Puldan guldasta yasaganlar endi rasman qamalishi mumkin

Keniyada Valentin kuni arafasida naqd puldan guldasta tayyorlash amaliyotiga qarshi keskin ogohlantirish berildi. Mamlakat Markaziy banki 14 fevral munosabati bilan chiqargan bayonotida banknotalardan guldasta va sovg‘a bezaklari sifatida foydalanish qonunga zid ekanini eslatdi. Bu haqida CNN ma'lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, so‘nggi paytlarda Keniyada shilling kupyuralarini guldastalarga bezak sifatida ishlatish holatlari ko‘paygan. Bu esa milliy valyutaning yaxlitligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Sababi, banknotalarni yelim, shtapel yoki ignalar bilan mahkamlash ularni shikastlaydi va muomala uchun yaroqsiz holga keltiradi.
Natijada bunday kupyuralar qayta ishlash jarayonida rad etilishi, shuningdek, pul belgilarini muddatidan oldin muomaladan chiqarish va almashtirishga to‘g‘ri kelishi mumkin.
Markaziy bank naqd pulni sovg‘a sifatida taqdim etishga qarshi emasligini ta’kidlar ekan, bunday holatlarda banknotalarni o‘zgartirish, buzish yoki shikastlashga olib keladigan har qanday harakatlardan voz kechish lozimligini bildirdi.
Keniya Jinoyat kodeksining 367-moddasiga muvofiq, valyuta banknotalarini qasddan shikastlash, butligini buzish yoki yaroqsiz holga keltirish taqiqlangan. Ushbu qoidabuzarlik uchun aybdor deb topilgan shaxslar 3 oygacha ozodlikdan mahrum etilishi, 2000 shilling (taxminan 15,5 AQSH dollari) miqdorida jarimaga tortilishi yoki har ikki jazo qo‘llanilishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!