00:10 / 19.12.2019
9 214

«Hammamiz shokdamiz». Quruvchilardan biri Yunusobod metrosidagi avariya qanday yuz berganini so‘zlab berdi

«Hammamiz shokdamiz». Quruvchilardan biri Yunusobod metrosidagi avariya qanday yuz berganini so‘zlab berdi
Foto: O‘zA
18 dekabr, chorshanba kuni soat taxminan 10:00 atrofida Toshkent metropolitenining yangi qurilayotgan Yunusobod yo‘nalishi qurilishida yer o‘pirilishi oqibatida avariya sodir bo‘ldi.
Repost ushbu ob’ektda to‘rt kundan buyon ishlayotgan ishchilardan biri bilan bog‘landi. Ishchining iltimosiga binoan uning ismi o‘zgartirildi.

Aziz (ism o‘zgartirilgan) viloyatdan kelgan. Quyida uning hodisa qanday yuz bergani haqidagi hikoyasi keltiriladi:
Ob’ektda bugun to‘rtinchi kun ishlashim. Metro besh oydan beri qurilmoqda. Ishchilar bir necha smenada ishlamoqda. Men o‘z viloyatimdagi qurilish kompaniyasida bir yildan ortiqroq muddatda ishlab kelyapman. Aynan shu kompaniya meni metro qurilishiga yuborgan edi. Bu yerga ishga kelgan birinchi kunimdayoq orqaga qaytib ketishni xohlaganman. Metro qurilishiga jalb etilgan quruvchilarning bapchasi Jomiy aylanmasida joylashgan plastkart vagonlarda yashaydi. Bitta vagonda 50 nafardan ko‘proq odam joylashgan. Birinchi kundanoq bizning boshlig‘imiz bir necha xodimni dam olgani va chekkani uchun ishdan haydadi. Yashash sharoitlari va bu yerdagi muhitni ko‘rib o‘sha kuniyoq orqaga qaytib ketishni xohlaganman.

15 kun ishlaymiz, 3—4 kun dam olamiz, keyin yana ishga chiqish kerak bo‘ladi. Oylik 35 soat uchun to‘lanadi. Qo‘limizga 1,5 million so‘mga yaqin pul olamiz. Nonushtaga ikkita qaynatilgan tuxum, bir nechta bo‘lak non va choy berishadi. Tushlikka osh va non, kechki ovqatga makaron va guruch. Men kechki ovqatni yemayman, do‘kondan u-bu narsa olib yeyman. Har kuni soat 6:00 da ‘podyom’. Soat yettida biz ob’ektga borib, tungi smena ishchilari bilan o‘rin almashamiz. Boshliqlar qanday topshiriq bersa, hammasini bajaramiz. Bir kunda 10—11 soatlab ishlaymiz. Ishimiz og‘ir.

Bugun soat 10:20 da fojia yuz berdi. Men o‘sha vaqt yaqin joyda turgandim.

DSP, armaturalarning qarsillagan ovozi eshitildi, og‘ir narsa qulagandek bo‘ldi. Odamlarning baqirganini eshitdim, lekin kim baqirganini tushunmadim. Hamma metro o‘pirilgan joyga yugurdi.

U yerda soyabon bor edi. Kuchli yomg‘irdan suv to‘planib, devorlar ikki tomondan suv bilan yuvilardi. Pastda esa beton quyish uchun mo‘ljallangan DSPlarni ushlab turgan taxtalar bor edi. DSP ustida esa armatura to‘ri. Odamlar yuqorida ishlayotgan edi, ayrimlar pastdagi soyabon ostida yomg‘irdan pana qilib turgan edi. DSP, armatura to‘rlari, beton va tuproq odamlar ustiga qulab ketdi. Kabellar uzilib, qurilish materiallarining qarsillagan ovozi eshitildi. Qo‘rqib ketdik. Hammamiz haligacha shokdamiz».

Soat 13:17 da avariya oqibatida hech kim jabrlanmagan deb Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati xabar bergandi. Biroq, vazirlik voqea guvohi bo‘lgan 1975 yil tug‘ilgan qashqadaryolik B.M. ushbu holatdan qattiq stressga tushib, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida tibbiy yordam ko‘rsatilayotganini ma’lum qilgandi.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Toshkent shahar hokimligi, pudratchi qurilish tashkilotlarining kuch va vositalari yordamida yuzaga kelgan holat bartaraf etilayotgani, avariya oqibatida 250 metr kub tuproq o‘pirilib tushgani haqida xabar berdi.

UzReport telekanali o‘z manbalariga asoslanib tarqatgan xabarlarga ko‘ra, tuproq ostida 20 nafarga yaqin quruvchi bo‘lgani, ularning birontasi omon qolmagan.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasi 18 dekabrdagi farmoyishi bilan Toshkent metropoliteni Yunusobod yo‘nalishining qurilayotgan qismida sodir bo‘lgan hodisa sabablari va oqibatlarini o‘rganish hamda zudlik bilan bartaraf qilish bo‘yicha hukumat komissiyasi tuzilganini ma’lum qildi.

O‘zAning yozishicha, o‘pirilgan joyning hali to‘rtdan bir qismi ham qazib ulgurilmagan.
Ayni paytda Bosh prokuratura, IIV, Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan qidiruv-surishtiruv ishlari davom etmoqda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Hammamiz shokdamiz». Quruvchilardan biri Yunusobod metrosidagi avariya qanday yuz berganini so‘zlab berdi