Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya rahbari Vladimir Putinga muzokaralarni Kiyev poytaxtida tashkil etishni taklif qildi. Bu haqda u ABC News telekanalidan bergan intervyusida ma’lum qildi. Uning fikricha, Putinning Moskvada uchrashuv o‘tkazish g‘oyasi aslida vaqtni cho‘zishga qaratilgan taktikadir.
“Har kuni mamlakatim raketa zarbalari va harbiy hujumlar ostida qolayotgan bir paytda men Moskvaga bora olmayman. Men terrorchilar poytaxtiga qadam qo‘ymayman”, — dedi Zelenskiy.
Prezident ta’kidladiki, Ukraina Alyaskada bo‘lib o‘tgan ilgari rejalashtirilgan uchrashuvda ishtirok etmagani afsusli hol edi. Uning fikriga ko‘ra, Putin u yerda AQSH prezidenti Donald Trampdan o‘z maqsadlariga mos keladigan natijalarni olgan. Zelenskiy Kreml rahbari Ukraina bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot qilishda qiziqish bildirmayotganini, aksincha Tramp bilan uchrashishni katta istak bilan kutib olayotganini qayd etdi.
Shuningdek, Zelenskiy Rossiyaga qarshi qo‘shimcha iqtisodiy va siyosiy bosim zarurligini ta’kidladi. “Ayrim hamkorlarimiz hali ham Rossiya nefti va gazini sotib olishda davom etmoqda. Bu — adolatsizlik. Rossiyaning asosiy quroli — energiya resurslari. Buni to‘xtatishning eng ta’sirli yo‘li — barcha energetik manbalarni xarid qilishdan butunlay voz kechish”, — dedi u.
Ukraina rahbari xavfsizlik kafolatlari masalasiga ham to‘xtalib o‘tdi. Uning fikriga ko‘ra, mamlakatning himoyasini faqat milliy armiyasi ta’minlay oladi. Zelenskiy Donbassda Ukraina qo‘shinlarining mustahkam pozitsiyalari mavjudligini ta’kidlab, Rossiya bu hududni to‘liq egallab olish uchun katta qurbonlar berishga majbur bo‘lishini qayd etdi.
Shu bilan birga, u “bufer zona” yaratish g‘oyasi katta xato ekanini, chunki amalda 10–20 kilometrlik “o‘lim zonalari” allaqachon mavjudligini ta’kidladi.
Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Putin Ukraina bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri uchrashishdan qochayotgani uchun qabul qilib bo‘lmaydigan takliflarni ilgari surmoqda va bu siyosiy ravishda yaman qadam sifatida baholanishi lozim.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!