Indoneziyada 7,22 metrlik piton dunyodagi rekordga rasman aylandi

Indoneziyaning Sulavesi orolida 2025 yil oxirida qo‘lga tushirilgan urg‘ochi gigant piton — (Malayopython reticulatus) — dunyodagi eng uzun ilon sifatida tan olindi. U 2026 yil fevral oyida Ginnesning rekordlar kitobiga kiritildi.
Ma’lum qilinishicha, 18 yanvar kuni o‘tkazilgan rasmiy o‘lchovda ilonning uzunligi 7,22 metr ekani qayd etilgan. Mutaxassislar uni narkoz ostida tanasi to‘liq bo‘shashganda yana 10 foizcha uzunroq — taxminan 7,9 metrgacha cho‘zilishi mumkinligini aytgan. Ammo hayvon sog‘lig‘iga zarar yetishi ehtimoli sabab bu usul qo‘llanilmagan.
Hozirda ulkan piton mahalliy tabiatni muhofaza qiluvchi mutaxassis Budi Purvanto qaramog‘ida saqlanmoqda. Hujjatlashtirish va baholash jarayonida Kalimantandan kelgan yovvoyi tabiat gidi, litsenziyali ilon tutuvchi Diaz Nugraha, shuningdek, Balida 20 yildan beri yashayotgan tadqiqotchi va tabiat fotografi Radu Frentiu ham ishtirok etgan. Ular piton haqidagi gap-so‘zlarni eshitishi bilan Sulavesiga yo‘l olgan va rekordni to‘g‘ri rasmiylashtirishni maqsad qilgan.
Ilon katta brezent qop bilan birga tortilishi chog‘ida vazni 96,5 kilogramm chiqqan. Mutaxassislar uning yaqin vaqt ichida yirik o‘lja bilan oziqlanmaganini, aks holda vazni 100 kilogrammdan ham oshib ketishi mumkinligini ta’kidlagan.
Qizig‘i, bu noodatiy sudralib yuruvchiga “Ibu Baron” degan nom berilgan. Manbalarda bu nom “Baronessa” ma’nosida talqin qilingan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!