“Dollarga qarshi urush”. Dunyoning eng qudratli valyutasining oʻtmishi va kelajagi (foto)

  • 5-10-2018, 21:37
  • 1 601
  • Iqtisodiyot
  • “Dollarga qarshi urush”. Dunyoning eng qudratli valyutasining oʻtmishi va kelajagi (foto)
    Kuni kecha The Bell Rossiya hukumati iqtisodiyotni dollardan xalos qilish uchun loyiha tayyorlayotgani haqida xabar qildi. Xabarda taʼkidlanishicha, bir-ikki haftadan soʻng u RF bosh vaziri Dmitriy Medvedev tomonidan tasdiqlanadi.

    Dedollarizatsiya – dollardan xalos boʻlish nima uchun kun tartibiga chiqdi? Bu qanchalik oson yoki murakkab? Dollar qanday qilib dunyoning mustahkam valyutasiga aylanib qolgan? Bu savollarga quyida javob topishga harakat qilib koʻramiz.

    Katta sahnaga qadam

    Foto: Kommersant

    Bretton-Vuds shahrida boʻlib oʻtgan BMT valyuta-moliya konferensiyasida 44 mamlakat vakillari imzolagan kelishuv asosida Bretton-Vuds tizimi tashkil etildi. Sovet Ittifoqi bu konferensiyada qatnashmagan va oʻshanda tuzilgan Xalqaro valyuta jamgʻarmasiga aʼzo boʻlmagan, shu bois rubl konvertatsiyalanadigan valyutalar qatoridan joy olmagandi. Shuning uchun SSSR urush davrida olgan qarzlarini oltinda toʻlashiga toʻgʻri kelgandi.

    Qoʻshma Shtatlar esa urush yillarida boyigandi. 1938 yilda Vashingtonning oltin zaxiralari 13 ming tonnani tashkil etgan boʻlsa, 1945 yilda 17,7 ming tonnaga, 1949 yilda esa 21,8 ming tonnaga yetib, butun dunyodagi oltin zaxiralarining 70 foizini tashkil etgandi.

    Konferensiya qatnashchilari xalqaro toʻlovlarda oltin oʻrniga dollarda hisob-kitob qilishga qaror qilishdi, yaʼni dollar oltinga tenglashtirildi. Shu bilan birga, dollardan boshqa hech bir valyuta oltinga almashish “qobiliyati”ga ega boʻlmay qoldi. Dollarning rasmiy narxi ham belgilandi: bir gramm oltin uchun 1,1 dollar.

    Yevropani tiklash boʻyicha Marshall rejasiga muvofiq, Yevropa milliy iqtisodiyotlariga dollar “kiritish” boshlandi. Buning natijasida Yevropa davlatlari markaziy banklari oltin-valyuta zaxiralarida dollarning ulush sezilarli darajada koʻpaydi. Bu umuman olganda, mantiqan toʻgʻridek edi, chunki oʻsha paytda oltinga belgilangan kurs boʻyicha faqatgina Amerika valyutasini almashtirish mumkin edi.

    Bu tizim uzoq vaqt hukm surdi. Shu bilan birga, oʻtgan asrning 60-yillari oxiri 70-yillari boshlarida dollardan toʻlov va zaxira uchun asosiy valyuta sifatida faol foydalanishni boshlagan xalqaro hamjamiyat uchun dastlabki ogohlantiruvchi qoʻngʻiroq chalindi. Bu valyuta bozorlarida dollar qiymatining tushib ketishiga olib kelgan AQSH iqtisodiyotining navbatdagi, toʻrtinchi defoltga duch kelishidan soʻng yuz berdi.

    “Dollarimni oltiningga almashtirib ber”

    1965 yil 4 fevralda Fransiya prezidenti Sharl de Goll xalqaro toʻlovlar hech shubhasiz oltin bilan belgilanishi kerakligi haqida bayonot berdi.

    “Oltinning xususiyati hech qachon oʻzgarmaydi: u yombi, tanga, boshqa koʻrinishda boʻlishi mumkin, uning millati boʻlmaydi, u qadimdan oʻzgarmas qiymati uchun butun dunyoda qabul qilinadi. Shubhasiz, bugun ham har qanday valyuta qiymati bevosita yoki bilvosita oltin bilan oʻlchanadi”, dedi u va AQSH prezidenti Lindon Jonson bilan uchrashuvda Fransiya davlat rezervlaridagi bir yarim milliard naqd dollarni oltinga almashtirib berishni talab qildi.

    Vashington Fransiyani bu harakat Shtatlar tomonidan nodoʻstona deb baholanishi va salbiy oqibatlar keltirib chiqarishi mumkinligidan ogohlantirdi. General esa Fransiyaning NATOdan chiqishini va mamlakat hududidan NATO shtab-kvartirasi hamda bazalarini chiqarib yuborishini eʼlon qildi.

    Buyogʻiga amerikaliklar bilan asosan parijlik moliya mutaxassislari muloqot qilishdi.

    “Barcha hujjatlar tayyor. Fransiya banki vakili AQSH gʻaznachiligiga aytilgan pulning teng yarmini olib keldi”, degan xabar berildi Vashingtonga.

    Nyu-York portida Fransiyaning “pul tashiydigan” kemasida 750 million dollar naqd pul tushirishga shay holda turardi. Har bir dollar uchun 1,1 grammdan oltin olgan Parij uchun bu kelishuv samarali boʻldi – AQSHdan 825 tonna oltin olib ketildi. Aeroportda esa yana shuncha miqdordagi valyuta yuklangan samolyot turganligi maʼlum qilindi. Bu faqat boshlanishi edi. Ikki yil ichida Fransiya AQSHdan 3 ming tonnadan ortiq oltin oldi.

    Fransuzlar ortidan nemislar ham dollarni oltinga almashtirish uchun okeanortiga otlanishdi. Oq uy rahbariyati qarshisida federal kansler, iqtisod fanlari professori Lyudvig Erxard fransuzlarni qoralar ekan, Germaniya gʻaznasidan yigʻib kelgan dollarlarini namoyish qildi va “Biz ittifoqchilarmiz, shunday emasmi? Marhamat qilib shu pullarni oltinga almashtirib bering” dedi. Amerikaliklar bundan larzaga tushishdi, ammo pul oʻrniga oltin berishga majbur boʻlishdi. Buyogʻiga boshqa mamlakatlarning markaziy banklari AQSHga yurish boshladi: Kanada, Yaponiya...

    1968 yil martda amerikaliklar birinchi marta dollarning oltinga erkin almashtirilishini cheklashdi. 1971 yilning iyul oyi oxiriga kelib AQSHning oltin zaxirasi 10 milliard dollardan pasayib ketdi. Shundan soʻng “Nikson-shok” nomi bilan tarixga kirgan voqea sodir boʻldi. Oʻsha yilning 15 avgustida AQSH prezidenti Richard Nikson dollarning oltinga bogʻliqligi bekor qilinganini eʼlon qildi.

    Bu voqea hamda faqatgina dollarga tayangan mavjud tizimga boʻlgan ishonchning pasayishi avvaliga XVJ ichida ayrim huquqlar joriy etilishiga, soʻngra Yevropadagi davlatlarning oʻz yagona valyutalarini ishlab chiqish gʻoyasi paydo boʻlishiga olib keldi.

    Vashingtondagilar oltin standartidan voz kechish dollarga boʻlgan xalqaro talabga sezilarli xavf olib kelishini, Amerika valyutasiga boʻlgan talabni sunʼiy ravishda ushlab turish iqtisodiyot gullab-yashnashining asosiy sharti ekanini tushunishardi. Shu bois Vashington jahon moliyaviy tizimini nazorat qilishda davom etish uchun samarali yoʻlni izlay boshladi. U dollarga boʻlgan talabni kafolatlashi lozim edi va bu yoʻl topildi.

    Maxfiy kelishuv

    1973 yilning 6 oktyabrida Isroil Misr va Suriyaga qarshi urush boshladi. 13 oktyabr kuni Kuvaytda arab davlatlari neft vazirlari yigʻilishdi va Isroil qoʻshinlari bosib olingan hududlardan toʻliq olib chiqib ketilmaguniga qadar neft qazib olish hajmini har oyda 5 foizdan kamaytirishga kelishib olishdi. Saudiya Arabistoni va Kuvayt neft qazishni birdaniga 10 foizdan ortiqroqqa qisqartirdi. 20—22 oktyabr kunlari arab davlatlari birin-ketin Isroilni qurol bilan taʼminlagan AQSHga, keyinroq Isroil tomonida boʻlgan Niderlandiyaga neft yetkazib berish toʻxtatilishini maʼlum qildi. Arab davlatlarida neft qazib olish hajmi uchdan bir qismga kamaydi.

    AQSHda benzin va dizel yonilgʻisi hamda aviatsiya kerosini narxi osha boshladi. 1973 yilda bir barrel neft narxi 3 dollardan 5 dollarga koʻtarildi. Keyingi yil davomida neft narxi 12 dollarga yetdi, fond bozori quladi, iqtisodiyot boshi berk koʻchaga kirib qoldi.

    1974 yilning iyulida AQSH moliya vaziri Uilyam Saymon Saudiya Arabistoniga rasmiy tashrif bilan keldi. Hattoki prezident Richard Nikson atrofidagilarning ham koʻpchiligi tashrifning asosiy maqsadi haqida bilmasdi.

    Saymon saudiyaliklarning “neft quroli”ni bartaraf etish va qirollikni AQSH byudjetining defitsitini moliyalashtirishga koʻndirish uchun tashrif buyurgandi. Vazir ortga rad javobi bilan qayta olmasdi – mamlakatning moliyaviy farovonligi unga bogʻliq edi.

    Saymon Amerika davlat qarzlari eng jalb qiladigan omil ekanligini yaxshi bilardi. U saudiyaliklarni AQSH investitsiya uchun eng yaxshi joy ekanligiga ishontira oldi.

    Kelishuv esa juda oddiy edi: AQSH Saudiya Arabistonidan neft sotib olish va unga harbiy texnika hamda uskunalar yetkazib berish majburiyatini oldi. Saudiyaliklar esa neftni faqat dollarga sotishga, AQSH xazina obligatsiyalari uchun milliardlab dollar ajratishga va mamlakatning xarajatlarini moliyalashtirishga vaʼda berishdi.

    Shu bilan birga, Saudiya qiroli investitsiyalar haqidagi maʼlumotlar qatʼiy sir saqlanishi lozimligini talab qildi. Bloombergʻga bu kelishuv haqida oradan 40 yil oʻtgach, AQSH milliy arxividagi maʼlumotlar oʻrganilganidan soʻng maʼlum boʻldi.

    1975 yilga kelib esa OPЕKning barcha aʼzolari neft savdosida AQSH dollari bilan hisob-kitob qilishga rozi boʻlishdi va dollarning yana chorak asrlik hukmronligi taʼminlandi.

    “Dollarga kim qarshi?”

    Foto: Getty

    Yigirma yil avval dollardan voz kechish haqida hech kimga qoʻshilmaydigan iqtisodchi va siyosatchilargina gapirishi mumkin edi va ularning fikrini hech kim jiddiy qabul qilmasdi. Besh yil ilgari esa bunday takliflar balandroq yangray boshladi, ammo ular asosan iqtisodiy va moliyaviy anjumanlarning radikal kayfiyatdagi qatnashchilari yoki moliya yoʻnalishida u-bu qoralab turadigan mutaxassislari tomonidan aytildi.

    Bugungi kunga kelib esa yirik davlat rahbarlari goh minbarlarda, goh yuzma-yuz uchrashuvlarda dedollarizatsiya haqida baralla soʻzlashmoqda.

    Jumladan, oʻtgan yili Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdoʻgʻan Dehlida boʻlib oʻtgan turk-hind biznes forumida Turkiya va Hindiston oʻzaro hisob-kitoblarda dollardan voz kechish va milliy valyutalarda toʻlovlarni amalga oshirish imkoniyatini muhokama qilishlari mumkinligi haqida bayonot berdi.

    “Eksport va import amaliyotlari milliy valyutalarda amalga oshirilishi mumkin, bu esa valyuta kurslari tebranishlari bilan bogʻliq salbiy taʼsirlarni kamaytiradi”, — dedi Erdoʻgʻan.

    Anadolu agentligi avgustda Erdoʻgʻanning Turkiya Xitoy, Rossiya, Eron va Ukraina bilan oʻzaro savdo-sotiqni milliy valyutalarda olib borishga tayyorlanayotgani haqidagi soʻzlarini keltirdi.

    Shu yil kuzda Bishkekka rasmiy tashrifi chogʻida tashkil etilgan qirgʻiz-turk biznes-forumida esa Erdoʻgʻan “xalqaro savdoda dollar hukmronligiga chek qoʻyish zarur”ligini taʼkidladi.

    Uning soʻzlariga koʻra, savdoni goʻyoki yengillashtirish uchun yaratilgan, dollarga bogʻlangan tizim hozir eng katta muammoga aylandi, savdo urushlari va proteksionizm koʻplab sohalarda yangi strategiyalardan foydalanishga majbur qilmoqda.

    12 sentyabr kuni Yevroparlament oldida chiqish qilgan Yevrokomissiya prezidenti Jan-Klod Yunker dollar borasida keskin fikr bildirdi.

    “Energiya importining bor-yoʻgʻi ikki foizi AQSHga toʻgʻri kelgani holda Yevropa 80 foiz energiya importi uchun pulni (yiliga 300 milliard yevro) Amerika dollarida toʻlashi bemaʼnilik. Yevropa kompaniyalari Yevropa samolyotlarini yevroga emas dollarga sotib olishlari bemaʼnilik”, dedi u.

    Yevrokomissiya rahbari yil oxirigacha taqdim etilishini aytgan rejaga koʻra, neft va gaz eksportchilariga shartnomalarda toʻlov valyutasini almashtirish taklif etiladi: dollar oʻrnini yevro egallaydi.

    Avvalroq Yevroittifoq Erondan keluvchi neftga toʻlovni amalga oshirishda dollardan yevroga oʻtishni moʻljallayotgani xabar qilingandi.

    Shu yilning iyulida VTB rahbari Andrey Kostin Rossiya prezidenti Vladimir Putinga Rossiya iqtisodiyotini dedollarizatsiya qilish boʻyicha rejasini taqdim qilgandi. Ayni paytda hukumat dollardan voz kechish boʻyicha qonun loyihasini tayyorlamoqda.

    Kostinning aytishicha, rejada xalqaro hisob-kitoblarda rubldan foydalanishni kengaytirish boʻyicha chora-tadbirlar koʻrsatilgan.

    “Gap dollardan butkul voz kechish haqida bormayapti”, deydi u. Kostinning aytishicha, “reja uzoq muddatga moʻljallangan boʻlib, jahondagi yuz berayotgan oʻzgarishlarga asoslangan”. Uning hisobiga koʻra, dedollarizatsiya uchun kamida besh yil ketadi.

    “Bunda asosiy eʼtibor oʻzaro hisob-kitoblarni milliy valyutalarda amalga oshirishga qaratiladi. Shuningdek, valyuta nazorati erkinlashtiriladi va valyuta qonunchiligi liberallashtiriladi”, deb yozadi The Bell.

    “Sharq va Yevropada borgan sari sari koʻproq davlatlar bu valyutaga qaramlikni kamaytirish haqida oʻylamoqda”, — dedi Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov.

    Uning soʻzlariga koʻra, Vladimir Putin va Si Jinping Pekindagi Sharqiy iqtisodiy forum doirasida oʻzaro hisob-kitoblarni milliy valyutalarda amalga oshirish mavzusini muhokama qilishgan.

    Xitoy yuanni XVJning rezerv valyutalari roʻyxatiga kiritishga faol harakat qilmoqda. Bundan tashqari, Rossiya va Eron bilan energoresurslar oldi-sotdisini yuanda olib bormoqda. Saudiya Arabistoni va Angoladan ham neft savdosini dollarda emas, yuanda olib borishni soʻramoqda.

    2018 yilda esa oltin bilan taʼminlangan fyuchers shartnomalarini (“petroyuan”) joriy etdi.

    Tehron 2008 yilda neft va gaz Eron realida sotiluvchi savdo maydonchasini ishga tushirdi. Soʻngra Hindistonga neftni yevroda sota boshladi.

    Trampning yangi sanksiyalar kiritish tahdididan keyin Eron hisob-kitoblarda dollardan voz kechib, yevrodan foydalanishini eʼlon qildi.

    Iroq hukumati rasmiy vakili Saad al-Hadisi Vashingtonning Tehronga qarshi sanksiyalari sababli Eron bilan hisob-kitoblarda dollar oʻrniga yevrodan foydalanishini maʼlum qildi.

    2008 yilda Isroil, 2009 yili Boliviya, Venesuela, Honduras, Kuba, Nikaragua va Ekvador dollardan toʻliq voz kechgan.

    2014 yilda Braziliya va Urugvay oʻzaro hisob-kitoblarni milliy valyutada olib borishga oʻtdi.

    Keyinroq dedollarizatsiya Osiyo-Tinch okeani mintaqasiga yetib keldi. Hozirda Xitoy Avstraliya, Yaponiya va Hindiston bilan, Yaponiya Braziliya bilan savdoda dollardan foydalanmaydi.

    Dollar hukmronligi davom etadimi?

    AQSHning faol sanksion siyosati boshqa mamlakatlarni muqobil moliya tizimini yaratishga majbur qiladi va jahon maydonida dollar gegemoniyasi qulashiga olib keladi, degan fikrni bildirdi Global xavfsizlikni tahlil qilish instituti direktori Gel Laft CNBC uchun yozgan maqolasida.

    Uning yozishicha, AQSH hozirda jahondagi deyarli har oʻnta davlatdan bittasi bilan iqtisodiy urush holatida. Ular qatorida Rossiya, Eron, Xitoy, KXDR, Venesuela va boshqa davlatlar bor. Bu mamlakatlardagi aholi soni ikki milliard kishidan oshadi, umumiy YAIM esa 15 trillion dollardan ortiqroqni tashkil etadi.

    Bundan tashqari, AQSH bu mamlakatlar hukumatlariga yaqin deb hisoblagan minglab shaxslarni qora roʻyxatga kiritgan va ular global moliyaviy tizimga kira olishmaydi.

    Laftning yozishicha, AQSHning sanksiyalar siyosatiga qarshi chiqayotganlar orasida neft eksportchilari juda ham koʻp va ular oʻz mahsulotlari dollarda baholanmasligi va sotilmasligi kerak, deb hisoblashadi. Xitoy Angoladan neftni, Rossiyadan gazni, Moʻgʻulistondan koʻmirni yuanga sotib olishni maʼqul koʻradi. Bundan tashqari, Rossiya Turkiya bilan savdoni dollarsiz amalga oshirishni, BRIKS davlatlari esa dollar ishtirokisiz iqtisodiyot yaratishni istashmoqda.

    Kelajakda Amerika valyutasining xalqaro savdodagi ulushi kamayishi mumkin, ammo dollar jahon rezerv valyutasi maqomini saqlab qoladi, deyiladi Moodyʻs agentligi hisobotida.

    XVJ maʼlumotlariga koʻra, jahon valyuta rezervlarida AQSH dollarining ulushi 62,7 foizni, yevro esa 20,1 foizni tashkil etadi.

    Moodyʻs ekspertlari vaqt oʻtishi bilan dollarga muqobil valyutalar ommalashishini taxmin qilishmoqda. Mutaxassislar Osiyo va Lotin Amerikasida yevroning hamda Xitoyning boshqa davlatlar bilan munosabatlarida yuanning faol muomalada boʻlishini taxmin qilishmoqda.

    Statistikaga qaraganda, dollar SWIFT toʻlov tizimidagi barcha toʻlov oʻtkazmalarining 40 foizga yaqinini tashkil etgan. Keyingi oʻrinlarni yevro, funt va yapon iyenasi egallagan.

    Bloomberg tahlilchilarining xulosasiga koʻra, Rossiya, Turkiya va Eron birgalikda harakat qilganida ham dollar gegemoniyasiga sezilarli zarba bera olmaydi. Ularning bir-birlari bilan milliy valyutada hisob-kitob qilishlari esa jahon bozorida hattoki sezilmaydi.

    Lekin bir narsa aniq: dollarga qarshi urush boshlandi. Bu urushda dollar gʻolib chiqadimi yoki birdaniga bir nechta jahon valyutasi paydo boʻladimi, vaqt koʻrsatadi.
    Dilshod Asqarov

    » » “Dollarga qarshi urush”. Dunyoning eng qudratli valyutasining oʻtmishi va kelajagi (foto)