O‘zimga nasihatlar

  • 13 aprel 2019, 18:53
  • 1 168
  • Hayot tarzi
  • O‘zimga nasihatlar
    – Hech kim bilishini istamagan gunohlaring bo‘lsa, boshqa birovning xatolarini oshkor qilma. Hech qanday xatoing, yashiriladigan aybing bo‘lmasa ham boshqalarning xatosini oshkor qilma. Nuqsonlaringdan qutulganingni o‘ylab shod yashayotganingda, yana o‘zingni aybu nuqsonga botirma.

    – O‘rganish, bilishning oxiri bo‘lmaydi. Buni unutma. Qanchalik bilsang-da, seni xatoga boshlaydigan bir bilmaydigananing chiqaveradi. Inson o‘ziga nimadir yetmagani uchun emas, O‘ZINI BILMAGANI uchun xato qiladi. O‘zingni bil, inson bo‘l...

    – Nasihat qilma, nasihat bo‘lgin. Gapirishni qo‘y, amalga o‘tgin. So‘z birovga aytganing, hol o‘zingga sukuting. O‘zingga eshittirmagan yaxshilikni boshqalarga aytishdan foyda yo‘q. Amaling bilan so‘zing bir bo‘lmasa ovozingni faqat quloqlar eshitadiyu ma’nosiga kelganda qalblar kar bo‘ladi. Shunday kamolotga musharraf bo‘lginki, holingni ko‘rgan so‘qirlar sendan nasihat olsin. Bo‘ldirishni qo‘ygin, bo‘lishga harakat qil...

    – Anglatdim anglamadi deb anglamagandan jahling chiqmasin. Men anglatolmadim deb o‘zingni tahlil qilgin. Senga aytilgan har bir so‘zni keragicha anglab yetguningacha hech kimdan aytgan har bir so‘zingni anglashini kutma.

    – O‘z nuqsonlari bilan mashg‘ul bo‘lsa-da, komillik darajasiga yetmaganlar bordir. Lekin birovning qusurini sanash bilan kamolotga erishgan yo‘q.

    – Birovning egriligini kavlashtirib o‘zingni to‘g‘rilashga vaqt topmaguncha, o‘zingni to‘g‘rilash bilan mashg‘ul bo‘lib, birovning egrisini ko‘rishga holing qolmasin...

    – Yaxshi ko‘rgan insoningdagi senga yoqmagan bir xislatning to‘g‘rilanishi uchun g‘ayrat qil, ammo insofli bo‘l. O‘zingda bo‘lgan, seni behalovat qilgan bir qancha o‘zgartirolmagan xislatlaringni esla. Sabr qil, insof qil, duo qil. O‘zgartirishning oson emasligiga o‘zingni o‘zgartirolmayotganing eng katta isbot emasmi?...

    – O‘zingniki bo‘lmagan narsani tark qilolmasligingni bilganing qadar, tark qilomaydigan narsaning egasi bo‘lolmasligingni ham bil. O‘ziniki bo‘lmagan narsani tark qilmaslik quruq iddao, tark etmaganini qo‘lga kiritdim deb o‘ylamoq ulkan vahima. Tark qilish ta’limi bardavom bo‘ladi...

    – O‘zingga istagan halovatni boshqalarga ko‘p ko‘rma. Sen istagan narsalar xato yoki nuqsonli bajarilganda, sendan istalganida nuqsonli yoki yanglish bajargan ishlaringni esla. Insonsan bo‘lib turadi, qarshingdagi-da inson, bo‘lib turadi. Buni to‘g‘ri qabul qil. Bandalar sendan istagan hamma narsani butkul bajaradigan darajada mukammal bo‘lolmaysan, ammo, deylik shunday komil ekansan, bunga ishonib zinhor boshqalarga bepisandlik qilma! Avval seni Yaratganning sendan istagani, ammo sen bajarolmagan yoxud nuqson bilan bajargan ishlaringni esla. Keyin esa sening istagingni bajarolmaganni sen yaratmaganingni o‘yla! Seni Yaratganning senga lutf etgan avf va marhamatini sen ham Yaratganning yaralmishlaridan qizg‘onma!...

    – Bajarish kerakligini bila turib bajarmaganingdan, qo‘l urilmasligini bila turib qo‘l urganingdan tushunib yetginki, ma’rifat – bir narsani bilish emas u talab qilganidek bo‘la olishdir. Modomiki, amal qilmas ekansan, bilishdan voz kech demayman. Bilaks, modomiki bilasan, amal qilish dardiga tush!

    – Haqiqiy ilmni kitoblardan o‘rganish mumkin lekin ilmni o‘zingda aks ettirmay, muvaffaqiyatga erishmaysan. Darding ne bo‘lsa bo‘lsin, dardi borlar bilan birga bo‘lginki, darmon topasan. Qaroqchi bo‘lmoqchi bo‘lsang avliyo eshigida umringni bitirma. Muhabbat dardida bo‘lsang o‘z qalbingga qaroqchilik qilma! Sevganining taqdirida insonning hissasi bo‘larmish. Hamdardingni shunday go‘zal sevginki, darmon seni quchmaganiga uyalsin!..

    – Deydilarki, qahr nima, lutf nima o‘ta ahmoq kimsa ham biladi. Ammo qahr suratidagi lutf, lutf libosidagi qahrni ajratish faqatgina oriflarning muvaffaqiyati. Orif emasliging tarifga quloq solmasligingga monelik qilmasin. Senga bir yaxshilik lutf etilganida bir yondan hamd et, bir yondan-da “al-Omon!” degin, “Omon, yo Robbi! Bu ishning natijasi qahr bo‘lmasin!” Boshingga qahr kelganida ham sabr qil; “Bu ish bilan murod qilganing xayrni hozirdan ko‘nglimga ilhom qil, yo Rab, rizoyu tahammul (toqat) kuchi bilan meni quvvatlantir!" deya istig‘for bilan yolvorgin...

    – “Laa fo’ila illallah” sirini tahqiq ila bilmoqchi bo‘lsang, taqlid bilan yo‘lga tush. Balki har yo‘lga chiqqan manzilga yetolmas, ammo unutma, yo‘lga chiqmay turib manzilga yetib borilmas. Na senga qilingan ehsonni o‘zingning yaxshiligingdan bil va na senga qilingan zulmni birovning yomonligidan. Barcha ishlarini sabablar qo‘li bilan yaratgan Qudrat, yaxshi ishlariga sabab qilib bandalarini vasila aylar. Qalbingga sarlavha qilishga kuching yetmasa, hech bo‘lmaganda uying devoriga osib qo‘y bu muazzam haqiqatni:

    “Na qahru dastu odamdan, na lutfu oshinodan bil
    Ishlaringni Haqqa tafviz et, Janobi Kibriyodan bil"...

    – Tavoze tilning emas, dilning amalidir. Mutavoze ko‘rinish bilan, tavoze sohibi bo‘lish orasidagi farqni idrok et; mutavoze bo‘l. Tavoze ko‘p narsang bo‘lsa-da, hech narsang yo‘qday ko‘rinish emas; hamma narsang bo‘lsa-da, hech nimaga arzimasligini anglamog‘ingdir. Atrofdagilar borni yo‘qday ko‘rsatadigan xatti-harakat emas, o‘zingda bo‘lmaganni o‘zingga bildirmay, bor bilishingdir tavoze. Yaxshiligingni birovlardan yashirish uchun tilingda jilvalanayotgan jumlalar emas, yomonlardan ekanligingni o‘zingga eslatish uchun qalbingning sukutidir tavoze. Ayqash-uyqash fikrlarning orasida tavozeni izlayapsanmi buyuklar so‘ziga quloq tut: “Tavoze – uchratganing har bir kishini o‘zingdan yaxshi deb bilishingdir". Bilding va bu hikmatga rioya qilding deylik. Oriflar qalbidan sizib chiqqan bu ogohlantirishni-da unutma: “Haddan ortiq tavoze ko‘rsatish ham takabburlikdir. Chunki o‘zini mukammal his etgan tavozeli ko‘rinishga harakat qiladi. Holbuki, mutavoze kishi o‘zini mukammal sanamaydiki, tavoze ko‘rsatsin...”

    – Bandalik haqingga rioya qilishni istasang, na borayotgan yeringni unut, na-da kelgan joyingni esingdan chiqar. O‘lmasdan oldin o‘lganlarning yashadim deyolmaydigani bu dunyoda “yashash uchun keldim!” deya o‘ylashni bas qil-ki, o‘lim bilan yo‘q bo‘lib ketmasligingni tushunib yetasan.
    – Faqat gapirayotgan yaxshi gaplariga o‘zi amal qilgan kishinigina, so‘zlari boshqalarga ta’sir qiladi. Sen o‘zingga nasihat qilishga jazm etibsan. Amal qilsang tildan to‘kishga ne hojat; amal qilmasang bilganlaringning ne foydasi bor? Jimjimador jumlalar bilan o‘zingga nasihat qilishni qo‘y, sukuti bilan nasihat qilganning qarshisida tizza bukib o‘tir; inson nasihatlariyu aytganlari bilan BIR bo‘lsagina inson bo‘ladi!..
    Umida ADIZOVA

    Manba: Azon.uz

    » » O‘zimga nasihatlar