Odessa oblastiga raketa zarbasi oqibatlari. Foto: EPA
Yevropa va rivojlangan dunyoning 40 dan ortiq davlatlari Rossiya tajovuzidan keyingi Ukrainani tiklash bo‘yicha «Marshall rejasi»ni tayyorlashga rasman kirishdi va Lugano deklaratsiyasini imzoladi.
Shveysariyaning Lugano shahrida bo‘lib o‘tgan ikki kunlik URS2022 konferensiyasi doirasida Yevropaning barcha davlatlari, shuningdek, Isroil, Yaponiya, Janubiy Koreya, Turkiya, AQSH, Kanada va Avstraliya ishtirokida Lugano deklaratsiyasi imzolandi.
Yuridik kuchga ega bo‘lmagan mazkur siyosiy hujjatda ishtirokchi mamlakatlar Rossiya agressiyasini qoralab, Kremlni zudlik bilan qo‘shinlarini olib chiqib ketishga chaqirishdi va Ukrainaning tiklanishini qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanliklarini bildirishdi.
Ukraina rasmiylarining hisob-kitoblari bo‘yicha mamlakatni rekonstruksiya qilish ishlari 750 milliard dollarga baholangan. Xususan, birgina joriy yilning o‘zida mudofaa va qurol-yarog‘ga sarflangan mablag‘lardan tashqari, 60-65 milliard dollar kerak bo‘ladi.
Kiyev iqtisodiyot maktabi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya armiyasi hozirga qadar 100 milliard dollar qiymatidagi binolar va infratuzilmani vayron qilgan. Mutaxassislar urushdan ko‘rilgan umumiy iqtisodiy zararni 600 milliard dollarga baholashgan.
G‘arb davlatlari hozirga qadar Ukrainaga faqatgina qurol-yarog‘ sotib olish uchun bir necha milliard dollar ajratdi. Shunday bo‘lsa-da, allaqachon qayta tiklashning kelajakdagi xarajatlari haqida bosh qotirishni boshlashgan.
«Urushdan keyingi davrga urushning o‘rtasidayoq tayyorgarlik ko‘rishni boshladik. Biz ukrainaliklarga ular yolg‘iz emasligiga umid va ishonch berishga intilamiz», deydi Shveysariya prezidenti Ignazio Kassis.
Mablag‘lar faqat islohotlar uchun
Ukraina rekonstruksiya xarajatlarini 750 mlrd dollarga baholamoqda. Shu yilning o‘zida mamlakatga 60-65 mlrd dollar zarur. Foto: EPA
Aprel oyida sakkiz nafar yetakchi iqtisodchi tomonidan Ukrainani qayta tiklash uchun ajratilishi kerak bo‘lgan yordam paketi 200-500 milliard yevroga baholangan edi. Bunda mutaxassislar Ikkinchi jahon urushidan keyingi Yevropani qayta tiklash tajribasi («Marshall rejasi»), Germaniyani birlashtirish, Afg‘oniston, Iroq va Kuvaytni qayta qurish va boshqa modellarga tayanib ish olib borgan. Ular rekonstruksiya ishlarini uch bosqichda: hozirgi favqulodda holat, undan keyin muhim infratuzilma va davlat boshqaruvini tiklash va shundan so‘ng Ukrainani zamonaviy iqtisodiyotga aylantirish uchun poydevor yaratish ko‘rinishida amalga oshirilishini belgilab beradi.
Shu bilan birga Yevropa Ittifoqi Ukrainani o‘z safiga qabul qilishga tayyor bo‘lmasdan turib, bu ishlarni amalga oshirish qiyinligiga urg‘u berilgan.
Boshqa tomondan, Ukrainaning o‘zi ham korrupsiya, davlat boshqaruvidagi muvaffaqiyatsizliklar va iqtisodiy hokimiyatning tor doiradagi shaxslar qo‘lida to‘planib qolganligi kabi surunkali muammolarni hal qilish uchun tub islohotlarga muhtoj.
Rasmiy Kiyevga Yevropa Ittifoqi a’zoligiga nomzodlik maqomi berildi. Shu bilan bir qatorda Ukraina oldiga bir qancha: korrupsiyaga qarshi kurash, davlat boshqaruvi, qonun ustuvorligi, sud hokimiyati mustaqilligini ta’minlash, «yashil» qayta qurish, raqamlashtirish va fundamental Yevropa qadriyatlarini qabul qilish shartlari qo‘yildi.
Lugano deklaratsiyasida ham yuqoridagi omillarga e’tibor qaratilgan.
«Qayta tiklash jarayoni shaffof va Ukraina aholisi oldida hisobdorlik ko‘rinishida amalga oshirilishi kerak. Qonun ustuvorligini tizimli ravishda mustahkamlash, korrupsiyaga barham berish lozim», - deyiladi hujjatda.
Potensial donorlar va Ukraina masalasida xayrixoh davlatlarning navbatdagi konferensiyasi bir necha oydan keyin Yevropa Ittifoqida, keyingi uchrashuv esa 2023 yilda Buyuk Britaniyada o‘tkazilishiga kelishib olingan. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Bayden va Jinping Peruda uchrashdi: «Agar bir-birimizni raqib deb bilsak, munosabatlarni buzamiz»
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi