date

Londonda Premer Liga yulduziga qurol bilan tahdid qilindi

Londonda Premer Liga yulduziga qurol bilan tahdid qilindi

London politsiyasi Angliya Premer Ligasi futbolchisiga nisbatan qurol bilan tahdid qilish voqeasi yuzasidan tergov ishlarini boshladi. Daily Mirror ma’lumoticha, hodisa bo‘yicha mashhur futbol agenti gumonlanmoqda.

Ma’lum qilinishicha, 6 sentyabr kuni ismi oshkor etilmagan futbolchi do‘sti bilan shahar markazida yurgan paytda noma’lum shaxs ularga qurol bilan tahdid qilgan. Hodisadan keyin politsiya zudlik bilan surishtiruvni boshlagan.

Oradan ikki kun o‘tib, Angliya terma jamoasi a’zolarining bir qismi manfaatlarini himoya qiladigan taniqli agent ushbu ish bo‘yicha hibsga olingan. Unga qurol bilan tahdid qilish, tovlamachilik va futbolchining do‘stiga bosim o‘tkazish ayblovlari qo‘yilgan.

9 sentyabr kuni agent garov evaziga ozod qilingan, biroq unga futbolchi bilan bog‘lanish, uning klubi bazasiga borish va mamlakatni tark etish qat’iy man etilgan. Sud unga faqat oldindan rejalashtirilgan safarlarga chiqishga ruxsat bergan, ammo qaytgach pasportini politsiyaga topshirishi shart qilib belgilangan.

Hozircha agentga rasman ayblov qo‘yilmagan, tergov ishlari davom etmoqda. Manbalarga ko‘ra, jabrlanuvchi futbolchining bozor qiymati taxminan 60 million funt sterlingni tashkil etadi. Politsiya hodisaning boshqa tafsilotlarini va ishtirokchilarning ismlarini oshkor etmagan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Londonda Premer Liga yulduziga qurol bilan tahdid qilindi