1 001
“Bu o‘zbekistonliklarni ayovsiz talash degani” — faollar elektromobillar importiga cheklov qo‘yilishidan norozi
“O‘zavtosanoat” AJ va BYD Europe B.V. hamkorligida tuzilgan BYD Uzbekistan Factory kompaniyasi O‘zbekiston hukumatidan elektromobillarning tartibsiz importini cheklashni so‘radi.
18 mart kuni imzolangan prezident qarorida 2024 yil 1 iyulgacha mas’ul vazirlik va idoralarga kompaniya talabini bajarish yuzasidan takliflar berish topshirilgan. Bu orqali avtomobillarni xususiy tadbirkorlar va boshqa norasmiy dilerlar import qilishiga cheklov o‘rnatilishi mumkin.
Ijtimoiy tarmoqlar faollari importni cheklash raqobat yo‘qolishiga olib kelishidan xavotir bildirmoqda.
Iqtisodchi Otabek Bakirov Telegram kanalida ikki yil avvalgi xavotirlari reallashgani haqida yozdi.
"Yorlig‘i BYD'mi yo GM — farqi yo‘q, “O‘zavtosanoat” raqobatni mutlaqo istamaydi. O‘zbek monopolistlari, oligarxlari va chinovniklarini nima birlashtirib turadi, bilasizlarmi? Ularning hammasi raqobatdan haddan tashqari qo‘rqishadi. Chunki raqobat ularning aslida kim ekanini ochiq-oydin ko‘rsatib qo‘yadi. “O‘zavtosanoat”, albatta, bu ro‘yxatda istisno emas.
“O‘zavtosanoat” BYD bilan elektromobil ishlab chiqarish hamkorligi boshlangandayoq bu xavotirlarni bildirgan edik. Shu ma’noda “mahalliy iqlim va yo‘l sharoitlariga moslashtirilmagani hamda rasmiy kafolatga ega bo‘lmagani uchun tartibsiz importni cheklash” ko‘rinishidagi jimjimador formulirovkaning o‘zbekchasi bu BYD avtomobillarining importini faqat “O‘zavtosanoat” va uning sho‘balari yoki kelishib olingan oligarxlar amalga oshiradi, degani.
“O‘zavtosanoat” nazaridagi “tartibli import” bu Xitoyda 10 ming dollar bo‘lgan elektromobillar importini to‘xtatish, 15 ming dollarlik elektromobilni esa 30 ming dollardan bir qo‘lli qilib sotish, degani. Ya’ni o‘zbekistonliklarni ayovsiz talash, tinimsiz talash, tanlovsiz talash degani. Qolgani — JST, iste’molchilarning manfaatlarini himoya qilish degan vajlar, uzrku-ya, 30 yillik qurigan shimildiriq”, — deb yozgan iqtisodchi.
Yana bir iqtisodchi Mirkomil Xolboyev O‘zbekistondagi mahalliylashtirishni saraton kasalligiga qiyoslagan.
"Yangi zavodning paydo bo‘lishi UzAutoMotors'ning sotuv hajmiga salbiy ta’sir qiladi. Bu esa, o‘zi shundoq ham tannarxi qimmat bo‘lgan avtomobillar narxining yanada oshishiga olib keladi (o‘zgarmas xarajatlarning bitta avtomobilga tushadigan miqdori ortishi evaziga). Ya’ni yangi zavodning kirib kelishi hozirgi sharoitda ichki bozorda narxlar tushishiga emas, balki oshishiga olib keladi.
Tabiiyki, bu modellar o‘zimizda ishlab chiqariladigan eng qimmat modellarga raqobatchi bo‘ladi. Qimmat modellarga talabning kamayishi natijasida bu modellarning tannarxi oshadi. Zavod esa, bu modellarning bozordagi raqobatbardoshligini saqlab qolish uchun arzon (nisbatan noelastik) modellar narxini oshiradi.
Hozirgi vaziyatda avtomobil ishlab chiqarishda ichki bozorga yangi ishlab chiqaruvchilar qancha ko‘p kirib kelmasin, bu ichki bozordagi vaziyatni ijobiy tomonga o‘zgartirmaydi (narxga salbiy ta’sir qilish ehtimoli katta). Bundan tashqari, yangi kirib kelayotgan ishlab chiqaruvchilar import bojlari pasaytirilishini ortga surish ehtimoli yuqori. Chunki yangi ishlab chiqaruvchilar ishlab chiqarishni aynan mamlakatimizda tashkil qilayotganliklari uchun hukumatdan turli imtiyozlar so‘rashining ehtimoli yuqori (bojlarni yuqori ushlab turish kabi)", —deb yozgan Mirkomil Xolboyev.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri maslahatchisi Rasul Kusherbayev fikricha, “endi BYD ham O‘zbekistonda monopoliya o‘rnatmoqchi”.
"Bundan ikki yil avval “O‘zavtosanoat” va BYD birgalikda O‘zbekistonda elektromobil va elektrobuslar ishlab chiqarish bo‘yicha hamkorlik memorandumi imzolagandi. Shu, bizda nima qilishsa ham oxiri borib monopoliyaga aylanib qolaveradi-ya. UzAutoMotors'ning xalq ustidan kulishiga endi BYD ham qo‘shilishini odamlarimiz qanday qabul qilisharkin? Demak, oldinda bizni tanlovsiz holda sifatsiz, ba’zi detallari yo‘q elektromobillarga oldindan pul to‘lab, yarim yillab kutish kabi kulgili shartlar kutib turibdi", — deb yozgan Kusherbayev.
Shuningdek, jurnalist Muhrim A’zamxo‘jayev: “Kutilganidek. O‘zbekistonda davlatning insofsiz avtomonopoliyasi yaqin orada tugamaydi”, deya fikr bildirdi.
Avvalroq “O‘zavtosanoat” Jizzax shahrida Xitoyning BYD kompaniyasi elektromobil va gibrid avtomobillarini ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirayotgani xabar qilingandi. Loyiha qiymati 122,6 million dollarlik bo‘lib, shundan 4 million dollari “O‘zavtosanoat”ning o‘z mablag‘lari, 17,6 million dollari to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlar hisobidan qoplanishi belgilangan. Loyiha doirasida 2023—2024 yillarda 50 ming dona BYD ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Xalqaro jinoyat sudi Isroil bosh vaziri Netanyaxuni hibsga olishga order berdi
Kim Chen In harbiylarni jangovar holatda turishga chaqirdi
22 noyabr kuni Cobalt avtomobiliga shartnoma ochilishi e’lon qilindi
Dunyoning mashhur ayollari kunni qanday boshlaydi?
Xonanda Ruxshona uylanmagan yigitga turmushga chiqqani haqida so‘zlab berdi
Diniy qo‘mita Umra ziyoratini tashkil qilish uchun 12 ta turfirmaga litsenziya berdi
Ikki tumanning hokim yordamchilari qo‘lga tushdi
Xitoyda markazida bog‘ bo‘lgan 270 metrli osmono‘par bino quriladi