Oʻzbekistonda ilk elektromobil qanday yaratilmoqda (foto)

  • 03 mart 2019, 23:45
  • 10 172
  • Texnologiya
  • Oʻzbekistonda ilk elektromobil qanday yaratilmoqda (foto)
    Oʻzbekistondagi birinchi elektromobil qurilish ishlari Buxoroda toʻliq hajmda olib borilmoqda, deb xabar qilmoqda Uz24.

    Elektromobil Saidbek Dream Cars savdo markasi ostida Al-FRAGANUS nomi bilan sotiladi.
    Hozirgi vaqtda loyihani amalga oshirish uchun 40 million soʻmga yaqin mablagʻ sarflangan. Dastlabki hisob-kitobga koʻra, elektromobil narxi 110-150 million soʻmga tushadi.

    “Elektromobilni qurish ishlari hali yakunlanmagan. Birinchi prototipini yaratish ishlari 4 oyga moʻljallangan. Afsuski, men bu yerda (Buxoroda) bir oʻzim ishlayman, chunki kerakli kadrlarni topa olmadim, jamoam aʼzolari menga masofadan turib yordam berishadi. Hozirda loyiha aniq mana shu sanada bitadi, deb aytish qiyin. Chunki unga ketadigan ehtiyot qismlarni topish mushkul kechmoqda. Agar biz ularni topa olsak, elektromobil qurilishini bir oyda yakunlashimiz mumkin”, - deb aytgan loyiha muallifi Saidbek Gʻulomov.

    Eslatib oʻtamiz, 2018 yilning sentyabrida fargʻonalik bir guruh yosh olimlar Buxoro viloyatida elektromobil qurish ishlarini boshlab yuborishgan edi. Ushbu loyiha homiysi Rossiya fuqarosi, asli oʻzbekistonlik Shamsiddin Hasanovdir.

    Elektromobil dizaynini yaratishda Fargʻona doʻppisi elementlaridan foydalanilgan. Elektromobil kuzovi 100% alyuminiydan ishlangan. Avtomobil uzunligi 4 metru 75 santimetr, eni 2 metr, balandligi 1,53 metr. 18 dyuymlik gʻildiraklardan foydalanilmoqda. U 6,5 soniyada 100 km/s masofani bosib oʻta oladi. Toʻliq zaryad olgan avtomobil 350 km masofani bosib oʻta oladi.

    Loyiha muallifining soʻzlariga koʻra, elektromobilni xarid qilishni istovchilar juda koʻp, ammo avtomobilning birinchi egasi Gʻulomovning oʻzi boʻladi.

    “Qolgan mijozlar uni minib koʻrishlari va individual buyurtma berishlari mumkin”. - deb qoʻshimcha qilgan muallif.
    Gʻulomovga koʻra, agar buyurtmalar soni koʻpaysa, ishlab chiqarish quvvati ham oshiriladi.

    » » Oʻzbekistonda ilk elektromobil qanday yaratilmoqda (foto)