14:18 / 24.01.2020
2 640

Hokimlarning vakolatlari qayta ko‘rib chiqiladi

Hokimlarning vakolatlari qayta ko‘rib chiqiladi
Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezident Shavkat Mirziyoyev parlamentga murojaatnomasida samarali boshqaruv tizimini yaratish bo‘yicha vazifalarga to‘xtalib o‘tdi.

«Hokimlar oxirgi 3 yilda ularga berilgan keng vakolatlardan qanchalik samarali foydalanayotganini, vazirlik va idoralarning hududiy tuzilmalari faoliyati natijadorligini nazorat qilish bo‘yicha yangi tizim yaratish shart.

Shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi: nima uchun Bosh vazirdan boshlab, barcha hukumat a’zolari, viloyat hokimlari parlamentga hisobot beradiyu, viloyat va tumanlardagi rahbarlar o‘z faoliyati haqida mahalliy kengashlarga hisobot bermasligi kerak?

Shuning uchun, viloyat va tuman hokimlari o‘z dasturlari va ularning ijrosi to‘g‘risida viloyat kengashlarida hisobot beradigan tizim joriy qilinadi.

Ayni vaqtda, hokimlar farmonlar, qarorlar, konsepsiya va strategiyalarda belgilangan indikatorlar va maqsadli parametrlarning o‘z hududidagi ijrosi bo‘yicha ommaviy axborot vositalari va jamoatchilikka muntazam axborot berib borishlari kerak bo‘ladi.

Ish samarasini oshirish maqsadida, mahalliy vakillik organlari faoliyatida Kengash so‘rovi institutini joriy etishni taklif qilaman.
Yana bir muhim masala. Amaldagi qonun hujjatlarida hokimliklarning 300ga yaqin vazifa va funksiyalari nazarda tutilgan.

Shundan 175tasi mazmun-mohiyatiga ko‘ra hokimlarning asosiy vazifalari toifasiga kirmaydi va turli idoralarning funksiyalarini takrorlaydi. Bu esa ish sifati va ijro intizomiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi tabiiy.

Shu sababli Oliy Majlis Senatiga Adliya vazirligini jalb etgan holda, shu yilning birinchi yarmida hokimlarning vakolatlarini qayta ko‘rib chiqish va ularga xos bo‘lmagan hamda bir-birini takrorlaydigan funksiyalarni tegishli organlarga o‘tkazishni ta’minlash bo‘yicha taklif tayyorlash topshiriladi
», – dedi prezident.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Hokimlarning vakolatlari qayta ko‘rib chiqiladi