16:45 / 26.02.2021
2 302

Avtomobilni ijaraga olishda firibgarlardan qanday himoyalanish mumkin?

Avtomobilni ijaraga olishda firibgarlardan qanday himoyalanish mumkin?
Respublika bo‘yicha jabrlangan iste’molchilar soni 830 tani, zararning umumiy summasi 5,5 mlrd so‘mdan ortiq miqdorni tashkil etadi. Avtomobilni keyinchalik sotib olish sharti bilan ijaraga berish yoki lizing xizmatlarini ko‘rsatish orqali foyda olish bilan shug‘ullanuvchi ayrim tadbirkorlik sub’ektlarining faoliyati ustidan shikoyat qilgan iste’molchilarning murojaatlari soni shunchaga yetdi.

O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi direktori Elmurot XAITMЕTOV bunday vaziyatlarning yuzaga kelish sabablari va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish usullari haqida «Norma»ga batafsil gapirib berdi.

– Nima uchun tuziladigan shartnomalarda iste’molchilar huquqlari hisobga olinmaydi?
– Shartnoma tuzishda ushbu shartnoma turi qandayligini – keyinchalik sotib olish sharti bilan ijaraga berish yoki lizing ekanligini aniqlashtirib olish muhimdir. Bundan kelib chiqib tomonlarning majburiyatlari va javobgarligi belgilanadi.

Kompaniya iste’molchiga ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomani taqdim etishi lozim. Iste’molchining talabiga ko‘ra shartnoma notarial tasdiqlanmagan taqdirda, qat’iy aytish mumkinki, tuziladigan shartnoma lizing hisoblanmaydi. Bunday alomatlar lizing ob’ektining sug‘urta shartnomasi mavjud emasligini anglatishi mumkin.

Shartnoma tuzishda tomonlarning majburiyatlari va javobgarligini sinchiklab o‘rganib chiqish lozim. Amaliyotda noinsof kompaniyalar shartnomada faqat avtotransport vositasini oladigan iste’molchining javobgarligini ko‘rsatadilar, bu esa ular zarar ko‘rishlari, ko‘p holatlarda avtomobildan mahrum bo‘lishlariga olib keladi.

– Avtotransport ijarasi yuzasidan shartnomalar tuzishda qanday huquqbuzarliklar aniqlangan?
– Bo‘nak to‘lovlari to‘g‘risidagi shartnomani, shuningdek avtotransportni keyinchalik sotib olish huquqi bilan ijaraga berish to‘g‘risidagi shartnomani tuzishda Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi tomonidan bir qator punktlarning «Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi Qonunga nomuvofiqligi belgilangan:

1. Bo‘nak to‘lovlari to‘g‘risidagi shartnomalarda transport vositalarining to‘liq qiymati belgilanmagan, shuningdek bo‘nak to‘lovi belgilanadigan avtomobilning qiymati ko‘rsatilmagan. «Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi Qonunning 4-moddasiga muvofiq iste’molchilar tovarlar (ishlar, xizmatlar) haqida ishonchli va to‘liq ma’lumot olishga haqlidirlar.

2. Bo‘nak to‘lovlari to‘g‘risidagi shartnomada iste’molchilardan ijaraga olish uchun hujjatlarni to‘plash, tayyorlash va rasmiylashtirish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash uchun iste’molchilardan shartnoma summasidan foizlar undirish nazarda tutilmagan. Shuningdek quyidagi xarajatlarni – yo‘l jamg‘armasiga to‘lovlar, notarial xarajatlar, ob’ektni sug‘urtalash, texnik pasportni ro‘yxatdan o‘tkazish xarajatlari, schot-ma’lumotnoma, bank xarajatlari, DAN (garaj) xarajatlarini qoplash uchun mablag‘lar undirilishi to‘g‘risidagi band mavjud. Ushbu xarajatlar qisman takrorlanadi, bu esa yuqorida aytib o‘tilgan Qonunning 21-moddasi ikkinchi xatboshisiga ziddir, unga muvofiq ijro etuvchi qo‘shimcha hujjatlarning taqdim etilishini talab qilishga, shuningdek ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun to‘lov undirishga haqli bo‘lmaydi.

3. Yuqorida aytib o‘tilgan Qonunning 19-moddasida belgilangan majburiyatlarning o‘z vaqtida bajarilmaganligi yoki umuman bajarilmaganligi uchun tashkilot to‘laydigan neustoyka qiymati qayd etilmagan.

4. Shartnoma shartlari ba’zida iste’molchilarni avtomobilni ijaraga beradigan kompaniya rahbarining kayfiyatiga bog‘liq bo‘ladigan holatlarga ham tushirib qo‘yishi mumkin.

– Iste’molchi avtotransportni ijaraga olayotganda yana nimalarga e’tibor berishi lozim?
– Aldanib qolgan iste’molchilar bir necha oy davomida adolat o‘rnata olmagach, Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish agentligiga murojaat qildilar. Ko‘pincha noinsof tashkilotlar shunday usulni qo‘llashadiki, bunda bo‘nak to‘lovlari to‘g‘risidagi shartnoma boshqa firma bilan, avtomobil ijarasi bo‘yicha shartnoma keyinchalik sotib olish sharti bilan boshqa firma bilan tuziladi. Bunda birinchi va ikkinchi firmalar bitta muassisga tegishli bo‘ladi. Bu nafaqat qonunni qo‘pol ravishda buzish, balki iste’molchilarning murojaatlarini ko‘rib chiqish va fuqarolarning iste’molchilik huquqini tiklash jarayonini ancha murakkablashtiradi.

Bundan tashqari, tashkilot tomonidan avtomobil belgilangan muddatda iste’molchiga berilmagan yoki to‘lovchining foydasiga qayta hisob-kitob qilinmasdan pasaytirilgan qiymat bo‘yicha boshqa avtotransport vositasi taqdim etilgan holatlar ham uchrab turadi. Shuningdek dastlabki to‘lovni to‘lab, bir necha oy mobaynida (shartnoma bo‘yicha 120 ish kuni) va’da qilingan avtomobilning berilishini kutayotgan iste’molchiga tashkilot shartnomada qayd etilmagan talablar bo‘yicha yuqori qiymatdagi avtomobillarning uchtasidan birini tanlashni taklif etgan holatlarga duch kelinmoqda.

Avtomobilni keyinchalik sotib olish sharti bilan ijaraga olib aldanib qolgan iste’molchidan dastlabki murojaat o‘tgan yilning yanvar oyida kelib tushgan bo‘lsa, bugungi kunda noinsof tadbirkorlik sub’ektlarining faoliyatidan jabr ko‘rgan iste’molchilarning soni 830 nafarga yetdi. Agentlik iste’molchilarning huquqlarini himoya qilishga va ularga 5,5 mlrd so‘mdan ortiq miqdorda ko‘rilgan zarar summasini qaytarishga muvaffaq bo‘ldi.

E’TIBOR BЕRING!
Ijara (lizing) shartnomasi bo‘yicha foiz stavkasi MBning qayta moliyalashtirish stavkasidan (joriy yilning fevral holatiga ko‘ra yillik 14%) kam bo‘lmasligi kerak. Aks holda bu tadbirkor uchun foydali bo‘lmasligi mumkin.

Shartnoma tuzishdan oldin uni sinchiklab o‘rganib chiqing va mustaqil faoliyat yuritadigan yuristlar bilan maslahatlashib ko‘ring. O‘zingizga ko‘proq tushunarli bo‘lgan tilda – o‘zbek yoki rus tilida shartnoma tuzilishini talab qiling.

Transport vositasining to‘liq qiymati shartnomada ko‘rsatilishi lozim.

Ijara muddati 1 oydan oshsa va bunda xarajatlar transport vositasini taqdim etadigan kompaniya tomonidan to‘lanadigan bo‘lsa, transport vositasining ijara shartnomasi notarial tasdiqlanishini talab qiling.

Shartnoma tuzmoqchi bo‘lgan kompaniyangiz haqida mijozlar qanday fikrda ekanliklari bilan qiziqib ko‘ring.

Shartnoma tuzishdan oldin va tuzilgandan keyin savollar yuzaga kelganda Agentlikka murojaat qiling. Vakolatli xodimlar sizga zarur tushuntirishlar va maslahatlar beradilar.

Lola Abduazimova.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Avto » Avtomobilni ijaraga olishda firibgarlardan qanday himoyalanish mumkin?