02:51 / 14.12.2018
9 483

Yuragi xastalar hayotlarini qanday uzaytirishlari mumkin?

Yuragi xastalar hayotlarini qanday uzaytirishlari mumkin?
Infarkt, ishemiya yoki insultni boshdan kechirganlar hayotlarini maksimal uzaytirish uchun bir joyda oʻtiravermasdan, har 20 daqiqada juda boʻlmasa kichik harakatlarni amalga oshirib turishlari lozim. Bunday fikrni Kanada kardiovaskulyar jamiyati kongressida nutq soʻzlagan olimlar bildirishgan.

“Tadqiqotimiz yuragi xastalar har 20 daqiqada oʻrinlaridan turib, keyingi 7 daqiqani yengil jismoniy faollikka ajratishlari kerakligini koʻrsatdi. Agar vaqti-vaqti bilan oʻrnidan turib, xona boʻylab yursa ham kuniga 770 kilokaloriya yoʻqotish mumkin”, deb aytgan Alberta universitetidan Aylar Ramadi.

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti statistikasiga koʻra, yurak va qon tomiri kasalliklari, jumladan infarkt, insult va surunkali yurak yetishmovchiligi global darajada odamlar oʻlishining bosh sababi hisoblanadi. Har yili bu kasalliklardan 17 mlnga yaqin odam vafot etadi va bu kasalliklar rivojlanishining bosh sabablaridan biri gipertoniya (yuqori qon bosimi) va tomirlardagi u bilan bogʻliq muammolar hisoblanadi.

Jismoniy faollikning past darajasi keksa yoshda yurak xurujlarining tez-tez boʻlishi, infarkt, insult, suyaklar bilan muammolar hamda organizmda xolesterin va boshqa zararli moddalarning toʻplanishi bilan bogʻliq boshqa muammolar va kasalliklar, surunkali yalligʻlanishlar avj olishining sabablaridan biri hisoblanadi. Olimlar kuzatuvlarining koʻrsatishicha, jismoniy yuklamalar darajasining biroz oshishi ham yurak va tomirlar bilan bogʻliq muammolar va infarkt rivojlanishi imkonini bir necha marta kamaytiradi.

Ramadi va uning hamkasblari minimal jismoniy faollikning qanday darajasi insult yoki infarktni boshdan kechirganlar hamda vaqtining katta qismini kursida oʻtirib yoki divanda yotib oʻtkazuvchilarga foydali boʻlishi mumkinligini bilishni istashgan.

Ular bu maqsadda koronar yetishmovchilikdan aziyat chekuvchi 132 koʻngillidan iborat guruh toʻplab, ular nima qilishlari va qanchalik koʻp harakat qilishlari ortidan kuzatuv olib borishgan. Buning uchun olimlar har bir ishtirokchiga ularning faolligi darajasi ortidan kuzatuvchi va bu haqdagi maʼlumotlarni olimlarga uzatuvchi braslet-soatlar tarqatishgan.

Olimlarni bunday yurak xastaliklariga uchragan va uchramagan odamlarda jismoniy faollik darajasi qanchalik farq qilishi qiziqtirgan. Kuzatuvlarning koʻrsatishicha, yurak xastaliklariga uchraganlar meʼyordan ancha kam harakatlanishgan va sogʻlom kishilarga nisbatan 770 kilokaloriya kamroq yoʻqotishgan.

Olimlarning fikricha, bu organizmda xolesterin va zararli yogʻlarning toʻplanishiga olib kelgan. Bu moddalarning barchasi qon tomirlari devorlarida oʻrnashib, takroriy infarkt yoki insult yuz berishi imkoniyatini sezilarli oshiradi.

Har 20 daqiqada oʻrindan turib, ofis, kvartira yoki tabiat qoʻynida shunchaki piyoda yurib, bu kasalliklardan qochish mumkin. Bunday holatda xurujning takroran yuz berishi xatari minimal koʻrsatkichlargacha pasayar ekan.

Manba: Xabardor.uz

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Salomatlik » Yuragi xastalar hayotlarini qanday uzaytirishlari mumkin?