07:30 / 07.10.2019
3 021

Toshkentda ajoyib professional boks oqshomi bo‘lib o‘tdi

Toshkentda ajoyib professional boks oqshomi bo‘lib o‘tdi
Avval xabar berganimizdek poytaxtimizda professionall boks oqshomi bo‘lib o‘tdi. Afg‘oniston vakili yetib kela olmaganligi munosabati bilan jang kechasidan 9 ta bahs o‘rin oldi. O‘zbekiston professional boks federatsiyasi tomonidan tashkil etilgan ushbu boks kechasi juda ajoyib tarzda tashkil etildi desak yanglishmagan bo‘lamiz. Janglar ham bir-biridan qiziq, keskin kurashlarga boy bo‘ldi.

BUKA GYM zaliga tashrif buyurgan muxlislar aslo zerikib qolishmadi. Markaziy jangda WBC sharqiy Yevropa hamda MDH mamlakatlari chempionlik kamari uchun 12 raundlik bahsda hamyurtimiz Jamshid Najmiddinov va gruziyalik Jorji Xutsishvili to‘qnash kelishdi. Quvonarlisi, yurtdoshimiz birinchi raundning o‘zidayoq raqibini nokautga uchratdi va ushbu kamar sohibiga aylandi.

Yana bir, kechaning bezagiga aylangan qarama-qarshilik Doston Turdiyev va ozarbayjonlik Elvin Oxunzoda o‘rtasida kechdi. 6 raunddan iborat bo‘lgan reyting jangida tajribali bokschimiz Doston Turdiyev to‘liq davom etgan raundlar yakuniga ko‘ra, yaqqol ustunlik bilan g‘alaba qozondi. Aytish mumkinki, har ikki bokschi arenaga tashrif buyurgan muxlislarning cheksiz olqishiga sazovor bo‘ldi. Elvin ham juda matonatli bokschi ekanligini namoyish etdi. Juda kuchli zarbalarni o‘tkazib yuborgan bo‘lsada, u jangni oxiriga qadar yetkaza oldi.

Qolgan janglarda esa quyidagi natijalar qayd etildi:
72 kg da 4-raundlik o‘rtoqlik uchrashuvda ringga ko‘tarilishgan ikki yurtdoshimiz Islom Mo‘minov hamda Hojiakbar Qodirohunov bahsida Islom Mo‘minov hakamlar qaroriga ko‘ra, g‘alaba qozondi.

69 kgdagi hamyurtimiz Sherzod Mamajonov afsuski Ozarbayjon vakili Nijat Hasanovga imkoniyatni boy berib qo‘ydi. U jangni oxiriga qadar yetkaza olmadi.

Mazkur qarama-qarshilikdan so‘ng, asosiy janglar boshlandi.
Dastlab, 60 kg vaznda hamyurtimiz Shukur Vohidov qirg‘izistonlik Mirbek Sherovga qarshi jang o‘tkazdi va g‘alaba qozondi.

72 kg vazn toifasida yana ikki nafar bokschimiz Javohir Fozilov hamda Odiljon Xoldorovlar o‘zaro to‘qnash kelishdi va ushbu qarma-qarshilikda Javohir qiyinchilik bilan g‘alaba qozondi.

57 kgda yana bir vakilimiz Abdulaziz Najmiddinov ham qirg‘izistonlik bokschi Baqtibek Mirzajonovga qarshi ringga ko‘tarildi va birinchi raundning o‘zida uni texnik nokautga uchratdi.

Navbat anchagina vazmin bo‘lgan bokschilar ya’ni 79 kg vazn toifasidagilarga keldi. Unda Jizzaxning Zomin tumanida tavallud topgan Jaloliddin O‘ktamov gruziyalik Paata Aduashvili bilan murosasiz jang o‘tkazib, hakamlar qaroriga ko‘ra, g‘olib chiqdi.

8 raundlik yagona bo‘lgan jangda yosh iste’dodli bokschimiz Javlonbek Qurbonov ukrainalik Danilo Savchenko bilan juda qiyin bo‘lgan jangni o‘tkazdi. Taktik kurashlar kechgan ushbu bahsda yurtdoshimiz g‘alaba qozona oldi. Qolgan ikki markaziy jangni esa yuqorida aytib o‘tdik.

Xullas, ushbu professional boks turniri barchada birdek yaxshi taassurot qoldirdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Toshkentda ajoyib professional boks oqshomi bo‘lib o‘tdi