
Salohiddinning olamshumul bag‘rikengligi o‘z g‘animi, ingliz qiroli va sarkardasi Richard Birinchi (jasurligi uchun keyin unga Sheryurak laqabi berilgan) bilan bo‘lgan munosabatlarida, ayniqsa, keng namoyon bo‘ldi.
Richard Birinchi 1191 yilning 8 iyunida Akraga keldi. Barcha salibchilar uning yetakchiligini so‘zsiz tan olishardi. U qamaldagilarga yordamga kelgan Salohiddin o‘rdusini haydab yubordi va qamalni shunchalik kuchaytirdiki, shahardagi musulmon garnizoni taslim bo‘lishga majbur bo‘ldi. Qal’a taslim bo‘lgandan keyin Richard tovon to‘lash va sulh takliflarining birontasiga ko‘nmay, shahardagi deyarli uch ming musulmonni, hatto ayollar va bolalarni ham qo‘shib qatl qilishga buyruq beradi.
Shaharni salibchilardan ozod qilgan musulmon qo‘shinlari esa tinch aholining vahshiyona qatl etilganini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rdilar. Qarindoshlar va yaqinlaridan judolik alami ham musulmonlarga g‘animdan o‘ch olib, zulm qilishga yo‘l qo‘ymadi. Chunki Parvardigor Qur’onda musulmonlarga shunday buyurgan: “Ey mo‘minlar, biron qavmni yomon ko‘rishingiz haddingizdan oshishingizga tortmasin” (Moida, 2). Musulmonlar hech qachon tinch aholiga qarshi harbiy kuch ishlatmaganlar. Hattoki, mag‘lub bo‘lgan salibchilarning qo‘shinlariga nisbatan ham jazo va shafqatsizlik qo‘llanilmagan. Chunki Islom zo‘ravonlik, ziddiyatlar, urushlar va terrorni tag-tomiri bilan yo‘qotish yo‘li hamda adolat, tinchlik, diniy bag‘rikenglik va farovonlik kafolatidir.
Shundan keyin Richard Asqalonni qo‘lga kiritdi, Arsufda katta zafar quchdi. Ushbu muhorabada Salohiddin yetti ming askaridan ajragan bo‘lsa, salibchilardan yetti yuzga yaqin odam qurbon berildi. Ana shu jangdan keyin Salohiddin boshqa hech qachon Richard bilan ochiq urushishga botinmadi. Keyinchalik ham bir necha kichik yurishlarda g‘alabaga erishgan Richard Quddusni o‘z qo‘li- da tutib turishga qodir bo‘lolmadi. Sababi suv va otlarga yem yetishmasligi, turli millatlardan to‘plangan salibchilar o‘rdusidagi norozilikning kuchayib ketgani Richardni aniq halokatga eltishi mumkin edi.
Shuning uchun u Quddusni qamal qilishdan voz kechib, Asqalonni mustahkamlashga kirishdi. O‘sha paytda tuzilgan sulh Salohiddining qo‘li balandligini anglatib turardi. Quddus qirolligidan sohil chizig‘i va nasroniylar ziyoratchilarining muqaddas joylarga xavotirsiz borishiga xavfsiz va ochiq yo‘l qolgan edi. Hech shubhasiz, qirollikning qulashiga Islom Sharqining birligi sabab bo‘lgandi. Richard Ovrupasiga, Salohiddin esa Damashqqa qaytishdi.
Musulmonlar, yahudiylar, nasroniylarning himoyachisi, bosqinchilarning kushandasi, Quddusni salibchilardan xalos etgan Salohiddin Ayyubiy bilan ingliz sarkardasi Richard Sheryurak o‘rtasidagi iliq munosabatlar shu qadar chuqurlashib ketdiki, Richard Islom sarkardasini “do‘stim” deb atay boshladi. Ikki do‘stning asl insonlarga munosib ushbu munosabatlari nasroniy va musulmon sarkardasi o‘rtasidagi birgina yozishmada ham aniq ko‘rinib turibdi:
“Angliya qiroli Rikardos Sheryurakdan arablar qiroli Salohiddinga. O janob, senga maktubimni eltayotgan bu odam janglarda yuksak fidoyilik ko‘rsatgan jasur va qo‘rqmas, sizlarning qahramonlaringizni jang maydonida qarshilagan qahramon. Uning singlisi esa asir tushib qolibdi, jangchilaringiz uni qal’angizga olib ketishibdi. Ismini ham o‘zgartirib, Mariya o‘rniga Sariya deb nomlashibdi. Angliya qirolining arablar qiroliga iltimosi bor: o‘sha ayolni akasiga qaytaringlar yoki akasini ham asirga olib, singlisi bilan birga ushlanglar, ularni ajratib yubormanglar. Qushchani uyasidan olisda ushlab qolmanglar. Sizlardan javob kutarkanman, shahzoda do‘stim Xoris Lubnoniydan eshitganim xalifa Umar ibn Xattobning “Onasi hur tuqqan odamlarni qachondan qul qilishni boshlagansizlar” degan so‘zlarini eslatib qo‘ymoqchiman”.
Endi Salohiddinning Richardga yozgan javobi bilan tanishing: “Sulton Salohiddindan Angliya qiroli Richardga. Qirol, siz maktub bilan yuborgan jasoratli qahramonning qo‘lini siqib qo‘ydim. Jang maydonida sizning imkoniyatlaringizni bilib olganning qo‘l siqishini sizga jo‘natyapman. Mening aka-singilni tutqunlikda ushlab qolmasligimni bilishingizni istardim. Chunki biz uylarimizda qo‘lga tushgan o‘ljadan boshqa narsani ushlab turmaymiz. Akasiga singlisini qaytarib berdik. Agar Salohiddin Umar ibn Xattobning so‘zini bajargan bo‘lsa, buni Richard ham o‘zi bilgan “Xudonikini Xudoga qaytar, Qaysarnikini (Rum hukmdori) Qaysarga qaytar” degan so‘zni bajarsin, ya’ni Iso alayhissalomning so‘zlarini ro‘kach qilib o‘zing bosib olgan yerni egalariga qaytar!” Richard Salohiddinning yana bir marhamatiga ham qoyil qoldi.
Sulton Quddusni olganidan keyin u yerdagi aholiga shahardan chiqib ketishga tayyorgarlik uchun qirq kun muhlat bergandi. O‘sha kunlarda juda ko‘p nasroniyalar uning oldiga kelib, boquvchilari bo‘lmish erlari, otalari yoki o‘g‘illaridan ajrab qolishganidan shikoyat qilishdi. Ularga g‘amxo‘rlik qiladigan, yashashga joy topib beradigan odamlari qolmagan edi. Oqko‘ngil Salohiddin ularning iltimoslarini ko‘zda yosh bilan tingladi. O‘z askarlariga ayollarning qarindoshlarini izlab topishni buyurdi, agar ular halok bo‘lgani aniqlansa, ayollarga yetarli badal to‘ladi.
Sultonning bunday mehribonligini Richard o‘z tajribasida ham sinab ko‘rdi va unga umrining oxirigacha hurmatda bo‘ldi. Akra qamali chog‘ida Richard kasal bo‘lib qoldi. Shunda Salohiddin unga o‘z tabibini yubordi, isitmasini tushirish uchun muz ham, tezroq tuzalishiga yordam beradigan mevalarni ham jo‘natib turdi. Yana bir voqea sultonning naqadar olijanobligiga yaqqol dalil bo‘la oladi: qirol Richard Salohiddinning o‘g‘li Zohir rahbarligidagi musulmonlar guruhiga hujum qilayotgandi. Jangda Richardning otiga kamon o‘qi tegib, o‘ladi va sarkarda ulovsiz qoladi. Bu manzarani ko‘rib turgan Salohiddin Richardning noqulay holda qolishini istamaganidan unga boshqa ikkita otni yubordi.
Vaholanki, shundan sal oldinroq salibchilarning boshqa bir sarkardasi Reno de Shatiliyon bilan Salohiddin o‘rtasida shunday gap bo‘lib o‘tgandi: Salohiddin undan: “Janob Reno, agar siz mening asirim bo‘lmay, men sizning asiringizga aylanib qolsam, meni nima qilgan bo‘lardingiz?” deb so‘radi. Reno o‘zigagina xos bo‘lgan surbetlik bilan shunday javob qaytardi: “Agar mening asirim bo‘lganingizda kallangizni olgan bo‘lardim”.
(davomi bor)
Ahmad Muhammad Tursunning "Dunyoni tebratgan yetti buyuk" kitobidan olindi
Manba: Azon.uz

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar