22:10 / 17.08.2022
1 393

«Ko‘p afg‘on bolalari bu qishda omon qolmaydi»: Tolibon hukmronligi ostidagi bir yil mamlakatni qanday o‘zgartirdi?

«Ko‘p afg‘on bolalari bu qishda omon qolmaydi»: Tolibon hukmronligi ostidagi bir yil mamlakatni qanday o‘zgartirdi?
Foto: Bloomberg
Afg‘onistonda Tolibon hokimiyatga kelganidan keyin ayollarning iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy huquqlari sezilarli darajada poymol qilindi. Bu haqda BMT Bosh kotibining maxsus vakili o‘rinbosari va Afg‘onistondagi gumanitar masalalar bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi Ramiz Alakbarov ma’lum qildi.

Ta’lim olish, ishlash va erkin harakatlanish huquqidan mahrum bo‘lgan afg‘on ayollari borgan sari jamiyat hayotidan chetlashtirilmoqda.

- 2021 yilda Tolibon hokimiyatni egallashidan biroz oldin Qunduzdagi bolalar uyiga tashrif buyurgan edim. U yerda afg‘on armiyasi va Tolibon o‘rtasidagi janglarda butun oilasini yo‘qotgan qizaloq bilan gaplashganimda yuragim siqilgan, — deydi Alakbarov.

Unga ko‘ra, o‘shandan beri mamlakat muammolari tobora ortib bordi. Bolalarning barqaror kelajagini barpo etish borasidagi ishlar yanada murakkablashdi.

Iqtisodiy vaziyat
Tolibon hokimiyat tepasiga kelganidan bir yil o‘tib, mamlakat chuqur iqtisodiy va gumanitar inqirozni boshidan kechirmoqda.

Afg‘onistondagi qurg‘oqchilik va Ukrainadagi urush tufayli kuchaygan oziq-ovqat va yoqilg‘i narxlarining ko‘tarilishi aholining qariyb 95 foizini og‘ir vaziyatga tushirdi.

Afg‘onlarning yarmidan ko‘pi qashshoqlik chegarasida yashaydi, ikki millionga yaqin bola to‘yib ovqatlanmaslikdan aziyat chekadi.

- Ko‘p afg‘on bolalari bu qishdan omon qolmaydi. Afg‘onistonda qish qattiq, havo harorati juda past. Xalq o‘zining chidamliligi va omon qolish qobiliyati bilan mashhur, ammo afsuski, vaziyat juda og‘ir, — dedi Ramiz Alakbarov.

2022 yil iyun oyida Afg‘onistonda yuz bergan 5,9 ballik zilzila mingdan ortiq odamning hayotiga zomin bo‘lganidan keyin vaziyat yanada yomonlashgan.

- O‘z tana a’zolarini, o‘z farzandlarini sotayotganlar haqida eshitdik — bularning barchasi ommaviy axborot vositalarida keng yoritilgan. Agar aholi qo‘llab-quvvatlanmasa, bunday holatlar yana davom etaveradi, — deb tushintiradi u.

Ayollar huquqlarining buzilishi
Afg‘on ayollari va qizlarining huquqlari muntazam ravishda poymol qilinmoqda. Qizlar maktabdan chetlashtirildi.

Bu esa ularning asosiy bilim olish huquqini poymol qiladi, salohiyatidan mahrum qiladi va mamlakat iqtisodiy rivojlanishi uchun halokatli oqibatlarga olib keladi.

YUNISЕF ma’lumotlariga ko‘ra, qizlarning maktabga kirishini taqiqlash Afg‘onistonning yillik yalpi ichki mahsulotining 2,5 foizini tashkil qiladi.

Agar 3 million qizdan iborat hozirgi avlod o‘rta ta’limni tamomlab, ish topsa, Afg‘oniston iqtisodiyotiga kamida 5,4 milliard dollar hissa qo‘shgan bo‘lardi.

Afg‘oniston sog‘liqni saqlash tizimining qulashi ayollar va qizlarning reproduktiv salomatlik xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini xavf ostiga qo‘ydi. Buni eng avvalo mamlakatning chekka hududlarida istiqomat qilayotgan 9 million aholi his qilmoqda.

- Gender tengligi va ayollar huquqlari bo‘yicha o‘n yilliklar davomida erishilgan yutuqlar bir necha oy ichida yo‘q qilindi, — dedi BMT Bosh kotibi o‘rinbosari va BMT Ayollar bo‘limi ijrochi direktori Sima Baxus.

Unga ko‘ra, Afg‘on ayollari va qizlari har kuni erkin va teng hayot kechirish huquqi uchun kurashmoqda.

- Ularning kurashi bizning kurashimizdir. Afg‘onistondagi ayollar va qizlar bilan sodir bo‘layotgan voqealar bizning global mas’uliyatimizdir, — deydi Sima Baxus.

Joriy yilning dastlabki olti oyida muhtoj bo‘lgan 24,4 million afg‘onning 94 foiziga BMT tomonidan gumanitar yordam ko‘rsatildi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » «Ko‘p afg‘on bolalari bu qishda omon qolmaydi»: Tolibon hukmronligi ostidagi bir yil mamlakatni qanday o‘zgartirdi?