga tashrif buyurgan har qanday oʻtkinchi ularnikida mehmon boʻladi. Qizcha endigina oʻn uchga kirgan boʻlishiga qaramasdan koʻp narsani biladi. Masalan, bu yerda uddasidan chiqish mushkul boʻlgan vazifa: oʻqish va yozishni. U jafokash afgʻon xalqini uzoq vaqt mobaynida oʻz iskanjasiga olgan zulm va johillik komidan, changalidan faqatgina kitob, daftar va qalam qutqaradi, deya oʻylaydi.

– Otajon, men maktabga ketdim, – dedi qizcha har doimgi qiladigan yumushlarini bajarib boʻlgach. Yoʻl-yoʻlakay Moriyyani ham chaqirib oʻtaman.
– Qizim qoʻysang-chi, axir Moriyyaning otasi johil odam. Boshingni baloga qoʻyma, qoʻzichogʻim.

– Otajon, men harakat qilmasam, siz harakat qilmasangiz, ahvolimiz ne kechadi? Bu kambagʻallik va qiyinchiliklardan qanday qutulamiz? Ukalarimning oʻqishga emas, qurol ishlatishga ishtiyoqlari balandligi meni xafa qilyapti. Moriyyaga kelsak, u oʻqishni juda xohlaydi. Biroq otasidan qoʻrqadi. Qolaversa, u mendan ham qobiliyatliroq. Qorni nonga toʻymasa ham zehni oʻtkir, fikri tiniq.

– Baxayr qizim, ehtiyot boʻl deyman-da.

Ziyovuddin qizining baʼzida kattalarning ham tafakkuri yetmaydigan mushohadalaridan taʼsirlandi. Ayovsiz qarshiliklarga qaramasdan maktab ochganiga xursand boʻldi.

Zargʻuna Moriyyalarning chodiri oldida bir zum taraddudlanib qoldi. Ichkaridan baqir-chaqir ovozlar kelar, erkak kishining soʻkingani, ayollarning yigʻi ovozi eshitilardi. Birdan eshikdan Moriyya otilib chiqdi. Zargʻunadan xiyol tikroq, koʻzlari Hindikush ohularinikidek begʻubor va hurkak, yuzlari nim pushti bu togʻ qizining husni beqiyos edi. Moriyya oʻn toʻrtga toʻlgan, biroq yoshiga qaraganda boʻyi ancha tikroq koʻrinardi. Uning koʻzlariga qaragan Zargʻuna qoʻrqib ketdi. Moriyyaning koʻzlarida yovvoyi bir isyonkorlik choʻgʻlanar, uning hushi oʻzida emasdi. Qiz yugurib borib uni bagʻriga bosdi.

– Moriyya, azizam senga nima boʻldi? Nega bunchalik ezilyapsan? Gapirsang-chi? Nega meni qoʻrqityapsan?

Ichkaridan yugurib chiqqan Moriyyaning otasi Burhoniddinni koʻrib Zargʻunaning gapi boʻgʻzida qoldi.
– Sen, itvachcha qizimni yoʻldan urding. Erga tegish oʻrniga kitob qoʻltiqlab yurishga balo bormi? Ayolning vazifasi erga itoat qilib uyda oʻtirish, kofirlar yozgan kitoblarni oʻqish emas. Moriyya ertaga erga tegadi. Endi esa yoʻqol, peshonangdan darcha ochib qoʻymasimdan Ziyovuddinning haromisi...

Hali ona suti ogʻzidan ketmagan goʻdak qizini tumush girdobiga itqitmoqchi boʻlayotgan johil otaning gaplaridan Zargʻunaning qoʻllari musht boʻlib tugildi. Qizcha boshini baland koʻtarib Burhoniddinning koʻzlariga tik boqdi va shunday dedi:

– Ilmsiz va maʼrifatsizligingizdan shunday beparda soʻzlarni gapirayotirsiz. Agar zarracha odamgarchilingiz boʻlsa, hali ogʻzidan ona suti ketmagan qizingizni kimgadir choʻrilikka sotish haqida oʻylamagan va har narsaning vaqti-soati borligini anglagan boʻlardingiz.
– Oʻchir ovozingni,– oʻshqirdi Burhoniddin. Zargʻuna indamay Moriyyaning qoʻlidan tutdi.
– Irodali boʻlishing kerak, Moriyya. Sen isteʼdodli va kuchli qizsan. Faqat yengilmasang boʻlgani men senga maktabda oʻtilgan darslarni kelib oʻrgatib turaman. Xafa boʻlma.

Zargʻuna endi ketayotgandi, ichkaridan Moriyyaning onasi chiqdi. Uning bir koʻzi koʻkargan, ogʻzining chetidan sizib chiqqan qon boʻyalib ketgan lab boʻyogʻidek boʻxshov qotib qolgandi.

– Zargʻun, jonim qizim, bolaginamni qutqar. Bilaman sen jasur qizsan. Uni qutqara olasan. Bilasanmi, u oʻzini otib oʻldirmoqchi boʻldi. Otasi esa uni narigi qishloqdan qoʻnim topgan oʻzidan ham qari kishiga nazr qilmoqchi.
– Xavotir olmang, u hech narsa qilolmaydi. Zargʻuna shundan boshqa soʻz topolmadi. Indamay avtobus toʻxtaydigan chayla yoniga yurdi.

Atrofning goʻzal manzarasi, togʻ rayhonu sunbullarning muattar hidi kayfiyatini koʻtargandek boʻldi. Biroq Moriyyaning gʻazabnok nigohlari hamon koʻz oldidan ketmas, yuragi bezovta tepardi. Zargʻunaga shu kuni dars ham tatimadi. U faqat Moriyyani qanday qutqarishni oʻylar, fikrlari chuvalashib hech tutqich beray demasdi. Quyosh Hirot ufqlariga bosh qoʻyayotgan chogʻda Zargʻuna va maktabning boshqa oʻquvchilari chiqqan avtobus qaytdi. U kitob-daftarlarini har ehtimolga qarshi kiyimlariga ostiga yashirib olgandi. Qiz mayin togʻ shabadasi oʻyinqaroqlik bilan tortqilab chodra tagidan chiqarib yuborgan tunday qora soch tolalarini qayta roʻmol tagiga joyladi-da, kiyimiga qattiqroq oʻranib oldi. Uyga yetib kelganida, ukalari ochlikdan tishlarini gʻijirlatib oʻtirishar, huddi ularning och-nahorligiga Zargʻuna aybdorday unga nafrat bilan tikilishardi.

– Sangʻib yurgandan koʻra ovqat tayyorlasang boʻlardi, opa. Qornimiz piyozning poʻsti boʻlib ketdi-ku. Kitob, daftar bilan qorning toʻyarmidi? – dedi undan bir yosh kichik ukasi Kamgar zaharxandalik bilan.
– Oʻzing kuni boʻyi bekorchi narsalarni oʻylaguncha otamga yordam qilsang boʻlardi. Hayot faqat qorin toʻydirish degani emas-ku.
– Boshlandi, – Kamgar shunday deb yuzini teskari burdi. Zargʻuna otasi kelgunicha atala pishirdi. Birga ovqatlanishdi. Ukalarining pishillab uxlagani eshitilgach, shamni olib kitob oʻqishga tutindi.
– Maktabni yopishmoqchi, – dedi otasi.
– Qachon?– Zargʻuna xavotir bilan otasiga tikildi.
– Ertaga.

Zargʻuna tuni boʻyi uxlolmadi. Axir bor umidi shu maktabdan edi-ku. Uni ham yopishsa, nima boʻladi? Yana yovuz niyatli odamlar gʻolib keladi. Qiyinchilik va nochorlik bor joyda bolalar erta ulgʻayishadi. Zargʻuna va uning tengdoshlari ham huddi shunday sharoitda oʻsishayotgandi. Biroq ularning qarashlari turlicha boʻlgani uchun ham qarama-qarshiliklar kelib chiqardi. Shunga qaramasdan Zargʻuna yorugʻ kelajakdan umidini uzmas, u oʻqigan kitoblarda ajoyib mamlakatlar, bolalar faqat oʻyinchoq va kitoblarga munosib koʻriladigan oshiyonlar haqida soʻz borardi.

Ertalab ukalarining qornini toʻydirgach, qulogʻiga chalinayotgan yigʻi ovozi uni sergak torttirdi. Bu tovush dugonasi Moriyyalarnikidan kelayotgan edi. Zargʻuna jon holatda oʻsha tomonga yugurdi. Moriyyalarning kulbasi oldida uch-toʻrtta odam toʻplanib turar , ichkaridan uning onasi yurakni ezib boʻzlardi.

– Ohudek erta oʻqqa uchgan bolam-a, tanasini sovuq tuproq quchgan bolam-a...

Zargʻuna yugurib ovoz kelayotgan xonaga kirdi. Moriyyaning onasi Xadicha boʻtadek boʻzlar, yonidagi ayollar esa unga qoʻshilishardi. Zargʻuna kirishga kirdi-yu, nima qilishini bilmay bir zum taraddudlanib qoldi. Endi dugonasi Moriyya yoʻq. Endi ular birga kitob oʻqishmaydi, egri-bugri yozilgan yozuvlarini bir-biriga koʻrsatib meniki chiroyli, meniki, deya maqtanishmaydi. Zargʻunaning boʻgʻziga yigʻiga oʻxshamagan achchiq va taxir narsa tiqildi. U koʻproq armon va iztirob omuxtasiga oʻxshab ketardi. Indamay borib Moriyyaning yuzini siladi. Uning ohu koʻzlaridagi “Mening aybim nima edi? Men ham odam bolasi edim-ku. Mening ham barcha qizaloqlar kabi qoʻgʻirchoq oʻynashga, sochimga oq tasma taqib, yorugʻ va chiroyli sinfxonalarda ilm olishga haqqim bor edi-ku” degan ifodani faqat Zargʻunagina oʻqiy oldi. Balki unga shunday tuyulgandir...
***
Ziyovudinning maktabni yopishni rad etgani qimmatga tushdi. Oilaviy shajarasi asli temuriylarga borib taqaladigan bu kishi yoshligidan maktab ochib, millat bolalarini bilimli qilishni orzu qilar, koʻpgina toʻsiqlarga qaramay nufuzli ilm dargohlarida tahsil olib qaytgach, shu orzusini amalga oshirib, bir tashlandiq binoda maktab ochgandi. Kecha kelgan odamlar undan maktabni yopishni talab qilishdi. U fikrida qattiq turib olgach, sinfxonalardan biriga bostirib kirishdi. Darsni buzmaslikni soʻrab, ularga “aql oʻrgatgan” oʻqituvchini shafqatsizlarcha otib tashlashdi. Shunday qilib u maktabni yopishga majbur boʻldi.

Maktab yopilgach, Zargʻuna bu yerdan ancha uzoqroqdagi maktabga qatnay boshladi. Bu orada uni televideniyedagi koʻrsatuvlardan biriga taklif qilishdi. Chunki u bir safar maktablariga tashrif buyurgan elchiga koʻnglidagi bor gaplarni toʻkib solgandi. “Sen koʻp kuyunma. Yaxshi oʻqi. Men senga albatta, yordam beraman” degandi oʻsha elchi. Koʻrsatuvda Zargʻuna shunday dedi: “Nafaqat bizning maktabimiz, boshqa maktablar ham ochilishi kerak. Bolalar, qizlar kitob oʻqishlari, savod chiqarishlari, haq-huquqlarini bilishlari zarur. Axir savodsiz yashab boʻlmaydi.”

Mana bugun ham u avtobusga chiqdi. Qoʻlidagi eskirib ketgan jildga solingan kitob, daftar va qalamini mahkam ushlab olgandi. Yonida opasinikidek jild koʻtarib olgan Kamgar. Farqi shundaki, uning jildida bir burda non ham bor. Avtobusning birdan toʻxtashi hammani sergak torttirdi. Bir toʻda qurollangan odamlar haydovchini sudrab yerga tushirishdi. Qiz ular orasida Moriyyaning otasini ham koʻrgandek boʻldi.

Ikkitasi avtobus ichiga kirdi.
- Qaysi biring Zargʻuna?
Qizning yuragi shuv etib ketdi. Bu odamlarning niyati yaxshi emasligi aniq.
- Menman.

U endi qoʻrquvni his qilmas, buning oʻrnini kelajakka ishonch va umid egallagandi. Shuning uchun ham bosqinchilarning koʻzlariga tik boqa oldi. Oʻq ovozi bolalarning aqlini shoshirdi. Ular bu ovozni koʻp eshitishgan, biroq hamon oʻrganisholmagan edi.Cheksiz iztirob va qoʻrquv iskanjasidagi Kamgar opajonlab Zargʻunaga yopishdi. Qolgan oʻquvchilar ham izillab yigʻlashar, agar maktabga qatnagani uchun uni otishgan boʻlsa deb, koʻpchiligi oʻqish fikridan qaytib qolishdi. Zargʻuna yiqilar ekan, kitob-daftarini mahkam changallab olgandi. Yorugʻlik esa u hali oʻqib ulgurmagan kitob varaqlaridek sochilib ketdi...
Saida Ibodinova

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Togʻlarda ham quyosh bor