
Amerika Qo‘shma Shtatlarida homilador ayol o‘zini oddiy yo‘tal deb hisoblagan holat aslida hayot uchun xavfli yirik o‘simta bilan bog‘liq bo‘lib chiqdi. O‘z vaqtida qo‘yilgan tashxis va jamoaviy tibbiy harakat tufayli ona va bola hayoti saqlab qolindi.
Yo‘tal ortidagi yashirin xavf
26 yoshli MaKenna uchinchi farzandini dunyoga keltirishga tayyorlanayotgan edi. Homiladorligining so‘nggi oylarida kuchli yo‘tal va nafas qisishi uni bezovta qila boshladi. Dastlab bu alomatlar homiladorlik bilan bog‘liq oddiy holat deb baholandi.
"Har safar yo‘tal tutsa, nafasim qisilib, qusishga olib kelar edi. Bu har kuni takrorlanar, hattoki otlar va echkilarga yem berish uchun hovliga chiqqan paytimda ham tanam charchab, yuragim urib ketardi", — deydi MaKenna.
Biroq holat yomonlashganida, shifokorlar nihoyat chuqurroq tekshiruv o‘tkazdi va natijada yurak yaqinidagi ko‘krak qafasida o‘simta borligi aniqlandi. Bu o‘simta o‘ng o‘pka arteriyasini to‘liq to‘sib qo‘ygan edi.
"Bu o‘ta noyob holat" — shifokorlar
Chikagodagi Memorial kasalxonasida shoshilinch tarzda olib borilgan tekshiruvda o‘simta yurakka tutash asosiy qon tomirlarga o‘sib kirgani ma’lum bo‘ldi. Yurak jarrohi doktor Kris Mehta bu holatni “har bir necha yilda bir marta uchrashi mumkin bo‘lgan” g‘ayrioddiy vaziyat sifatida baholadi.
Homiladorlik tufayli ayolning o‘pkasi allaqachon bosim ostida bo‘lgan, ustiga ustak bunday katta o‘simtaning mavjudligi og‘ir nafas yetishmovchiligi va yurak xurujiga olib kelishi mumkin edi.
Hayotni saqlab qolgan kesarcha amaliyoti
Favqulodda kesarcha amaliyoti orqali sog‘lom chaqaloq – Kolter – dunyoga keldi. Tug‘ruqdan so‘ng onaning holati barqarorlashdi va asosiy e’tibor xavfli o‘simtani olib tashlashga qaratildi.
Biopsiya natijalariga ko‘ra, MaKenna 3-bosqich melanoma (teri saratoni) bilan og‘rigan edi. Teri ustidagi o‘chog‘idan tanaga kirib, ichki organlarda rivojlangan bu o‘simta yurak yaqinidagi o‘ng o‘pkani, asosiy o‘pka arteriyasini va limfa tugunlarini zararlagandi.
Operatsiya va umid
Shifokorlar dastlab immunoterapiya orqali o‘simta hajmini 30% kichraytirishga erishdilar. Shundan so‘ng, yurak va o‘pka sohasida juda murakkab va xavfli operatsiya o‘tkazildi. MaKennaning butun o‘ng o‘pkasi, asosiy o‘pka arteriyasining zararlangan qismi va limfa tugunlari olib tashlandi.
Yaxshi xabar shuki, operatsiyadan keyingi skanerlarda boshqa tarqalgan o‘simta aniqlanmadi va hozirda kasallik “barqaror” holatda deb baholanmoqda.
“Yangi hayotimga o‘rganyapman”
Hozirda MaKenna jismoniy va ruhiy jihatdan sog‘ayish jarayonida. “Ba’zida og‘ir xotiralar va noma’lum kelajak menga bosim o‘tkazadi. Ammo o‘g‘lim va turmush o‘rtog‘im menga kuch beradi”, — deydi u.
Uning o‘g‘li Kolter hozirda sog‘lom, baxtli chaqaloq, MaKenna esa bir yil davomida immunoterapiya kursini davom ettiradi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar