22:29 / 21.09.2017
5 679

Omonat g‘or siri (13-qism)

Omonat g‘or siri (13-qism)
— Bu kampir, — ko‘zlari baqrayib qotib qolgan, ko‘rgan kishining yuragi uvushadigan qontalash kallaga ishora qildi Baron, — maniy gapimniy ikki qilgon. Man kechirishni bilmagon. Mana ko‘rdingiyz, aka Xaliyl.

— Tushunarli.

— Yaxshiy, — dedi Baron. So‘ng shotirlariga qarab bamaylixotir buyurdi: — Maniy ikkita buldogiym kechadan beriy och yotibdiy, kalla go‘shtiniy sog‘iyngon. Beriynglar, mazza qilishsiyn.

Xalil boyvachcha Baron ko‘rsatgan bu tomoshaning ma’nisini ilg‘adi: “Agar endi men bilan aloqani uzadigan bo‘lsang, sening ham boshingga kampirning kuni tushadi”, demoqchi johil lo‘li.

Aslidayam shunday edi. Baron: “Ko‘rib qo‘y, kerak bo‘lsa o‘zimning odamlarimniyam ayab o‘tirmayman. Sen kim bo‘psan?” demoqchi bo‘lgandi. Boshqa tomondan, lo‘lilar orasida bir oz obro‘si tushganday tuyilgan — Xosiyat bibi uning ko‘z ostiga olib yurgan qizi — Lolani o‘ldiraman, deb po‘pisa qilgandi. Baron lo‘liboshining kallasi tanidan judo qilinganidan birov xabar topmasligini yaxshi bilardi, chunki lo‘li zoti qavmining ichidagi gapni chetga gullamaydi. “Sayrayman”, degani ham endi o‘zidan qo‘rqadi.

— Bunday “teatr”ni menga ko‘rsatish shartmasdi. Sening kimligingni shundog‘am yaxshi bilaman. Bilmaganimda oldingga kelmagan, sen bilan oshnachilik qilmagan bo‘lardim, — dedi Xalil boyvachcha o‘ziga kelib olganidan keyin, noroziligini anglatib qo‘yish maqsadida.

— Ako Xaliyl, bunisiy yerunda, boshqalariniy siz ko‘rmagon.

— Umuman, men bunday ishlarning ancha-munchasini qilib tashlagan bo‘lsam ham, yigitlarimga menga ko‘rsatmanglar, deyman. Ko‘nglim ayniydi.

— Siz nozik, ako Xaliyl, oz-oz ko‘riysh kera-ak. Ko‘z o‘rganadiy… Mayliy, buniy qo‘ying, iyshdan gaplashaylik. O‘tkaziysh siyzning bo‘yningiyzga, kelishdikmiy?

— Foyda-chi?

— Yetmish beyshka yigirma beysh.

— O-o, lo‘li zotini hisob-kitobga qattiq, deb bekorga aytishmagan ekan. Bo‘maydi, og‘ayni. Qo‘shasiz.

Baronning qoshi chimirildi, bir oz boyvachchaga tikilib turdi-da:

— O‘ttiyz qilaman, — dedi.

— Bo‘maydi, — dedi boyvachcha yana boshini chayqab, — ellikka ellik.

— Nafsniy kam qiliyng, boy, iyshniy ko‘piy biyz tomon. O‘ttiyz beysh, boshqa bo‘maydiy.

Xalil boyvachcha yana tortishsa, Baronning ko‘proqqa ham rozi bo‘lishini bilardi, ammo bunday qilmadi. Ikki qop “mol”ning foydasi qancha bo‘lishini u yaxshi bilardi. Tag‘in har qopi sakson kilogrammdan.

— Ko‘ndirding, og‘ayni, — boyvachcha qo‘lini Baron tomon uzatdi.

— Endi o‘zingiyzga keldingiyz, ako Xalil. Ertadan odamlaringiyz iyshga kirishsiyn.

Baronning oxirgi gapi Xalil boyvachchaga yoqmadi. “Padaringga la’nat tilanchi, hali sen menga buyruq beradigan bo‘ldingmi? Shoshma, shunaqangi kuy chalayki, raqsga tushganingni bilmay qol”, deya xayolidan o‘tkazdi boyvachcha o‘rnidan sekin qo‘zg‘alarkan.

— Endi bizga javob, — dedi u bosiqlik bilan.

Ishni ko‘nglidagiday bitirgan Baron ham, ahmoq boy ertaroq ketsaydi, deb turgandi. Chunki Xosiyat bibining boshi kesib keltirilgani bilan Lola topilgani yo‘q, shuni o‘ylab u ich-etini yerdi.

Xalil boyvachchani kuzatib qaytgach Baron yigitlarini yig‘di.

— Lola qani? — dedi Xosiyat bibining boshini kesgan yigitdan.

— Mahalladagilarning gapiga qaraganda, avtobuslar turgan tomonga ketgan, shundan keyin uni hech kim ko‘rmagan. Kampir (Xosiyat bibini ular shunday atashardi) uning orqasidan bormagan. Telefonini tekshirib ko‘rdik, oxirgi marta sizga telefon qilgan ekan, — bulbuligo‘yoday sayradi yigit.

— “Quloq” qaysi go‘rda yurgan ekan? — o‘shqirdi Baron.

— Uni kampir suv olib kelishga jo‘natgan.

— Onangni!.. Mahallaga borib “quloq”ni topib kel.

— U shu yerda, — dedi yigit, bu safar Baronning ko‘nglidagini topganiga xursand bo‘lib.

— Hammang yo‘qol, “quloq”ni olib kelinglar! — Baron stolni mushtladi. Keyin o‘zini yumshoq divanga tashladi. Mushtini peshonasiga tirab o‘yga toldi. Shu fursatda etagi yer supurgan Lolaning maftunkor jilmayishi, ohuday hurkak nigohlari ko‘z oldidan o‘tdi… Baron chidolmay o‘rnidan sapchib turdi. Shu payt, ko‘zlari o‘ynoqlagan “quloq” — lo‘li xotin eshikdan ilonday bilanglab kirib keldi. Baronning qo‘llari musht bo‘lib tugildi.

— Gapir! — dedi tahdidli ovozda, bo‘yi pastgina, qop-qora, oriqligidan ko‘ylaklari egnida shalvirab turgan lo‘li xotinga.

— Xo‘jayin, — dedi ayg‘oqchi ovozi titrab, — g‘aflatda qolibman. Xosiyat bibi meni chalg‘itdi. Qayoqqa ketganini bilolmay qoldim. Lekin u tirik, shaharda, muhlat bering, topib kelaman…

— Bor chiq, ket! — g‘azabi toshgan Baron Quloqqa o‘shqirdi va stoldagi aroq shishadan qadahni qulqullatib to‘ldirib, bir zum peshonasini tirishtirib turdi-da, bir ko‘tarishda bo‘shatdi. “Yo‘-o‘-o‘q, topaman, yerning tagidan bo‘lsayam topaman. Hamma ishni yig‘ishtirib qo‘yaman. Lola… U menga kerak”, deya o‘ziga-o‘zi ovoz chiqarib gapirdi va qo‘lidagi stakanni yerga bir zarb bilan urib chil-chil qildi. U shaxd bilan tashqariga chiqqanida shotirlari to‘planishib, sigareta chekib turishardi. Baronning eshikni taraqlatib chiqqanidan sergak tortishdi.

— Hammang bu yoqqa kel! — buyurdi Baron va ortiga qaytib, yumshoq o‘rindiqqa chordona qurib o‘tirib oldi.

Shotirlar bitta-bitta kirib, uning ro‘parasida doira hosil qilib turishdi. Baron yigitlariga sinchiklab qarab chiqdi. Hali ham o‘ziga yordamchi olmay, hamma ishni uddalayotgani xayoliga keldi. “Nega jonimga jabr qilaman? — o‘yladi u. — Bittasini yonimga olsam, zarur ishlar bilan shuning o‘zi shug‘ullansa bo‘lmaydimi? Bularning orasidan qaysi biri shunga yaraydi? Turqidan bularning bari buzoqdan farqi yo‘q. Mayli, birortasini sinab ko‘raman”.

— Mening nechchi yoshga kirganimni kim biladi? — savol qotdi u yigitlariga.

Yigitlar dabdurustdan berilgan bu savoldan kalovlanib, bir-biriga qarashdi. Aksiga olib, Baronning yoshini hech kim bilmas ekan.

— Yaxshi, — dedi Baron kulimsirab, — birontang xo‘jayining bilan qiziqmas ekansan. O‘zim aytay: qirq ikkiga. Lekin bo‘ydoqman. Demak, uylanishim kerak. Merosxo‘r, senlarga sardor tug‘ib beradigan qiz kerak menga. Xuddi shundayi bor. Lekin uning hozir qayerdaligini hech kim bilmaydi. Xullas, lo‘lilarning malikasini topish kerak.

Baron bu bilan o‘zining lo‘li qavmiga qirolligini birinchi marta uqtirib qo‘ydi. Shundog‘am uning gapini inkor etadigan jo‘mard bu to‘dada yo‘q edi. Lekin aynan “qirol” so‘zi bironta lo‘lining miyasiga kelmagandi.

— Hoziroq shaharga chiqib qidiringlar, Lolani yerning tagidan bo‘lsayam topinglar, — gapida davom etdi Baron. — Ertaga mahalladagi birorta lo‘li ishga chiqmaydi, yetti yoshdan yetmish yoshgacha Lolani izlaydi. Qayerda bo‘lmasin malikani topasanlar. Agar kim mening gapimni ikki qilib, aytganimni bajarmasa, tiriklayin terisini shilaman. Endi yo‘qol hammang… Ha, Hasan, — deya eshik tomonga yo‘nalgan pakanaroq, ko‘z qarashlari juda o‘tkir, yigirma olti yoshlardagi yigitni to‘xtatdi Baron, — sen shu yerda qol.

Hasanni u “xizmat”ga olganiga ko‘p bo‘lgani yo‘q. Uning mahallasi, qarindosh-urug‘i boshqa viloyatdan. Hasan lo‘lilarning Baronday zo‘ravoni borligini yoshligidayoq eshitgan, u bilan uchrashib gaplashishga, iloji bo‘lsa qo‘lida xizmat qilishga tayyor edi. Bir yil burun uni qidirib kelib topdi. Dilida borini to‘kib-soldi. Shunda bo‘lajak xojasi Hasanni mehr bilan bag‘riga oldi. Mana, endi u Baronning ishonchli shotirlaridan.

— Nima deb o‘ylaysan, ertalabgacha topolamizmi Lolani?

— Topolmaymiz, malika o‘ziga joy topib, hozir uxlayotgan bo‘lsa kerak. Yigitlar ovora bo‘lishadi, — hozirjavoblik qildi Hasan.

— Buni o‘zim ham bilaman. Lekin bilib qo‘yinglar, Lola topilmasa kuningni ko‘rsataman hammangning.

— Yigitlar ertagayam ishlashi kerak. Hozir charchatib qo‘ysak, ertangi ish oqsab qoladi.

Baron shotiridan ayni shu gapni kutgandi. “Menga qarshi gapirsin, dilimdagini topsin”, deya atay uni to‘xtatib, gapga solgandi. “Ehtimol, shundan yordamchi chiqar, yana bir-ikki sinab ko‘ray, aytganim bo‘lsa, qandini ursin”, xayolidan o‘tkazdi Baron va yigitlarni iziga qaytarishni buyurdi. Hasan yugurgancha tashqariga chiqib ketdi. Bu Baronning ilk marotaba qaroridan qaytishi edi.

Ertasiga mahallaning birorta lo‘lisi tirikchilikka chiqmadi. Hamma Lolani qidirishga tushdi. Xosiyat bibini hech kim esgayam olmadi. Go‘yo bu shaddod ayol aslida bo‘lmaganday, undan hech kim jabr ko‘rmaganday edi. Ayniqsa, lo‘liboshining eri terisiga sig‘mas, ko‘chama-ko‘cha Lolani izlab izg‘ir, bir o‘ynab-kulgisi, qahvaxonaga kirib to‘ygunicha ichgisi kelardi. Ammo Baronning qahridan qo‘rqib, bunday qilolmasligini o‘zi ham yaxshi fahmlardi. Baron lo‘lilardan birortasining ichib o‘tirganini ko‘rib qolsa, Xosiyat bibining qismati boshiga tushishi aniq edi.

Nuriddin ISMOILOV

(Keyingi qismlarni yaqin soatlarda o‘qiysiz)

Manba: hordiq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Omonat g‘or siri (13-qism)