Vladimir Putin 24 fevral kuni Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan buyon mamlakatdan chiqmayotgandi. Urush boshlanganidan 4 oy o‘tib, 28 iyun kuni Putin ilk marta Rossiyani tark etib, Markaziy Osiyoga yo‘l oldi. Bu tashrif nima maqsadda amalga oshirildi?
«Siz yaxshiroq bilasiz»
Putinning tashrifi haqida anons berilganda Imomali Rahmon bilan uchrashuvda ko‘plab masalalarda muloqot qilinishi, xususan, Afg‘oniston masalasida so‘z borishi ham aytilgandi. Chindan uchrashuv davomida bu masala tilga olinib, Putin Rossiya ham Afg‘onistondagi vaziyatga befarq emasligini ta’kidladi.
«Men Rossiya manfaatlari uchun muhim bo‘lgan masalalar bo‘yicha sizga ma’lumot beraman. Qo‘shni Afg‘onistonda voqealar qanday rivojlanayotgani haqida sizning fikringizni ham bilishni istardim», dedi Putin.
Uning aytishicha, mamlakat «Tolibon» bilan munosabatlarni shakllantirishga intilmoqda. Putin Afg‘onistonda nazorat o‘rnatgan «Tolibon» haqida tashkilot nomini aytmay gapirgan.
«Vaziyatni nazorat qilayotgan siyosiy kuchlar bilan munosabatlarni shakllantirishga harakat qilyapmiz. Ammo avval aytganimiz kabi mamlakatdagi barcha etnik guruhlar mamlakat boshqaruvida ishtirok etishi kerak deb hisoblaymiz.
Bu borada ishlashda davom etamiz, Afg‘onistondagi barcha siyosiy kuchlar bilan aloqa o‘rnatganmiz. Lekin u yerda nimalar bo‘layotgani sizga yaxshiroq ko‘rinadi va nimalar qilsak, birgalikda javobgar bo‘lganimiz mintaqadagi xavfsizlik ta’minlanishini yaxshi bilasiz. U yerdagi vaziyat qo‘shni davlatlarning birortasiga zarar yetkazmaydigan va ko‘p millatli Afg‘oniston xalqi uchun ham foydali holatda rivojlanishi kerak», dedi Rossiya prezidenti.
Putin Afg‘oniston delegatsiyasi yaqinda Peterburgda o‘tgan iqtisodiy forumda ishtirok etganini ta’kidladi.
Rossiya prezidenti bejiz barcha etnik guruhlar rahbariyatda bo‘lishi haqida gapirmagan. Mintaqada faqat Tojikiston Afg‘oniston «Tolibon» qo‘liga o‘tganini ochiq qo‘llamay, yangi rahbariyatda tojiklarga ham o‘rin berish kerakligini aytib keladi. Putin yuqoridagi fikrlari bilan bu borada Tojikistonni qo‘llashini bildirdi, deyish mumkin.
Putin urush boshlanganidan buyon ilk marta Rossiyadan tashqari chiqdi va uning nega Tojikistonga borgani borasida ko‘plab mulohazalar bildirilmoqda. Xususan, Putin shu tariqa xalqaro siyosatga qaytganini ko‘rsatishga urinmoqda, degan fikrlar ham yangradi.
Dushanbedagi chiqishida esa Putin go‘yoki mana shu farazning oldini olish maqsadida Imomali Rahmon bilan uchrashuv avvaldan rejalashtirilganiga urg‘u qaratdi. «Bugun kelishuvimiz bo‘yicha uchrashib turibmiz. Bu uchrashuv avvalroq bo‘lib o‘tishi kerak edi, ammo pandemiya cheklovlari sabab amalga oshmadi. Dunyoning ushbu mintaqasidagi do‘st davlat zaminida bo‘lib turganimdan xursandman», dedi Putin.
Detallar
Putinni Dushanbe aeroportida Imomali Rahmonning o‘zi kutib oldi. Odatiy kutib olish marosimlaridan farqli o‘laroq uni kutib olishda boshqa hech kim ishtirok etmadi – Rossiyaning mamlakatdagi diplomatik missiyasi vakillari ham.
Aeroportning o‘zida Putin bir necha daqiqa Imomali Rahmon bilan gaplashib turdi. Hatto bir muddat kameralar ham ilg‘amasligi uchun teskari qarab gapirdi. Aeroportdan Tojikiston prezidenti qarorgohigacha ikki davlat yetakchisi Putinning mashinasida yo‘l olishdi. Ha, mehmon davlat prezidenti o‘zi bilan olib kelgan «Aurus»da.
Migrantlar masalasi
Tojikiston va Rossiya o‘rtasidagi uchrashuvlarda doim mehnat muhojirlari masalasiga to‘xtalib o‘tishadi, chunki Tojikiston iqtisodiyotiga Rossiyada ishlab pul yuborayotgan tojikistonliklarning hissasi katta. Putin tojikistonlik muhojirlarni ikki mamlakat munosabatlaridagi ko‘prik deb atab, ular Rossiya rivojlanishiga ham hissa qo‘shayotganini ta’kidladi.
Rossiya davlat telekanallarida muhojirlar mavzusiga alohida e’tibor berildi, «Birinchi kanal»da hatto tojikistonlik yigitning patent borasidagi fikrlari keltirildi. Xuddi shu kanal efirida aytilishicha, prezidentlar Tojikistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zoligini muhokama qilgan. «Bu ikki davlat o‘rtasidagi bojxona to‘siqlarini olib tashlab, tojikistonlik muhojirlarga Rossiyada qonuniy, patentsiz ishlash imkonini beradi. Masalan, Moskvada bir oylik patent 6 ming rubl atrofida, bu esa migrantlar cho‘ntagiga yaxshigina qiyinchilik tug‘diradi», deyiladi Putinning Dushanbega safariga bag‘ishlangan ko‘rsatuvda.
«Birinchi kanal» bilan suhbatda Rossiyada ishlab kelgan yigit shunday deydi: «7 ming rubl kvartiraga, 6 ming rubl patentga va 5 ming rubl ro‘yxatdan o‘tish uchun to‘lab ishlashdan foyda yo‘q. Yeb-ichish, ul-bul xarid qilish kerak, uyga 10 ming rubl yuboramizmi? Uni shu yerda ham ishlasa bo‘ladi», degan quruvchi yigit.
Uchrashuv davomida Imomali Rahmon mamlakatda Rossiya tomonidan rus tilida ta’lim beriluvchi maktablar qurilishi muvaffaqiyatli tamomlanayotganini aytgan. Buni rus telekanali ikki mamlakat o‘rtasidagi yana bir ko‘prik deb atab, ayni damda Tojikistondagi 49 ta davlat maktabida rus tilida dars o‘tilishiga urg‘u qaratgan. Lavhaga rus tilida ta’lim beriluvchi maktabdan reportaj ham ilova qilingan.
Shohona qabul
Kechasi esa Imomali Rahmon rossiyalik mehmoni uchun chinakam shohona qabul uyushtirdi. Qasri millatdagi mashhur bog‘da Putinning tashrifi munosabati bilan chinakam tabiat mevalaridan iborat naqshlar paydo bo‘ldi. Meva, sabzavot va poliz ekinlaridan iborat naqshlar Putinni ajablantirgani rost.
Rossiya prezidenti Tojikistonga ko‘p borgan, bunday bezaklarni ko‘p ko‘rgan, ammo aynan bu galgi uchrashuvda Imomali Rahmon Tojikiston dalalarida, bog‘larida o‘sadigan barcha mevalarni ko‘z-ko‘z qilishga intildi. Albatta, shunchaki naqsh uchun emas. Tojikiston prezidenti katta ehtimol bilan sanksiyalar sabab boshqa davlatlar bilan aloqalari murakkab bo‘lib qolgan Rossiya prezidentiga bundan yaxshi mevalarni qayerdan topasiz, demoqchi bo‘ldi go‘yo.
Shu tariqa, Rossiya prezidentining Tojikistonga safari yakunlandi. Urush boshlanganidan buyon ilk marta mamlakatdan chiqqan Rossiya prezidentining ikkinchi manzili ham Markaziy Osiyo davlati bo‘ldi. U Kaspiy sammitida ishtirok etish uchun Turkmanistonga keldi.
U Ashxobodda Kaspiy dengizi atrofidagi davlat vakillari bilan uchrashuvda qatnashmoqda. Ertaga Putin Moskvada «katta yigirmatalik» davlatlarining keyingi yig‘ilishiga mezbonlik qiladigan Indoneziya prezidenti Joko Vidodoni qabul qiladi. “Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi
20 yoshli o‘zbekistonlik qizni qarindoshi Turkiyaga sotib yubordi
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi
Bayden va Jinping Peruda uchrashdi: «Agar bir-birimizni raqib deb bilsak, munosabatlarni buzamiz»
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...