11:00 / 22.07.2022
2 062

Robbini izlagan Timoti Vernerning Abdulhakim Murodgacha bo‘lgan yo‘li

Robbini izlagan Timoti Vernerning Abdulhakim Murodgacha bo‘lgan yo‘li
Timoti Jon Vinter 1960 yilda arxitektor va rassom oilasida dunyoga keladi. U obro‘li Vestminster maktabini tamomlagan. Vinterning yoshligi tub ijtimoiy va madaniy o‘zgarishlar davrida o‘tdi: “Bitlz” guruhi ommaviy madaniyatni keng targ‘ib qilar, ayollar huquqi masalasida keskin chiqishlar bo‘lib o‘tar, turli ma’naviy qarashlar keng tarqalayotgan payt edi. Tim 15-16 yoshligida xristianlikka shubha bilan qarashni boshlaydi. U “Muqaddas uchlik” konseptsiyasini qabul qila olmay, yakka xudoga e’tiqod qilishni istar edi. Shu bilan birga Timoti hayot va tabiatning betakrorligi ortida Yaratuvchi bor deb hisoblagan.

Bu Vinterni unitarianlikni o‘rganishiga sabab bo‘ladi. Unitarianlar xristianlikning “uchlik” tamoyilini tan olmaydigan oqim. Bu yerda u Jon Xikning “Xudoning tasviri haqidagi afsona” kitobi bilan tanishadi. Bu Timotining hayotidagi burilish nuqtalaridan biri bo‘ldi.

Shu paytda u almashinuv dasturi doirasida Korsikaga boradi va fransiyalik yahudiylar oilasida yashaydi. Ularning to‘rt nafar qizi bo‘ladi va o‘spirin ularning go‘zalligidan lol qoladi. Shu vaqtda u go‘zallikning faqatgina miya funksiyasi emasligini hamda uning bu chegaralarga sig‘masligini anglab yetadi. Dunyo — jismoniy faoliyatdan kengroq tushuncha. Uzoq yillardan so‘ng bergan intervyusida Timoti: “Islomga kirishimga yosh yahudiy qizining go‘zalligi sabab bo‘lgan”, – deb eslaydi.

Londondagi kollejda arab tilini o‘rganishni boshlaganda unda Islom haqida hech qanday bilimlar yo‘q edi. U shunchaki arab tilini o‘rganib, shu orqali Fors ko‘rfazi davlatlaridan yaxshi ish topishni rejalashtiradi. Tilni o‘rganish jarayonida Timoti Islom ta’limoti haqida savollarga duch keladi. Keyinchalik BBS’ga bergan intervyusida Abdulhakim Murod “Islom haqida ko‘p narsani bilgan sari, u xristianlik yopa olmaydigan ko‘plab bo‘shliqlarni to‘ldirishini anglab yetdim”, – degan.

U shuningdek, Muhammad sollallohu alayhi vasallam hayot yo‘llarini o‘rganib, uning jamiyatda katta o‘zgarishlarni amalga oshira olganini ko‘radi. Bu britaniyalikni yanada hayratlantiradi. Timoti Islomni qabul qilishga qaror qiladi va 1979 yilda London masjidiga boradi. U Abdulhakim Murod ismini oladi. Shundan keyin u ta’limni Al-Azharda davom ettiradi. 80 yillar oxirida Murod Londonga qaytadi va turk hamda fors tillarini o‘rganishni boshlaydi. Abdulhakim Murod so‘fiylik ta’limotini ham o‘rgangan.

Hozirgi kunda u Kembridj musulmon kolleji asoschisi va dekani, ushbu kollej qoshidagi Aziz fondi Islom tadqiqotlari professori, Volfson kollejida tadqiqotlar bo‘yicha direktor, Kembridj universitetida ilohiyot kafedrasi professori, Kembridj markaziy masjidi loyihasi asoschisi va rahbari hisoblanadi. U doimiy ravishda “Dunyoning eng nufuzli musulmonlari” ro‘yxatiga kiritiladi. 2022 yilda u ushbu reytingda 45 o‘rinni egallagan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Robbini izlagan Timoti Vernerning Abdulhakim Murodgacha bo‘lgan yo‘li