Davron Hoshimov: "Kuper bilan jahon chempionatiga chiqishimizga shubham yo‘q"

  • 04 aprel 2019, 19:08
  • 586
  • Sport
  • Davron Hoshimov: "Kuper bilan jahon chempionatiga chiqishimizga shubham yo‘q"
    O‘zbekiston milliy terma jamoasi yaqinda Xitoyda o‘tgan “China Cup-2019” musobaqasida qatnashib qaytganidan xabaringiz bor. Ilk bor ushbu turnirda qatnashgan vakillarimiz dastlab yarim finalda Urugvay terma jamoasiga 0:3 hisobida imkoniyatni boy berishgan bo‘lsa, uchinchi o‘rin uchun uchrashuvda mezbon – Xitoyni 1:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. Bu musobaqa terma jamoamizning jahon chempionati saralash bahslaridan oldingi repetitsiya vazifasini bajarib berdi desak yanglishmagan bo‘lamiz.

    Terma jamoamizning asosiy tarkibidan muqim joy egallab kelayotgan Davron Hoshimov ham Xitoydagi ikkita uchrashuvda ham jonbozlik ko‘rsatganini ayta olamiz. Balki shuning uchun ham bosh murabbiy Ektor Kuper unga to‘liq ishonch bildirayotgandir. Har holda ushbu himoyachi ham o‘ziga bildirilgan ishonchni sidqidildan oqlab kelayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz. Kuni kecha Davron bilan bog‘landik va u safar taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.

    “Musobaqada yomon taassurot qoldirmadik”
    - Xitoydagi musobaqada qatnashishimizdan asosiy maqsad shu ediki, jahon chempionati saralash bahslariga munosib tayyorgarlik ko‘rishimiz uchun ham mazkur turnir bizga kerak edi. Bosh murabbiy Ektor Kuper ham bizga bu haqida aytib o‘tdi. Birinchi o‘yinimiz Urugvayga qarshi o‘tkazilgan bo‘lishiga qaramay, Kuper bizga hech nimadan qo‘rqmasligimizni, o‘zimizga ishonch bilan bemalol futbol o‘ynashimiz kerakligini aytdi. Bu haqida mashg‘ulotlarda va tarkibni tanlayotgan paytda ham tinmay uqtirdi. Hattoki, o‘zim uchun alohida ko‘rsatma ham berdi.

    Ya’ni, agar to‘p menda bo‘lsa, bemalol himoyada raqiblarni aldab, o‘zimizga bo‘lgan ishonchni yanada ko‘tarishimiz kerakligini ta’kidladi. Bundan maqsad faqat o‘zimizga bo‘lgan ishonchni oshirishdan iborat edi. Biz mana shunday o‘yinlar orqali jahon chempionati uchun munosib tayyorlanib boraveramiz. Agarda Urugvayga o‘xshagan kuchli raqiblar bilan o‘ynayversak, o‘zimizning zaif nuqtalarimizni yanada yaxshiroq o‘rganib chiqa olamiz. To‘g‘ri, biz o‘sha uchrashuvda raqibga 0:3 hisobida imkoniyatni boy berdik. Ammo o‘yindan so‘ng Ektor Kuper bizdan qoniqish hosil qilganini aytdi. Keyin hammamiz birgalashib, o‘yinni tahlil qilib chiqdik. O‘yin uslubimizning qandaydir jihatlarini o‘zgartirishimiz kerakligini, ammo buning uchun vaqtimiz kamligini ham aytdi.

    Qachonki, keyingi yig‘inda vaqtimiz bo‘lganida bu kamchiliklar ustida ishlaymiz. Ayniqsa, raqib standart vaziyatdan o‘yinni boshlagan epizodlardagi kamchiliklarimiz ustida ko‘proq ishlashimiz lozim. Umuman olganda, musobaqa davomida yomon taassurot qoldirmadik. Uchinchi o‘rin uchun bahsda Xitoyga qarshi o‘ynadik. Kuper bu o‘yin terma jamoamizning reytingiga ham ta’sir ko‘rsatishini aytib, faqat g‘alaba qozonishni bizga asosiy maqsad qilib qo‘ydi.

    “Urugvay bilan o‘yin biz uchun katta maktab”
    - Urugvay terma jamoasining har bir pozitsiyasida individual jihatdan kuchli futbolchilar yig‘ilishganini bildim. Qolaversa, ular jismoniy taraflama ham juda baquvvat futbolchilar ekan. Shuningdek, Urugvay terma jamoasi har bir vaziyatdan maksimal darajada foydalanishga harakat qilar ekan. Baribir ularning o‘yin sifatlari yuqori darajada ekanligi bilan ajralib turishdi. Men ham faoliyatim davomida birinchi marta mana shunday nomdor va kuchli jamoaga qarshi o‘ynadim. Shuning uchun Urugvayga qarshi bellashuv men uchun katta maktab bo‘ldi.

    “Terma jamoaga kelganda hamma bir oilaga aylanadi”
    - To‘g‘ri, biz “Lokomotiv” tarkibida terma jamoa bilan Xitoyga ketishdan oldin “Paxtakor”ga qarshi o‘ynadik. O‘sha o‘yin juda asabiy kechgandi. Ammo terma jamoaga kelganda hamma futbolchilar yana bir oilaga aylanishadi. Klub bilan terma jamoani bir-biriga aralashtirmaymiz. Nima bo‘lgan bo‘lsa, hammasi klublarda qoladi. Terma jamoaga kelganda esa biz barchamiz birlashib boshqa maqsad uchun kurashga kirishamiz. Biz futbolchilar doimo professional bo‘lishimiz lozim. Buni terma jamoamiz murabbiylari ham ko‘p ta’kidlashadi.

    “Kuper maydonda qattiq mehnat qiladigan futbolchilarni yaxshi ko‘radi”
    - Kuperning menga ishonch bildirayotganidan albatta xursandman. Hammasi Osiyo Kubogidan boshlandi. O‘sha musobaqaning ilk uchrashuvida meni zaxirada qoldirgandi. Ikkinchi bahsda Turkmanistonga qarshi o‘ynadik va o‘sha uchrashuvda Akmal Shorahmedov jarohat olganidan so‘ng meni maydonga tushirishdi. Shundan so‘ng mening qandaydir sifatlarim Kuperga yoqqan ko‘rinadi. Qolaversa, uning o‘zi ham futbolchilik faoliyatida himoyachi bo‘lgan ekan. Balki shu tomonlama ham menga boshqacha e’tibor qaratayotgandir. Muhimi, murabbiy menga ishonch bildiryapti va buni oqlashga harakat qilaman. U bilan ishlab shuni bilyapmizki, Kuper maydonda jon kuydirib, borini berib, mehnat qilib o‘ynaydigan futbolchilarni yaxshi ko‘rar ekan.

    “Kuchli raqiblar bilan o‘yinlar bizning foydamizga xizmat qiladi”
    - Kuper boshchiligida jahon chempionatiga chiqishimizga shubham yo‘q. Uning terma jamoamizda olib borayotgan ishlari, mashg‘ulotlarda qo‘llayotgan yangi taktik uslublari va o‘z ishiga bo‘lgan yondashuvini ko‘rib, biz albatta bu murabbiy boshchiligida jahon chempionatiga chiqishimizga shubham qolmadi. Kuchli raqiblar bilan ko‘proq o‘ynasak, bu ham bizning foydamizga xizmat qiladi.

    “Lokomotiv” o‘yindan-o‘yinga “ochilib” boradi”
    - Afsuski, “Lokomotiv” mavsumni mag‘lubiyat bilan boshladi. Ammo chempionat endi boshlandi va hali hammasi oldinda. Hozirdan biror-bir fikr bildirishga erta. Shuni aniq bilamanki, “Lokomotiv” o‘yindan-o‘yinga “ochilib” boradi. Osiyo Chempionlar ligasida ham munosib ishtirok etishni maqsad qilganmiz. Navbatdagi uchrashuvni esa safarda o‘tkazamiz va faqat g‘alaba uchun kurashamiz. Shundan so‘ng ketma-ket ikkita uchrashuvni o‘z maydonimizda o‘tkazamiz. Shu bois bunday uchrashuvlarda albatta o‘zimiz uchun kerakli ochkolarni qo‘lga kiritishimiz lozim. Bizning birinchi vazifamiz guruhdan chiqish.
    Shuhratbek Jo‘rayev

    Manba: Sports.uz

    » » Davron Hoshimov: "Kuper bilan jahon chempionatiga chiqishimizga shubham yo‘q"