Tungi suhbat

  • 14 mart 2019, 16:43
  • 4 178
  • Hayot tarzi
  • Tungi suhbat
    Hatto ziyoli kishilar ham uni koʻchada uchratib qolsalar, ortidan havas bilan qarab qolishar, goʻyo sahro sayyohining koʻziga muzdek zilol buloq koʻringani kabi nigohini uzishga kuch topolmas edi. Uning eri tasbeh, tamaki va gul kabi mayda-chuydalar sotish bilan shugʻullanardi. Turmush oʻrtogʻi vafot etganida Ummu Abbos hali qirqqayam kirmagan edi: huzurli yosh, qoʻshnilarning fikricha, ayol benuqsonlik choʻqqisini zabt etgan, uning vujudi, nafis terisidan kishini maftun etadigan oʻziga xos ifor anqib turadi... Buning ustiga Ummu Abbosga mol-mulk meros qoldi, eridan soʻng u uy-joy sohibasiga aylandi. Toʻgʻri, uy bir oz nurab qolgan, ammo toʻrt qavatli, pastki qavatda esa uchta doʻkoncha joylashgan.

    Bu mahalla kishilarining koʻpchiligi qashshoq edi, shuning uchun tul qolgan Ummu Abbos ularning koʻziga totli shirinlik boʻlakchasidek koʻrinar, aksar erkaklar uni oʻz ayoli sifatida koʻrishni xohlashardi. Ammo taqdir boshqacharoq farmoyish berdi: Ummu Abbosning xayolini band qilgan odam hech kimning diqqatini tortmaydigan Husayn aravakash boʻlib chiqdi, uyam mayliku-ya, Husayn hatto aravachaniyam ijaraga olgan edi. U oʻttiz yoshlardagi davangirday odam edi.

    Oʻzining qoʻpol va mushtumzoʻrligi bilan dong taratgan Husayn bahona topilishi bilan, baʼzan esa hech bir vaj-korsonsiz mushtlashishga hamisha tayyor turardi. Mahallada yoshu qari undan qoʻrqishar, hech kim bu odamga roʻpara boʻlishni istamasdi. Shunday sohibjamol qanday qilib uning tuzogʻiga ilinganiga hech kim tushunmadi. Qoʻshnilar ayoldan ranjidilar, gʻiybatini qildilar va uning tutgan yoʻlini notoʻgʻri deb baholadilar. Soʻng ogʻir xoʻrsinganlaricha:
    – Shoʻrlik ayol! Bechoragina oʻgʻli Abbos!.. – dedilar achinib.

    Abbos ayolning birinchi eridan boʻlgan farzandi. U yigirma yoshlardagi oʻta samimiy, ammo tentaknamo feʼlli oʻspirin boʻlib, dudogʻidan doimo bolalarcha tabassum arimaydi. Xayolchan koʻzlarida esa sirli ifoda balqib turadi. Hali yosh ekaniga qaramay soqol-moʻylov qoʻygan, ularni erinmay parvarishlab oʻstirardi. U taʼlim olish uchun boshlangʻich sinfga borganida alifboning birorta ham harfini eslab qololmagan. Natija maʼlum, butunlay savodsiz edi. Otasi oʻgʻli hayotda yoʻlini topishiga koʻmaklashish maqsadida uyning birinchi qavatida shirinliklar, noʻxat va pista sotadigan doʻkoncha ochib bergan. Toʻgʻri, Abbos shirinliklarni oz-moz sotib ham turardi, biroq aksariyatini bolalarga tekin tarqatardi. Onasi Husayn aravakashga turmushga chiqqanida u bir necha kun qayergadir yoʻqolib qoldi. Qaytganida esa qoʻshnilar undan ahvol soʻrasalar, taʼna aralash bosh chayqab:

    – Boshqa odamni otamning oʻrnida koʻrolmayman, onamning bu ishi yaxshimas, – dedi.
    Tentakligi tutib qolganida boʻlsa yuqoriga — onasining derazasiga qarab baland ovozda qichqirardi:
    – Olloh gunohingizni afv etsin, Ummu Abbos !

    Ilgarilari kech tushishi bilan u oʻzining galabeyini yechib, och koʻk rangli kostyumini kiyar, soqol va moʻylovini hafsala bilan silliqlab tarar, boshiga popukli hojidoʻppisini qoʻndirib, qoʻliga hassasini olardi-da, doʻkonchani qulflab, sayr qilib kelgani joʻnardi. U yoʻlida uchragan har bir odam bilan quyuq soʻrashardi. Ogʻziga qand boʻlagini solib olib, deyarli butun kecha davomida behad baxtiyor koʻrinishda tentib yurardi. Onasi turmushga chiqqanidan keyin ham bu odatini oʻzgartirmadi, ammo doʻkonchaga butunlay koʻchib oʻtdi. Onasi oʻgʻlining oʻjarligini bilgani uchun bunga qarshilik qilmadi. Tungi sayohatlari paytida oʻgʻli biron noxushlikka duchor boʻlishi mumkinligidan Ummu Abbos qoʻrqmasdi, hamisha farishtalar oʻgʻlimni asraydi, deya taʼkidlardi.

    Husayn kunlarning birida doʻkonchaga kirib keldi. Abbos kutilmagan mehmonga tik boqib, ovozini koʻtarib ochiqchasiga dedi:
    – Chiqib ket, seni koʻrishni istamayman!
    – Axir men oʻgay boʻlsa ham sening otangman-ku! – dedi Husayn gʻazabi qaynab tutaqqanicha.

    Odamlar janjal avj olib ketmasidan ularni ajratishga oshiqishdi. Husaynni tinchlantirishga urinib, oʻspirinni himoya qilishdi. Ummu Abbos bu holdan juda ranjidi, ohu koʻzlarida yosh yaltiradi. Chunki Abbos uning yagona farzandi edi. Shu bilan birga Abbosning chiroyli yuzi onasiga juda oʻxshab ketardi. Onasi esa uni haddan ortiq yaxshi koʻrardi.

    Husayn uylanganidan soʻng yanada qoʻpol va jahldor boʻlib qoldi. U ulfatlarini tez-tez mehmonga chorlab turar, ular bilan xurmachasidan toshgunicha ichardi. Oyogʻida zoʻrgʻa tik turib, xunuk ovozini baralla qoʻyib qoʻshiq aytardi.

    Abbos uni bunday yovvoyi holatda koʻrib, doʻkonidan koʻchaga chiqar, tepaga, onasining derazasiga qarata baland ovozda har doimgiday qichqirardi:
    – Olloh gunohlaringizni afv etsin, Ummu Abbos!

    Bir kuni garchand Ummu Abbosning derazasi yopiq boʻlsa-da, uning xonasidan koʻchaga shovqin-suron va xirillagan qichqiriqlar eshitildi:
    – Bu uyda men xoʻjayinman, hamma narsa menga tegishli!

    Ilgarilari hamma faqat hurmat va muhabbat bilan qaragan ayolga haqorat va poʻpisalar dovuli yogʻilayotganini eshitgan qoʻshnilar bir-biridan:
    – Nima gap? – deb soʻradilar.

    – Husayn bunchalar gʻazabda ekanining sababi pulga borib taqaladi, – javob berdi shu yerda yashovchilardan biri. – Axir ularning yagona daromadi — bino ijarasidan yigʻiladigan pullar. Uy esa ayolga tegishli.

    Oldinlari Ummu Abbos oq rangli uzun yopinchigʻini yelkasiga tashlab koʻcha aylanishga chiqar, tevarakdagi odamlarga viqor toʻla nigohlari bilan boqib oʻtardi. Biroq u endi hatto qoʻshnilar bilan soʻrashgani ham uydan chiqmay qoʻydi.

    Husayn doʻq-poʻpisa bilan xotinidan pul undirishda davom etardi, ammo u bunga qanoatlanmasdan bir kuni mast holda Abbosning doʻkoniga tushdi. Ovozini koʻtarib, bad feʼlini namoyish qila boshladi:
    – Hoy, yetimcha! Oʻlib ketgan otangdan senga hech boʻlmasa biron chaqa meros qolgandir-a? Yaxshilikcha ayt, pullaring qayerda?

    Abbos unga hatto oʻgirilib ham qaramadi, goʻyoki yon-verida kimsa yoʻqday. Hamisha doʻkoncha oldida oʻynab yuradigan bolakaylar boʻlsa tumtaraqay boʻlib qochib qolishdi.
    – Yo sen ham barcha shu uyda yashovchi kishilar singari ijara puli toʻla yoki bu yerdan qorangni oʻchir! – yigitga baqira boshladi Husayn.

    Shunda sut sotuvchi Bayyumi uni tinchlantirish uchun yordamga oshiqdi. Xudo asrasin-u, tagʻin bu odam jahl ustida biron gunoh ish qilib qoʻymasin. Shu sabab unga yaxshi gapirib doʻkondan olib chiqib ketdi. Ammo Husayn haliyam tili tutilganicha Bayyumining yuziga soʻlak sachratib, doʻkonga qarab baqirishda davom etardi:
    – Tentak, yaramas, haromi!

    Kechki payt Abbos yuzidagi hech oʻzgarmaydigan beozor ifoda bilan oʻzi uchun odatga aylangan sayrga yoʻl oldi. Yoʻlida uchraganlarga yoqimli jilmayib, iliq soʻzlar bilan soʻrashib oʻtardi. Husayn tagʻin xotiniga poʻpisa qilishga jon-jahdi bilan kirishdi. U xotinidan uy va doʻkonlarni oʻz nomiga oʻtkazishni talab qilayotgandi. Nizo borgan sari alanga olar, janjal butun mahallaga ovoza boʻlgandi. Baʼzilar ayolga maʼnan koʻmakka intildilar. Ummu Abbos qoʻshnilarga achchiq qismatidan nolib yigʻladi. Rahmdil kishilar Husayn bilan oʻrtasiga tushmoqchi ham boʻldilar, biroq er-xotinning oʻrtasiga esini yegan tushadi deb oʻyladilarmi, har qalay niyatlarini amalga oshirmadilar — Husaynning qahridan qoʻrqishdi. Axir u yaqindagina qoʻshnisi Karmallning adabini bergandi. Chunki u Ummu Abbos bergan pullarni oʻgʻliga yetkazishga koʻmaklashgan edi. Abbosga pul bergani uchun yarim tunda baxtiqaro ayolga kaltak yogʻildi, eng beadab soʻkishlar bilan haqoratlandi. Bechora yigʻlay-yigʻlay bunday yashashda davom etish mumkin emas, degan qarorga keldi...

    Tongotar sukunatini dahshatli chinqiriq ovozi tilka-pora qildi. Shirin uyquda yotgan odamlar qichqiriq qayerdan kelganini bilish uchun deraza tavaqalarini lang ochdilar. Koʻplar oʻsha joyga borishga otlandilar. Tunchiroq yorugʻida bangixona oldida qoʻrquvdan qaltirab turgan sut sotuvchi Bayyumini koʻrdilar. U mahallada hammadan oldin uygʻonar, hali tong yorishmasidan idishini koʻtarib sutga chiqardi. Bu odam nega bunchalar qoʻrqdi ekan? Qarasalar, undan sal narida Husayn yotardi. Boshining ostida qon halqob boʻlib toʻplanib qolgandi. Tanasi xuddi qopday choʻzilib harakatsiz dumalab yotardi.

    Butun mahalla gʻalayonga keldi. Darhol politsiyachilar yetib kelishib, tergov boshladilar. Tergovchilar ishni sinchiklab oʻrganishar, har bir gumonni tekshirishardi. Birinchi boʻlib Karmallni chaqirishdi. Chunki u Husaynning haqoratlari qurboni boʻlgan oxirgi odam edi. Keyin marhumning oʻnga yaqin doʻst-ulfatlari, soʻng adovatda boʻlgan kishilari, Ummu Abbos, ijarada turganlar, sutchi Bayyumining oʻzini ham soʻroq qildilar. Ammo ularning hammasi butunlay aybsiz ekanliklarini isbotlashning uddasidan chiqishdi. Hatto Abbosni ham tergovga chaqirishdi. Yigit jinoyat yuz bergan vaqtda qayerda boʻlgani haqidagi savolga goʻllik bilan jilmayib, javob berdi:

    – Xizr bilan.
    Tergovchi Xizr kimligi bilan qiziqib qoldi.
    – Nahotki yoʻlini yoʻqotganlarning homiysi boʻlgan hazrati Xizr haqida eshitmagansiz?! – dedi u gʻoyat ahmoqona iljayib.

    Odamlar Abbosning tungi sayrlari haqida bilishardi, u odatda sandiroqlaydigan joylar, uning bir oz tentakligi xususida guvohlik berdilar. Shuning uchun ham uni qotillik aloqador deb boʻlmaydi.

    Ish boshi berk koʻchaga kirib qoldi, jinoyat ochilmadi. Bitta xulosa aniq boʻldi: Husaynning boshi qandaydir oʻtkir buyum bilan yorilgan, natija esa oʻlim bilan tugagan. Toʻgʻrisini aytganda, marhumga hech kim achinmadi, faqat odamlar bir-biridan qotil kimligini surishtirishdi. Bu hodisa ancha vaqtgacha qoʻshnilarning suhbatlarida asosiy mavzuligicha qoldi.

    Oldiniga Abbos endi onasining uyiga qaytadi deb oʻylashayotgandi, ammo bunday boʻlmadi. Ayol qattiq qaygʻuga botib, hasrat chekdi. Shuncha koʻrgiliklariga qaramasdan goʻzalligi oldingi shukuhini saqlab qoldi. Ummu Abbos tagʻin magʻrur va maftunkor nigoh tashlab koʻchalarda yuradigan boʻldi.

    Bu oʻz samarasini berib, qoʻlini soʻrovchi talabgor ham topildi. Yosh erkak, hali oʻttizga ham kirmagan, qassoblik bilan kun kechiradigan kambagʻal bir kishi sohibjamolning yuragini zabt etdi. Uni Abdu deyishardi. Kelishgan, moʻmin-qobil, halol yigit. Odamlar hayron boʻldilar: “Nahotki Ummu Abbos oʻzining achchiq kechmishini unutgan boʻlsa?” Koʻz ochib yumadigan fursat oʻtmasidan Abdu uning eriga aylandi. Shunga nima boʻlibdi, balki Yaratgan uni oʻtmishdagi uqubatlari uchun yaxshilik bilan taqdirlamoqchidir. Biroq turli gumon va mishmishlar tarqay boshladi: Husaynning sirli oʻlimi Abdu bilan aloqador emasmikin?

    Abbos yana oldingi gapini takrorladi:
    – Otamning oʻrnida boshqa kishining boʻlishi yaxshi emas.

    U yana koʻchaga chiqib, tepaga qarab baland ovozda qichqiradigan boʻldi:
    – Olloh gunohlaringizni afv etsin, Ummu Abbos!

    Vahimali mishmishlar politsiyaga qadar yetib bordi. Natijada yana tergov ishi ochildi. Ummu Abbos va uning yangi erini soʻroq qilishdi, ammo hech nima oydinlashmadi. Jumboq yechimsiz qoldi.

    Abduning tabiati tilla edi — xotiniga hurmat bilan munosabatda boʻlardi, undan mehr-muhabbatini darigʻ tutmasdi. Dastavval Abbosga xayrixohligini namoyon qildi, biroq yigit uning bu istagini qatʼiy rad etdi.
    – Meni oʻz holimga qoʻy, – dedi u choʻrt kesib.

    Shunga qaramasdan oʻgay otasi u haqda qaygʻurish va tashvishlanishda davom etdi. U Ummu Abbos oʻgʻlini yashash uchun zarur vositalar bilan taʼminlayaptimi-yoʻqmi, nazorat qilib turardi. Bu orada Abdu amalda ancha jurʼatli va mulohazakor ekanligini koʻrsatdi. U rafiqasi, yaʼni uy bekasiga binoning eski hovlisini sotishni taklif qildi. Uning puliga esa uyni taʼmirlash va yana bir qavat qurish mumkinligi taklifini kiritdi. Ummu Abbos unga butunlay ishonadigan boʻldi. Erining maslahatlariga quloq tutardi. Ijaradan keladigan daromad anchagina koʻpaydi. Odamlar Abduning uddaburon ekanligiga qoyil qoldilar: “Buni haqiqiy inson desa boʻladi!” Hatto bir kuni Abbos kechki sayrdan oldin yengil tamaddi qilish uchun sut-qatiq doʻkoniga kirganida Bayyumi unga dedi:

    – Sening qalbing farishtalarniki kabi top-toza, Abbos! Lekin nimaga Abdudek oliyjanob insondan oʻzingni olib qochasan?
    Abbos goʻyo savolni eshitmagan kabi yangi ivitilgan qatiqni lazzatlanib ichishda davom etdi. Javob bermadi.
    – Nima, sen koʻngilchan va yaxshi odamlarni yoqtirmaysanmi? – qaytadan gap boshladi Bayyumi.

    Abbos shoshmasdan Bayyumiga boʻshagan kosani uzatdi va koʻziga xotirjam tikilib taʼkidladi:
    – Battol u. Qassobxonasida goʻshtni qanday nimtalashini koʻrganingizda edi.

    Bir qancha vaqt oʻtdi. Abdu nafaqat xotini va oʻgay oʻgʻliga himmat koʻrsatar, balki oʻzining oila aʼzolariga ham yaxshilik qilishdan charchamasdi. Ummu Abbosning uyida bironta xona boʻshashi bilan qarindoshlaridan kimnidir ijaraga qoʻyardi. Agar qarindoshi kambagʻalroq boʻlsa, xotinidan ruxsat olib ijara haqini tushirardi. Onasi va singlisini bu xonadonga boshlab kelguniga qadar hammasi yaxshi edi. Navbatdagi ijarachi chiqib ketganidan soʻng oʻsha uyga onasi va singlisini koʻchirib keldi. Qoʻshnilar bu haqda hatto maqol toʻqiy boshladilar: daraxt kovagidan olgan qoʻlingdagi asal shirin albatta, biroq arilar ustingga qora bulutdek yopirilishi ham bor. Gapning nafsilamrini aytganda, kutilmaganda uyiga qaynanasining koʻchib kelishi Ummu Abbosga shavq olib kelmadi, ammo hech nima qilolmadi ham. Unga bir narsa ravshan edi: boshqaruv jilovi endi qoʻlidan chiqib ketdi, ortiq bu yerda bekalik qila olmaydi. Chunki qaynanasi hammasini oʻz qoʻliga olgandi. Bechora ayol oʻzini butunlay keraksizdek his qildi.

    Bir kuni u uyning pastki qavatidagi uchta doʻkondan ikkitasining devori nurab darz ketganini payqab qoldi. Ikkita doʻkonchani taʼmirlab, bitta katta magazinga aylantirdilar. Peshtaxta oynalari ostida buzoq va qoʻylarning nimtalanmagan goʻshtlari paydo boʻldi. Abdu bu yerga qoʻshni mahalladagi bechorahol qassobxonasi koʻchirib kelgandi. Magazin ochilishi munosabati bilan duo oʻqib, baland ovozda Ollohga shukrona aytdi. Axir Parvardigor unga qonuniy boylik ato qildi.

    Qoʻshnilarning suhbatlariga yana mish-mish oraladi:
    – Bu odam halollik va oliyhimmatlilik timsoli, – taʼkidladi bittasi.
    – Yoʻq, u ikkinchi Husayn, faqat bu vijdonsizligini yumshoqlik bilan amalga oshiradi, xuddi uyqusiragan odamni allalagan kabi, – eʼtiroz bildirdi boshqasi.
    Kimdir uning oliyjanobligidan shubhalandi, kimdir esa hasaddan ich-etini yedi.

    Abdu sezilarli darajada oʻzgardi, koʻzlaridagi beozorlik oʻrnini oʻziga ishonch egalladi. Odatiy muloyimlik chekinib, qatʼiylik va dadillik paydo boʻldi. U moliyaviy muvaffaqiyatga erishdi, yirik doʻkondorga aylandi. Bu qatʼiylik va dadillik savdo ishlaridagina aks etmadi, u uyda ham oʻzini shunday tutadigan boʻldi. Ummu Abbos qaynanasi va qaynsinglisi bilan nizoga borsa, keskin turib ayolning aqlini kiritib qoʻyardi. Ayol uning qahridan qattiq qoʻrqardi, chunki u Abduning latif va yumshoq muomalasiga oʻrganib qolgandi. Ummu Abbos chuqur iztirobga tushdi. Oilaviy munosabatlari toqat qilib boʻlmaydigan darajada yomon ahvolga kelib qoldi. Nihoyat u yoʻqotgan huquqlarini oʻziga qaytarishga urinib koʻrishga ahd qildi.

    – Men oʻz uyimda begonalarsiz bemalol yashashni istayman, – deb maʼlumladi u eriga.
    – Istayotgan boʻlsang, ketaver, toʻrt tomoning qibla! – oʻylab oʻtirmasdan javob berdi Abdu ovozini koʻtarib.
    Ummu Abbos quloqlariga ishonmadi.
    – Bu mening uyim, – ovozi oʻzgarib ayyuhannos sola boshladi u, – aksincha, urugʻ-aymogʻing bu yerdan qorasini oʻchirishsin!

    Janjal boshlanib, ayollar toʻsatdan yoqalashib ketdilar. Abdu onasini xafa qilishni istamasdi. Shu sabab xotiniga tashlandi, uni urib-kaltaklab, itarib-itarib uydan chiqarib yubordi. Ummu Abbos soʻppayganicha koʻchada qoldi. Yaxshiyam unga bechorahol bir oila boshpana berdi, bular birinchi erining uzoq qarindoshlari edi. Bu mojaro hammaga yomon taʼsir qildi. Abbos onasining yangi manzilgohiga borib, baland ovozda qichqirdi:
    – Olloh gunohlaringizni afv etsin, Ummu Abbos!

    Qoʻshnilar nima qilishni bilishmasdi. Ular boshlariga tashvish orttirishdan qoʻrqib, pichirlab gaplashishardi. Axir Abdu obroʻli inson, uning gʻazabi bilan oʻyin qilib boʻlmaydi. Kimdir sudga murojaat qilish taklifini kiritdi, ammo hamma oʻzining tinchi buzilishidan xavfsirardi. Faqat Abbosgina Abduga ochiqchasiga hazar qilib qarardi. Oqibat uning bu qarashlari Abduning joniga tegib, kun koʻrishi uchun Abbosga pul berishni toʻxtatdi.

    – Esi pastning qoʻliga pul berish befoyda, – dedi u hammaga eshittirib. – Istalgan biringiz, – davom etdi u mojaroning xolis kuzatuvchilariga yuzlanib, – mana bu ovsardan koʻra pullarga koʻproq haqlisiz.

    Odamlar boʻlsa, echki va qoʻyning nimtalanmagan goʻshtlari toʻla peshoynaga tikilib qolishdi. Ichlarida: “Bu farovonlik va dabdabaga kim tufayli erishganini unutib qoʻydi chogʻi?” degan savolga toʻxtalardilar.

    Abbos uning gaplariga eʼtiborsiz edi, hatto ilgaridagidan-da baxtli va erkinroq koʻrinardi. Bugun ham odatdagidek kechki sayrga otlandi. Oʻzini butun boshli qirollikning yagona vorisi kabi tutardi. Odamlar Ummu Abbosning xosiyatsiz ayol ekanligini gapirishardi, feʼlidagi nuqsonlik tufayli ayol doim kulfatga duchor boʻlaveradi. Ummu Abbos erining nochor qarindoshlarinikida yashab turgan paytda Abdu yanada boyib ketdi. Endi u shaharning moliyaviy ishlarida qatnashadigan gʻayratli ishbilarmonga aylangandi. Yaxshi odamlar oraga tushib, rafiqasi bilan yarashtirishdi. Ummu Abbos uyiga qaytdi, ammo qalbi siniq, munosib hayot kechirishga umid qilmagan holda edi. Abdu unga Abbosning kun kechirishi uchun mablagʻ berib turishiga yana yoʻl qoʻymadi. U boshqacharoq yoʻl tutmoqchi ekanligini, doʻkonchani qarindoshlaridan biriga sotadigan boʻlganini, u odam Abbosdan koʻra tejamli va rejali ish yuritishini aytdi.

    Abdu allaqachon farovon hayotga odatlangandi. Yangi boshlagan tinchgina turmushi unga maʼqul tushgandi. Kallasiga hashamdor salla oʻrab, yelkasiga tuya terisidan poʻstin tashlab, bejirim etik kiyib olgandi. Qoʻllariga Xon al-Xalil 2 ning tilla bozoridan olgan yirik uzuklarni taqib koʻchaga chiqqanida undan oʻtkir mushk isi kelib turardi.

    Xon al-Xalil 2 — Qohiradagi mahalliy hunarmandlarning oltindan ishlangan buyumlari va boshqa mahsulotlar sotiladigan qadimiy bozor.
    Atrofdagilar uni pichirlagan kuyi kuzatib qolishardi:
    – Iloho, umringiz uzun boʻlsin...

    Kunlarning birida tungi sukunatni yana vahimali chinqiriq buzdi. Qoʻrqib ketgan odamlar deraza tavaqalarini lang ochdilar. Bu gal ham bangixonaning oldida sut-qatiqchi Bayyumi qoʻrquvdan qaltirab turardi. U toʻplanganlarga yerda xuddi qop kabi choʻzilib yotgan odamni koʻrsatdi. Bu xoja Abdu edi. Uning yorilgan boshidan qon halqob boʻlib tushgandi. Mahallada xuddi zilzila yuz bergandek edi. Politsiya, tergovchilar, guvohlar... Koʻpchilikni soʻroq qilishdi, lekin hech kimga kichik bir gumon ham tushmadi. Hamma Abduning oʻlimi ham xuddi Husaynniki kabi jumboqligicha qolishi toʻgʻrisida gapirardi.
    – Juda gʻaroyib voqealar boʻlyapti! – gapirishardi qoʻshnilar qoʻllarini bir-biriga ishqab. – Endi Ummu Abbosning navbatdagi turmush oʻrtogʻi kim boʻlar ekan-a?

    Abbos odatiy kechki sayrdan oldin tamaddi uchun Bayyumining doʻkoniga kirdi. U qatiq ichib oʻtirar ekan, doʻkon sohibi vazmin koʻrinishda, ammo ajablanganicha uni kuzatib oʻtirardi.
    – Qanchalar qoʻrqinchli odamsan-a, Abbos! – deb yubordi Bayyumi biroz ikkilanishdan soʻng.

    Yigit unga qarab doʻstona tabassum qildi.
    – Men bangixona oldida uchratganimda Abdu hali tirik edi, – axiyri pichirladi Bayyumi, – u joni chiqishidan oldin qotilning ismini menga aytdi.

    Abbos moʻylovini silab tekislagan boʻldi, keyin qoshigʻini yana qatiqqa toʻldirdi-da, xotirjam koʻrinishda ogʻziga olib bordi.
    – Abdu aytgan odam Husaynni ham oʻldirganiga ishonchim komil, – davom etdi Bayyumi.

    Abbosning yuzi xuddi allaqachonlar unutilgan timsolni xotiriga olib qiynalgan odam misoli bir ongina taranglashdi. Keyin u yana qatiq ichish bilan andarmon boʻldi.
    – Ammo men tergov vaqtida qotil haqida unutdim. Ollohning irodasi bilan shunday boʻlgan degan qarorga keldim! – dedi Bayyumi.

    Abbos kosani boʻshatdi va doʻkondan chiqib ketishga taraddudlandi.
    – Kimsan oʻzi, Abbos? – savoldan oʻzini tiyolmadi Bayyumi. – Har kecha hazrati Xizr sen bilan nimani gaplashadi?
    Najib MAHFUZ

    Rus tilidan Xosiyat RAJABOVA tarjimasi

    Manba: Darakchi.uz

    » » Tungi suhbat