17:24 / 08.04.2019
3 075

Shota Arveladze: «Jahon yulduzlari Toshkentda? Ularga biz ham futbol o‘ynay olishimizni ko‘rsatamiz»

Shota Arveladze: «Jahon yulduzlari Toshkentda? Ularga biz ham futbol o‘ynay olishimizni ko‘rsatamiz»
OChL guruh bosqichining 3-turi doirasidagi «Paxtakor»-«As-Sadd» o‘yini oldidan matbuot anjumanining ikkinchi qismida mezbonlar bosh murabbiy Shota Arveladze va hujumchi Marat Bikmayev ishtirok etdi.

«Biz juda kuchli raqibga qarshi juda qiyin o‘yin kutyapti. Raqibning o‘z oldiga qanday ulkan maqsadlar qo‘ygan klub ekanini bilamiz. Shunga qaramay, biz o‘z muxlislarimiz qarshisida o‘ynaymiz. Ular uchun chiroyli futbol ko‘rsatib, natijaga erishishga harakat qilamiz. G‘alaba qozonsak, guruhdagi holatimizni anchagina yaxshilab, keyingi bosqichga chiqish imkoniyatimizni oshiramiz», – dedi Arveladze anjumanning kirish qismida.

«Kayfiyatlar a’lo. Ertaga ham shunday yaxshi kayfiyatda bo‘lishimiz kerak. Bahsning biz uchun muhim tomoni – guruhdagi o‘rnimizni yaxshilay olishimiz mumkin. Buning uchun barcha imkoniyatlarni ishga solamiz», – ta’kidladi Marat Bikmayev.

– Xavi, Gabi, Al-Haydos va Buneja... Ertaga juda kuchli tarkibga ega jamoaga qarshi maydonga chiqasiz. Raqibni o‘rganib chiqib, qanday xulosalarga keldingiz?
– Albatta, tarkibida kimlar bor, qanday o‘ynashadi, bularni tahlil qilib chiqqanmiz. Bu kabi jahon yulduzlarini Toshkentda ko‘rib turganimizdan xursandmiz, ammo biz ham o‘z saviyamizni ko‘rsatish, biz ham futbol o‘ynay olishimizni namoyish qilish niyatidamiz. Jamoamizda iste’dodli va mahoratli futbolchilar ko‘p, bunday mas’uliyatli o‘yinlar ular uchun birinchisi emas. Qolaversa, raqibimiz to‘rt nafar yulduzdangina iborat jamoa emas.

– «As-Sadd» Qatar chempionatida 21 ta o‘yinda 92 ta gol urdi, hujumchi Bag‘dod Buneja esa deyarli 40 ta to‘p kiritgan...
– Bunga katta e’tibor qaratmoqchi emasmiz. O‘yin oldidan bu bizga ijobiy ta’sir qilmaydi. To‘g‘ri, bu – ajoyib natija, lekin u abadiy davom etmaydi.

– Xavi OChLdagi safar o‘yinlariga ko‘p ham bormaydi. Bu mavsumda ham Jiddadagi «Al-Ahli» bilan o‘yinga bormadi. «As-Sadd»ning Xavi bilan va Xavisiz o‘yinida qanday farq sezdingiz?
– Safar o‘yinlariga har doim ham boravermaydigan Xavining Toshkentga kelgani u «Paxtakor»ni yetarlicha kuchli jamoa deb hisoblayotganini anglatadi. U hozir avval o‘ynagan pozitsiyada to‘p tepmayapti. Yoshiga qaramay, hamon o‘zi o‘ynayotgan ampluada juda foydali futbolchi.

– Jarohati bor A’zamov va Simich safga qaytishdimi?
– Kecha ular mashg‘ulotlarda qatnashishdi, bugun ham mashq o‘taydilar. Ammo ularning o‘yindagi ishtiroki to‘g‘risida hozir aniq bir narsa deyish qiyin.

– Ertaga hujumkor o‘yin ko‘rsatasizmi yoki himoyaviy?
– Ertaga doim qo‘llab kelgan uslubimizda o‘ynaymiz. Albatta, raqib imkon bergan qadar. O‘yinni aql bilan boshqarishga harakat qilamiz. Bu raqibga ham taalluqli, ular ham o‘yinni nazorat qilishga urinishadi.

– Raqibga qandaydir syurprizingiz bormi?
– Har bir o‘yinda syurprizlar yetarlicha bo‘ladi. Albatta, tayyorlab qo‘ygan bir nechta kutilmagan sovg‘alarimiz yo‘q emas. Ular qanchalik ish berishini ertaga ko‘ramiz.

– (Savol Marat Bikmayevga) OChLdagi avvalgi ikki o‘yinda deyarli bir xil nuqtadagi jarimadan gol urdingiz. Shu nuqta atrofida ertaga ham standart vaziyat yuzaga kelishini istarmidingiz?
– Albatta, xohlardim. Ko‘ramiz. O‘yin, albatta, qiyin bo‘ladi. Vaziyatlarning har biridan iloji boricha foydalanish kerak.

– Jamoa Superligada ikkita qiyin o‘yinlarda maydonga tushdi. Futbolchilar bu bahslardan keyin ertangi o‘yinga ruhan va jismonan qanchalik tayyor?
– Bu o‘yin qanchalik muhimligini hammamiz tushunib turibmiz. Qolaversa, tarkibdagi ko‘plab futbolchilar terma jamoalar miqyosida o‘ynab yurishadi, faqat ba’zi yoshlar uchungina bunday darajadagi o‘yin yangi tajriba bo‘lishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, «Paxtakor»–«As-Sadd» uchrashuvi ertaga, 9 aprel kuni soat 19:00da «Paxtakor» stadionida start oladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Shota Arveladze: «Jahon yulduzlari Toshkentda? Ularga biz ham futbol o‘ynay olishimizni ko‘rsatamiz»