AQSH hujum qilsa, mintaqadagi bazalarga zarba beriladi — Eron

Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchining ma’lum qilishicha, agar AQSH tomonidan harbiy zarba amalga oshirilsa, Tehron javob chorasi sifatida Fors ko‘rfazi mintaqasida joylashgan Amerika harbiy obyektlarini nishonga oladi.
Vazirning ta’kidlashicha, ehtimoliy qarshi zarbalar qo‘shni davlatlarga emas, aynan AQSHga tegishli harbiy infratuzilmalarga qaratilgan bo‘ladi.
— Bizda Amerika hududiga zarba berish imkoniyati mavjud emas. Biroq agar Vashington Eronga qarshi hujum qilsa, biz uning mintaqadagi harbiy bazalariga zarba beramiz, — dedi Abbos Aroqchi.
Ma’lumot o‘rnida, 6 fevral kuni Ummon poytaxti Maskat shahrida AQSH va Eron delegatsiyalari o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tgan. Uchrashuv davomida tomonlar dolzarb masalalarni muhokama qilib, muloqotni keyingi bosqichlarda ham davom ettirish bo‘yicha kelishuvga erishgan. Shuningdek, muzokaralarda AQSH Markaziy qo‘mondonligi vakili ham ishtirok etgani qayd etildi.
Ayni paytda ayrim tahlilchilar fikricha, Vashington ehtimoliy keskin ssenariylarga tayyorgarlik ishlarini ham davom ettirmoqda.
Shu bilan birga, Eron rasmiylari yadroviy dastur bilan bog‘liq masalani faqat muzokaralar orqali hal etish mumkinligini yana bir bor ta’kidlab, uranni boyitish darajasi mamlakatning ichki ehtiyojlaridan kelib chiqib belgilanishini ma’lum qildi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!