20:53 / 09.08.2022
2 423

Permdagi o‘zbeklar Ukrainadagi urushda qatnashishga da’vat qilindi

Permdagi o‘zbeklar Ukrainadagi urushda qatnashishga da’vat qilindi
Foto: Videodan kadr
Rossiyaning Perm shahridagi o‘zbekistonliklar diasporasi rahbari, Rossiya fuqaroligini olgan Jahongir Jalolov shu yerda ishlayotgan va yashayotgan o‘zbeklarni «Amir Temur» bataloni tashkil etish va Ukrainadagi «maxsus amaliyot»ni qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Rossiyaning Perm shahridagi o‘zbek diasporasi rahbari o‘z vatandoshlarini Ukrainadagi urushga jalb qilayotgani aks etgan videolar tarqalmoqda.

«Farzandlarimiz bog‘chalarga qatnaydi, maktablar va universitetlarda o‘qiydi. Biz Rossiyada yashaymiz va ishlaymiz. Biz yeyayotgan nonimizni oqlashimiz shart. Men ko‘ngillilar bataloni tashkil etish va uni buyuk Amir Temur nomi bilan atashni taklif qilaman. Va Rossiyaning Ukrainani demilitarizatsiya va denatsifikatsiya qilish bo‘yicha maxsus harbiy operatsiyasini qo‘llab-quvvatlashga chaqiraman», dedi u.

U vatani Rossiya ekani va Rossiya Federatsiyasiga xizmat qilishini ta’kidlaydi.

O‘zbekiston qonunchiligi bu haqda nima deydi?
O‘zbekiston fuqarolarining chet davlatlar harbiylashgan va kuch ishlatar tuzilmalariga xizmatga yollanishi jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Xususan, Jinoyat kodeksining 154-moddasiga ko‘ra, nizolashayotgan davlat fuqarosi yoki harbiy xizmatchisi hisoblanmagan yoki hech qanday davlat tomonidan qurolli kuchlar tarkibida rasmiy topshiriqni bajarish vakolati berilmagan shaxsning moddiy manfaatdorlik yoki boshqa biror shaxsiy manfaatni ko‘zlab, o‘zga davlat hududida yoki uning tarafini olib harbiy harakatlarda qatnashishi besh yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Shuningdek, ushbu moddada yollanma shaxsni o‘qitish yoki moddiy ta’minot berish uchun ham javobgarlik mavjud. Kodeksning 154-1-moddasida esa, xorijiy davlatlarning harbiylashgan organlariga xizmatga kirish uchun javobgarlik belgilangan.

Migratsiya agentligi ogohlantirdi
Migratsiya agentligi Rossiyada o‘zbek diasporasi Ukrainaga qarshi batalon tuzayotganiga munosabat bildirdi.

«O‘zbekiston fuqarolaridan bunday da’vatlarga ergashmaslikni, ziddiyatli hududlarga bormaslikni va harbiy harakatlarda ishtirok etmaslikni so‘raymiz.

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 154-1-moddasida chet davlatlarning harbiy xizmatiga, xavfsizlik, politsiya, harbiy adliya organlari yoki shunga o‘xshash boshqa organlariga xizmatga yollanish uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi ko‘zda tutilgan
», — deyiladi xabarda.

Bu birinchisi emas
24 fevral kuni Rossiya Ukrainaga bostirib kirgach, internetda Rossiyadagi mehnat muhojirlarini ushbu urushga jalb etish harakatlari boshlanib ketgandi. Shunday harakatlarga javoban mart oyi boshida Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Rossiyada ishlayotgan o‘zbekistonlik mehnat muhojirlariga murojaat bilan chiqqandi.

Agentlik xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish davrida hech qanday ziddiyatli vaziyatlarni keltirib chiqarmaslik, qurolli to‘qnashuvlar va harbiy harakatlarda ishtirok etmaslik, provokatsiya va aldovlarga uchmaslik, oson pul topish ilinjida miting va namoyishlarda ishtirok etmaslikka chaqirgandi.

Iyul oyi oxirida ham xususiy harbiy kampaniyalar o‘zbekistonlik va qirg‘izistonlik mehnat muhojirlarini yuqori maosh evaziga yollashga harakat qilayotgani to‘g‘risida xabarlar paydo bo‘ldi.

Mustaqil jurnalistik surishtiruvlarda ushbu e’lonlar orqali fuqarolarni Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi ziddiyatli hududlarga jalb qilish asosiy maqsad ekani ma’lum qilingan.

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi yana bir bor o‘zbekistonliklarni ogohlikka chaqirdi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Permdagi o‘zbeklar Ukrainadagi urushda qatnashishga da’vat qilindi