08:21 / 22.03.2017
11 580

Mashina dvigatelini yuvish kerakmi?

Mashina dvigatelini yuvish kerakmi?
Bu haqda “Vilgud” avtoservisining eksperti o‘z maslahatlarini beradi, deb yozmoqda Carzone.uz sayti.

“Dvigatelni tashqarisidan yuvish shart emas va ishlab chiqaruvchining reglamentida yozib qo‘yilmagan. Shu bilan birga ichki yonuv dvigatelining sirtidagi kir-chir uning ishlashiga umuman ta’sir qilmaydi. Biroq biz motorni bir yilda hech bo‘lmasa bir marta yuvishni tavsiya etamiz. Va yana bunga e’tiborsizlik qilmaslik kerakligiga bir necha jiddiy asoslar keltirishimiz mumkin”, deydi ekspert.

Iflos motor issiqlikni yaxshi uzatmaydimi?

“Oddiy odamlar kir dvigatel tez qiziydi deb hisoblashadi. Haqiqatan, shunday. Xususan, sovutish tizimi radiatori yopiq bo‘lsa, unda harorat rejimi buzilishi muqarrar. Ammo gap dvigatelning sirti iflosligi haqida boradigan bo‘lsa, u hech qachon qizib ketishiga olib kelmaydi”.

Kapot ostining kirlanishi avtomobilning elektronikasiga ta’sir qiladimi?

“Ko‘pchilik avtomobilchilar tok sizishi yoki elektronikadagi nosozlikni dvigatelning kirlanganligi bilan bog‘lashadi. Ammo bir narsani bilish kerak: loyning o‘zi tok o‘tkazmaydi, elektr ulagichlarida yuzaga keladigan oksidlar (masalan, havoning namligi yuqoriligi tufayli) esa elektr jihozlarining ishiga qattiq ta’sir ko‘rsatadi. Demak, toza dvigatelda oksidlangan kontaktlarni aniqlash osonroq”.

Kir dvigatel yong‘inga sabab bo‘lishi mumkinmi?

“Yo‘q. Loyqaning yong‘in xavfsizligiga aloqasi yo‘q. Kapot ostiga to‘planib qoladigan kuzgi barglar va terakning pari bundan mustasnodir. Ular dvigatel qattiq qizishi tufayli bexos yonib ketishi mumkin”.

Dvigatel qanday va nima bilan yuvilishi kerak?

“Avvalambor, toza motorda texnik suyuqliklar sizgani oson ko‘rinishini, demakki nosozlikni o‘z vaqtida bilib, bartaraf etish chorasini ko‘rish mumkinligini tushunish kerak. Qolaversa, toza dvigatelga xizmat ko‘rsatish ko‘ngilli bo‘lib, ta’mirlash vaqtida dvigatel uzellari orasiga kir tushishi xavfi yo‘q. Ikki xil tozalash usuli bor: birinchisida maxsus kimyoviy usulda tozalab, yengil suv purkaladi. Ikkinchisida maxsus uskuna yordamida issiq bug‘ oqimi yuboriladi. Agar to‘g‘ri tozalansa, ikkala usul ham samaralidir. Xususan, yuvishni boshlash oldidan akkumulyatorni uzish, generator, o‘t oldirish taqsimlagichi, havotortar, saqlagichlar bloki va dvigatel “miyasi”ni suvdan himoyalash lozim. Yuvib bo‘lgach, tozalangan yuzaga siqilgan havo purkash va suv yuqi bug‘lanib ketishi uchun dvigatelni 10-15 daqiqa davomida yurgizib qo‘yish shart”.

Qanday dvigatellarni yuvish kerak emas?

“Hozir barcha mashinalar elektronikalashgan. Shunga muvofiq zamonaviy avtomobillarga qattiq ehtiyotkorlik bilan yondashish va suv elektr bilan aslo chiqisha olmasligini esda tutish kerak”.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Avto » Mashina dvigatelini yuvish kerakmi?