00:22 / 30.07.2022
2 372

«Zulm texnologiyasi»: Stalin hokimiyat yo‘lidagi makr-hiylalari

«Zulm texnologiyasi»: Stalin hokimiyat yo‘lidagi makr-hiylalari
Yana kimlar ko‘zga tashlanib turgandi?

Trotskiyga ko‘pchilik begonaga qaragandek qarar edi. Uning ashaddiyligi, hokimiyatni egallashdagi tashkilotchiligi, fuqarolar urushi paytidagi muzaffarligi tan olinsa-da, kalondimog‘ligi va hukm yurgizishga o‘chligi maqbul emasdi.

Zinovev garchi Leninga bir necha bor muxolifatda turgan bo‘lsa-da, Lenin bilan surgunda va inqiloblar paytidagi do‘stona munosabatlari tufayli, notiqligi va tashviqotchiligi uchun qadrlanardi. Uni ko‘pchilik maqtanchoqligi uchun yoqtirmasdi. Lenin uni xavf o‘tgandan keyin jasur bo‘ladi, deb mazaxlagandi.

Yahudiy oilasida 1883 yilda tug‘ilgan Kamenev Stalin bilan Sibirda surgunda bo‘lgan, 1917 yilda birga Petrogradga qaytgandi. Lenin uni murosasozlikda ayblar edi. Zinovev bilan do‘st edi. Uning bilimdonligi urushqoqlardan iborat bo‘lgan bolshavoy ko‘pchilikka yoqmasdi.

Bolshavoylar rahnamolari ichida ishchilardan chiqqan birdan-bir odam Mixail Tomskiy edi. Kelib chiqishi jihatidan o‘ris bo‘lgan birdan-bir odam ham u edi. Axir, partiyaning Lenindan keyingi uchta asosiy lavozimi yahudiylar – Trotskiy, Zinovev, Kamenevning qo‘lida edi. To‘rtinchi lavozimda gurji – Stalin hukmdor edi. Lenin atrofida yahudiylarning to‘plangani uchun Gitler Moskovni «sionistlarning dunyoviy fitnasi» o‘chog‘i hisoblardi. Bolshavoylarning otasi Marks ham yahudiy ekanini hisobga olgan holda, Gitler marksizmni yahudiylarning boshqa millatlar ustidan hukmronlik qilish va ularni yo‘qotish uchun o‘ylab topgan mafkurasi hisoblardi.

Rikov iqtisodiy rahbarlikni olgan edi.

Partiya tepasida turgan to‘da ichida Lenin va Trotskiydan so‘ng Nikolay Buxarinning zakovati tan olinardi. Bolshavoy «daholar» ichidagi ikkinchi o‘ris bo‘lgan Buxarin o‘qituvchi oilasida o‘sgan, ilmli shaxs edi. Lenin uni partiyaning «sevimlisi» deb atasa-da, «mumday muloyimligi» uchun qabul qilolmasdi, chunki Leninning partiyasi kerak bo‘lsa, otasini ham so‘yib tashlaydigan jangari, kallakesarlardan iborat bo‘lishi kerak edi.

Stalinning yonida turib yetilmagan «inqilob»ni inqillab amalga oshirgan va Sovet Ittifoqining tepasida turgan, Leninning o‘limidan so‘ng Stalinning Leninning o‘rnini olish uchun kurashida uning asosiy raqiblari sanalgan kishilar shular edi va Stalin bu hokimiyat sari yo‘lidagi o‘z dushmanlarini qandaydir o‘n yil ichida bitta qo‘ymay «xalq dushmani»ga aylantirdi va ottirib tashladi.

Oq gvardiya safida ham kelishmovchiliklar borligi va bolshavoylarga qarshi muxolifatning aniq rejasi ishlab chiqilmaganligi, xorijiy imperialistik davlatlar kelishib harakat qilolmagani tufayli bolshavoylar asta-sekin shafqatsiz armiyalarini shakllantirdilar. Umumiy mobilizatsiya e’lon qilindi. 1918 yilda Qizil Armiyada 800000 kishi bo‘lgan bo‘lsa, 1920 yilga kelib 2,5 million qishi uning safida edi. Lenin Polshani bosib ololmadi va Ovro‘poda inqilob qilish umidini jilovladi. Ammo Qizil Armiya oq gvardiyachilarni parchaladi va Rossiyaning asosiy hududida sho‘rolar hokimiyatini o‘rnatdi. Sobiq hududlardan Bessarabiya, Polshaning bir qismi, Boltiqbo‘yi va Finlandiya qoldi. Stalin Ikkinchi jahon urushi natijasida bu hududlarni ham jabr-zulmga to‘la «sotsialistik lager»ga qaytardi.

Stalin hokimiyat o‘yinlarida tajriba orttirayotgan 1918-1921 yillarda Gitler milliyatchi harakatini tashkil etish va uni tan olishlari uchun harakat qilayotgan edi. Stalinning o‘z oldiga qo‘ygan vazifasi buning aksi edi – partiya barpo etilgan, hukumat tuzilgan, hokimiyat allaqachon olingandi va bularning tepasida Lenin turgandi. Stalinning qalbida Lenindan hokimiyatni olish, hech bo‘lmasa, uning vorisi bo‘lish istagi qanchalik erta paydo bo‘lgani noma’lum, ammo o‘sha paytda hali hech kim Stalinni Leninning o‘rniga keladi, deb o‘ylagan emasdi. Gitler partiyasi bilan hokimiyatni olishi uchun harakat qilsa, Stalin allaqachon tuzilgan partiyaning va olingan hokimiyatning tepasiga kelishi kerak edi.

Shuning uchun Gitler ochiq va jangari harakat qiladi, Stalin esa zimdan va makkorona ish olib boradi. Gitler Lenin kabi ko‘p, to‘lib-toshib gapiradi, Stalin esa yashirin ishlaydi, deyarli gapirmaydi. 1920 yilda Lenin 50 yoshga to‘lganda, Stalin 41 yoshda edi. Ammo oradan ikki yil o‘tar-o‘tmas Lenin ketma-ket yurak xurujiga duchor bo‘ladi, kim uyushtirgani noma’lum bo‘lgan suiqasdlar yuz beradi va 1924 yil yanvarida 54 yoshida olamdan o‘tadi.

Stalin 1920 yildan, balkim undan-da oldinroq Lenining vorisi bo‘lish ishqida yongan bo‘lsa ajab emas.

Xalq Komissarlari Sovetida Stalin millatlar ishlari bo‘yicha komissarlikni boshqarardi. Umuman, Leninga Stalinning yaqinlashuvida milliy masalaning o‘rni bor edi. Lenin inqilobdan oldin asosan Ovro‘po korchalonlarining puliga gazeta chop etib, majlislar uyushtirib, to‘dasini yig‘ib, Ovro‘poda yurgan, Stalinni esa Rossiya xalqlari ruhiyatining bilimdoni deb bilardi.
  • Birinchidan, Lenin uchun Stalin imperiyaning mustamalaka millati vakili edi (garchand keyinchalik u o‘z milliy nasabidan voz kechgan, Lenin tomonidan «velikorus shovinisti» nomini olgan bo‘lsa-da);
  • ikkinchidan, milliy zulmni aynan qaram millat vakili qo‘li bilan amalga oshirish jilvali edi;
  • uchinchidan, Stalin 1913 yildayoq «Marksizm va milliy masala» nomli maqola chop etgan va bu maqola Martov kabi menshavoylar tomonidangina emas, Buxarin va Dzerjinskiy kabi bolshavoylar tomonidan ham qarshilikka uchragandi, biroq bu maqola… Leninga ma’qul kelgandi.

1917 yilgi bolshavoylarning to‘ntarishidan so‘ng ikki hafta o‘tgach, Stalin Finlandiyaning milliy mustaqilligini e’lon qiladi. Bu haqdagi dekretni Lenin va Stalin imzolashgandi. Stalin va Leninning bu harakatlari «burjua millatchiligiga yon berish», «Rossiyani va o‘ris inqilobini sotish» sifatida tanqid qilinardi. Inqilobdan so‘ng nafaqat Polsha va Boltiqbo‘yi mustaqil davlat qurish istagini bildirishdi, shuningdek Kavkazda, Markaziy Osiyoda va hatto Ukrainada milliy ozodlik harakati boshlandi.

Lenin va Stalinning muxoliflari ularning o‘yinini tushunmayotgandilar. Axir, yuzaga kelgan vaziyatda millatlarning o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqini butkul rad qilish mumkin emasdi, bu xalqlarning yanada kuchli oqim bilan Leninning imperiyasidan qochishlariga sabab bo‘lardi. Stalin bu vaziyatda qovushmaydigan narsani «qovushtirdi» – millatlarning o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqini sinfiy birodarliknigina tan oladigan, millatlarni butkul inkor qiladigan sotsializmga taqadi, «sotsializmning kurash vositasi»ga aylantirdi.

1918 yil mayida Tatariston-Boshqirdiston sovet respublikasinining Ta’sis s’ezdida fikrini aniq bayon qildi:
«Sovet hokimiyati muxtoriyatga qarshi emas – u butun hokimiyat ishchi va dehqonlar qo‘lida bo‘lgan, barcha millatlar burjo‘ylari nafaqat hokimiyatdan, balkim hukumat idoralariga saylovlardan chetlashtiriladigan muxtoriyat tarafdoridir».

Ma’lumki, xalqaro huquqda o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqi millat uchun o‘ziga maqbul siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va ma’naviy hayotni erkin tanlash va barpo etishni bildiradi. Stalinning milliy konseptsiyasida esa millatlar uchun ular yashashi kerak bo‘lgan tuzum allaqachon tanlab qo‘yilgan va ular Stalin istagan tuzumni o‘rnatsalargina «mustaqil»dirlar. Bunday makrning muallifi bo‘lgan Stalin Leninga yoqib tushardi, albatta. Sovet Ittifoqining Stalindan keyingi barcha Konstitutsiyalarida bunday «o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqi», «respublikalarning SSSR tarkibidan erkin chiqish huquqi» qog‘ozda saqlab turildi. Ayni paytda milliy respublikalarda harbiy-politsiyaviy tizim ham izchil ishlardi. Xususan, Markaziy Osiyoda Turkiston harbiy okrugi uyg‘oq edi.

Lenin Moskovda turib, to‘rt tomonga tortilgan hokimiyat rishtalarini tortish bilan, harbiy komissar bo‘lgan Trotskiy siyosiy cho‘qqilarni ko‘zlash bilan ovora edi. Stalin esa «tartib o‘rnatish bo‘yicha mutaxassis» sifatida Leninning topshirig‘i bilan qaltis vaziyatlar ichida javlon urar, sudsiz va so‘roqsiz otishda tajriba orttirardi.

Trotskiy Qizil Armiyaning safiga sobiq chor ofitserlarini qo‘shish g‘oyasi bilan chiqadi, chunki tajribasiz ishchi-dehqonlardan jo‘yali armiya tuzish mahol edi. Ammo Stalin bunga qarshilik qiladi. Lenin ham qaltis vaziyatda boshqa iloj topolmay, Trotskiyning fikrini qabul qiladi. Stalin siyosiy munozaralarni yoqtirmasdi, u Volga tomonlarga «egasizlik va chayqovchilikka qarshi kurashish», markaz uchun oziq-ovqat undirish va eserlar isyonini bostirish uchun yo‘l oladi.

Karim Bahriyev

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » «Zulm texnologiyasi»: Stalin hokimiyat yo‘lidagi makr-hiylalari