16:10 / 18.12.2019
4 344

Samarqandlik “Robin Gud” laqabi bilan tanilgan yigit bilan eksklyuziv suhbat

Samarqandlik “Robin Gud” laqabi bilan tanilgan yigit bilan eksklyuziv suhbat
Yodingizda bo‘lsa, Samarqand viloyatida fuqarolar avtomobillarining davlat raqamlarini o‘g‘irlab, evaziga pul talab qilayotgan shaxs ijtimoiy tarmoqlarda “Robin Gud” laqabi bilan tanilgan edi.

Talab qilayotgan pullarining yarmini xayriya uchun ishlatilishini ma’lum qilgan “Robin Gud” ko‘p o‘tmay, Samarqand shahar IIB tomonidan qo‘lga olingan va unga nisabatan 1 yil 7 oy ozodlikni cheklash jazosi ham qo‘llanilgan.

Bugungi suhbatdoshimiz “Robin Gud”, ya’ni Bekzod Tolibjonov. U 2000 yilda Samarqanda shahrida tug‘ilgan. “Turizm” kollejini “Mehmonxona va restoran biznesi” yo‘nalishi bo‘yicha tamomlagan. Hozirgi kunda u tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqda.

- Bekzod, bugun sizga bir nechta savollar bilan murojaat qilamiz? Aytingchi, fuqarolar avtomobillarining davlat raqamlarini o‘g‘irlash va ulardan pul talab qilish jinoyat ekanligini bilarmidingiz? Javobgarlikdan qo‘rqmadingizmi?
- Qilgan ishimni jinoyat emas, mayda bezorilik deb o‘ylaganman, agar oldindan menga nisbatan mana shu jazo qo‘llanilishini bilsam ham baribir shu ishni qilgan bo‘lardim. O‘sha paytda hech qanday javobgarlikdan qo‘rqmadim.

- Bu ishni qilishingizga nimani yoki kimni sabab qilib ko‘rsata olasiz?
- Men Rossiya davlatining Peterburg shahridagi maktablarning birida o‘qiganman. Fuqarolik pasportimni olish uchun O‘zbekistonga kelganimdan keyin onamning betobligi sabab, Rossiyaga qaytib ketishni imkonini qila olmadim. Vaqtimni besamar o‘tkazmaslik maqsadida Samarqand shahridagi Turizm kollejiga o‘qishga kirdim. Hammasi shundan boshlandi. Kollejda ta’lim sifati nihoyatda yomon edi. Bolalar darsga kelmasdi. Darsga kelgan o‘quvchilarga past baho qo‘yilib, kelmaganlar qanday qilib bilmadim-u, a’lo baholar olishardi. Qish kunlarida issiqlik tizimi umuman ishlamas edi. Kechirasiz-u, bitta hojatxonadan 1,5 ming nafar o‘quvchi foydalarnardik. Kutubxonadan kitob olish uchun esa 200 ming so‘m pul to‘lanardi.

Yuqoridagi muammolarni bir necha marta kollej direktoriga bildirdim. Foydasi bo‘lmadi. Shundan so‘ng yuqori tashkilotlarga ariza bilan murojaat qildim.

Yozgan murojaatim bo‘yicha kollej direktori bilan meni shahar hokimligiga chaqirishdi. Hokimiyat mutasaddilari isitish tizimi bilan bog‘liq muammoni hal qilib beradigan bo‘ldi. Shunga qaramasdan, kollejda yozuvchi degan nom oldim. Menga nisbatan adolatsizliklar boshlandi. O‘qituvchilar meni yomon ko‘rib qolishdi.

Yana bir qiziq voqeani aytib bermoqchiman. 1 iyun - Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan kursdoshlarim bilan Samarqand shahridagi Mehribonlik uyiga bordik. Hammamiz imkoniyatimizdan kelib chiqib sovg‘alar tayyorladik. Maqsadimiz o‘ksik dillarga oz bo‘lsada quvonch ulashish edi. Mehribonlik uyi direktori bizni ichkariga kiritmadi. Olib borgan narsalarimizni ham olmadi. “Bularning o‘rniga elektr choynak olib kelsanglar bo‘lmaydimi?”, - deb baqirib ketdi. Bitta elektr choynagi bo‘lmagan bu yerda bolalar qanday yashayotganini o‘ylab azoblandim.

Bir kuni avtomobillarning davlat raqamlari auksioni e’lon qilinganligini eshitib qoldim. Jamiyatda millionlab muammolar bo‘lib turgan paytda odamlarning 40-50 mln. so‘mga avtomobil nomerlarini sotib olishlari meni ajablantirdi. Bu odamlar undan ko‘ra mehribonlik uylariga yordam bersa bo‘lmaydi deb o‘yladim va ularni yomon ko‘rdim, nafratlandim. Shundan keyin avtomobillarning davlat raqamlarini hech kimga bildirmay yechib olish va buning evaziga pul talab qilish rejasini tuzdim.

- Qancha avtomobillarining davlat raqamlarini o‘g‘irlagansiz va evaziga avtomobil egalaridan qancha pul talab qilgansiz?
- 25 taga yaqin avtomobil nomerlarini yechib olganman va evaziga har bir mashina egasidan 5 AQSH dollari so‘raganman.

- Olgan pullaringizning bir qismini rostdan ham xayriya uchun sarfladingizmi?
- (kuladi) Men bor yo‘g‘i 2 nafar mashina egasidan 10 AQSH dollari olganman. Qolgan mashina egalari pul berishmagan. To‘g‘risi bu pullarni Mehribonlik uyiga olib borishga uyaldim.

- Ijtimoiy tarmoqlarni kuzatgan bo‘lsangiz, muhtoj insonlar uchun shuncha xayriyalar e’lon qilinyapti, xayriya qilishning boshqa halol yo‘llari ham bor edi-ku?
- Maqsadim, odamlarga yaxshilik qilish bo‘lgan. Boshqa hech narsa deya olmayman.

- Jazoni o‘taganingizdan keyin, o‘zingizni o‘zgardim deb hisoblaysizmi va buni nima bilan isbotlaysiz?
- Haa, men o‘zgardim, xulosa chiqardim. Aslida bu ishim hech narsani o‘zgartirmasligini tushunib yetdim. Qilmishimdan yaqinlarim ko‘p aziyat chekdilar.
Yaqinda Latviya davlatining Riga shahridagi oliygohlarning biriga onlayn tarzda o‘qishga kirdim. Sudlanganligim uchun keta olmadim. Ingliz va rus tillarini mukammal bilaman. Hozirda kichik tadbirkorligim bor, ijtimoiy tarmoqlarda reklama joylashtiraman.

- Bekzod, ishlaringizga omad, mazmunli suhbatinggiz uchun tashakkur.
Bu 19 yoshli o‘smirning fikrlari edi. Xulosa chiqarish o‘zingizdan

Zulayho Musurmonova suhbatlashdi.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Samarqandlik “Robin Gud” laqabi bilan tanilgan yigit bilan eksklyuziv suhbat