date

Sevishganlar kunida puldan guldasta yasash taqiqlandi

Sevishganlar kunida puldan guldasta yasash taqiqlandi

Kenyada sevgi izhori deb puldan guldasta yasash “romantika” emas, qonunbuzarlikka aylanishi mumkin. 14-fevral — Valentin kuni arafasida mamlakat Markaziy banki jamoatchilikni ogohlantirib, banknotalardan guldasta va bezak sifatida foydalanish holatlari ko‘payganini bildirdi.

Rasmiylarga ko‘ra, so‘nggi vaqtlarda Keniya shillingi kupyuralari yelimlanib, shtapellanib, hatto igna bilan qadab qo‘yilayotgani kuzatilmoqda. Bir qarashda “chiroyli sovg‘a”dek tuyulgan bu ish amalda pulning butligini buzadi: banknotalar shikastlanadi, muomalaga yaroqsiz holga keladi va ayrim hollarda qayta ishlash jarayonida rad etilishi ham ko‘payib ketadi. Natijada esa banknotalarni muddatidan oldin muomaladan olib tashlash va almashtirishga to‘g‘ri keladi.

Markaziy bank ta’kidlashicha, naqd pulni sovg‘a qilishning o‘ziga qarshi emas. Lekin bunday sovg‘a pulni o‘zgartirmaydigan, buzmaydigan va shikastlamaydigan shaklda bo‘lishi shart. Ya’ni “sevgi” deb pulni yelimlab-tishlab tashlash — yaxshi g‘oya emas.

Keniya Jinoyat kodeksining 367-moddasiga ko‘ra, valyuta banknotalarining butligini buzish, shikastlash yoki yaroqsiz holga keltirish taqiqlangan. Qonunga binoan, aybdor deb topilgan shaxs 3 oygacha qamoq, 2000 shilling (taxminan 15,50 AQSh dollari) jarima yoki ikkalasi bilan birga jazolanishi mumkin.

Qizig‘i, bu masalada Keniya yolg‘iz emas. 2023 yil mart oyida Gana banki ham odamlarni naqd puldan savat va guldastalar tayyorlashdan tiyilishga chaqirgan edi.

Xulosa oddiy: romantika qilish mumkin, lekin pulni “dekor” qilib yirtish emas. Sevgi bor joyda aql ham bo‘lsin — cho‘ntak ham, qonun ham rahmat aytadi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Dunyo » Sevishganlar kunida puldan guldasta yasash taqiqlandi