
Baxtli hayot sirlari endi akademik darajada o‘rgatiladi! Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi yetakchi oliy o‘quv yurtlaridan birida dunyoda birinchi bor “Baxt” fakulteti eshiklarini ochdi.
Muassasa vakillarining ta’kidlashicha, bu tashabbus zamonaviy jamiyatda tobora keng tarqalayotgan ruhiy salomatlik muammolari — xavotir, depressiya, yolg‘izlik va umumiy hayotdan norozilikka qarshi javob sifatida yaratilgan.
“Biz jahon bo‘ylab ruhiy iztiroblar avj olayotganini ko‘rmoqdamiz. Shu sharoitda baxtni ilm orqali o‘rganish dolzarb vazifaga aylandi”, — deyiladi fakultet tashabbuschilari bildiruvida.
Ta’lim to‘liq onlayn shaklda 4 yil davom etadi. Talabalarga turli yo‘nalishlar — neyrobiologiya, psixologiya, dinshunoslik, falsafa, adabiyot va boshqa gumanitar fanlardan dars beriladi.
Ushbu yo‘nalishni muvaffaqiyatli tugatganlar sog‘liqni saqlash sohasida mutaxassis, siyosiy maslahatchi, maktab va universitet o‘qituvchisi, ilmiy xodim yoki ruhiy barqarorlikni targ‘ib qiluvchi faol sifatida ish olib borish imkoniga ega bo‘ladilar.
Dastlab 25 nafar talaba qabul qilinishi rejalashtirilgan bo‘lib, keyinchalik ular soni 100 nafargacha yetkaziladi.