date

15 soniyada tashxis qo‘yadigan “aqlli” stetoskop yaratildi

15 soniyada tashxis qo‘yadigan “aqlli” stetoskop yaratildi

Tibbiyot sohasida navbatdagi muhim texnologik yutuq Buyuk Britaniyada ro‘y berdi — sun’iy intellekt (SI) texnologiyasiga asoslangan “aqlli” stetoskop ishlab chiqildi va muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazildi.

Imperial College London universiteti hamda NHS Trust tibbiyot xizmati hamkorligida yaratilgan ushbu innovatsion qurilma faqat 15 soniya ichida yurak faoliyatiga bog‘liq bir qator kasalliklarni — yurak yetishmovchiligi, aritmiya (atrial fibrillyatsiya) va yurak klapanlariga oid muammolarni aniqlab beradi.

Mazkur stetoskop an’anaviy qurilmaning zamonaviy versiyasi bo‘lib, faqat ovoz tinglash bilan cheklanib qolmaydi, balki EKG — elektrokardiogramma funksiyasini ham bajaradi. U yurak urishi, qon oqimi va yurakning umumiy faoliyatini tahlil qilib, ma’lumotlarni sun’iy intellekt yordamida smartfonga yuboriladigan tashxisga aylantiradi.

Qurilma 12 ming nafar bemorda amaliy sinovdan o‘tkazilgan va natijalar shifokorlarni hayratda qoldirgan. Yurak yetishmovchiligini aniqlash imkoniyati ikki barobar, atrial fibrillyatsiyani aniqlash ko‘rsatkichi esa uch barobar oshgan.

Shifokorlar ta’kidlashicha, ushbu texnologiya ko‘p hollarda dastlab belgisiz kechadigan yurak kasalliklarini erta bosqichda aniqlash imkonini beradi. Bu esa hayotni saqlab qolish va og‘ir asoratlarni oldini olishda katta ahamiyatga ega.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Texno » 15 soniyada tashxis qo‘yadigan “aqlli” stetoskop yaratildi