date

"Siti" himoyachisi Husanovga yana qanday yangi "laqab"lar qo‘yilmoqda?

"Siti" himoyachisi Husanovga yana qanday yangi "laqab"lar qo‘yilmoqda?

Angliya Premer-ligasining 25-turidan o‘rin olgan “Liverpul” – “Manchester Siti” bahsida 60-daqiqada Abduqodir Husanov bilan bog‘liq epizod hali-hamon muhokamalar markazida qolmoqda. “Enfild”dagi o‘sha lahza nafaqat o‘yin taqdiriga, balki muxlislar kayfiyatiga ham qattiq ta’sir qildi.

Buyuk Britaniyadagi eng ko‘p o‘qiladigan nashrlardan biri — The Sun ham o‘z munosabatini bildirib o‘tdi. O‘yin tafsilotlari yoritilgan sharhda nashr O‘zbekiston milliy terma jamoasining 21 yoshli markaziy himoyachisini alohida ajratib ko‘rsatgan.

Eng qizig‘i, jurnalistlar so‘z o‘yiniga “gaz” bosib, Husanovni “Khus control” — ya’ni “Nazorat qiluvchi Husanov” deb atashdi. Ularning ta’kidicha, Abduqodir himoyada juda ishonchli harakat qildi, vaziyatlarni oldindan “o‘qib”, ko‘p narsani nazoratda ushlab turdi.

Haqiqatan ham, Husanov maydonda bo‘lgan paytda “Liverpul”ning Muhammad Saloh, Kodi Gakpo, Ugo Ekitike kabi xavfli hujumchilari “Siti” darvozasiga yo‘l topishda ancha qiynaldi. Ular qancha urinish qilmasin, himoya chizig‘i “qulf” bo‘lib turgan lahzalar ko‘p bo‘ldi.

O‘yinning eng keskin nuqtasi 60-daqiqada yuz berdi. Gakponing darvoza tomon yo‘l olgan harakatini to‘xtatishga ulgurgan Husanov ikki o‘yinchi orasida qolib ketdi: bir tomonda raqib hujumchisi Gakpo, ikkinchi tomonda esa “Siti” darvozaboni Janluiji Donnarumma. Niderlandiyalik forvard Abduqodirning orqa tomoniga urilib ketgan bo‘lsa, italiyalik posbonning tizzasi Husanovning yuziga tegib, juda og‘ir zarba keltirib chiqardi.

Zarba oqibatida tibbiyot xodimlari zudlik bilan maydonga shoshildi. Husanov esa jarohatga qaramay, xarakter ko‘rsatib, bosh murabbiy Xosep Gvardiolaga o‘yinni davom ettirishga tayyorligini bildirgani aytiladi. Lekin futbolchi salomatligini birinchi o‘ringa qo‘ygan tibbiyot shtabi uning maydonga qayta chiqishiga ruxsat bermadi.

Abduqodirning jamoaga yordam berishga bo‘lgan intilishi taniqli jurnalist Jeronimo Morgansni ham lol qoldirdi. U bahsni tahlil qila turib, aynan shu jihat — jarohat olsa ham ortga chekinmasdan, o‘yinni davom ettirishga intilgan 21 yoshli himoyachining ruhiyatini alohida ta’kidladi.

“Husanov jarohat olgan edi, lekin baribir o‘yinni davom ettirishni xohladi. Jamoaga yordam berishni istadi. Abduqodir Husanov, sen men uchun jangchisan, birodar. O‘zbekistonning faxri. Temir odam”, — degan mazmunda fikr qoldirgani keltirilmoqda.

Hozircha Husanovning salomatligi bo‘yicha rasmiy bayonot e’lon qilingani yo‘q. Shu bilan birga, bir qator manbalar insayder ma’lumotlariga tayanib, himoyachining ahvoli yaxshi ekanini va u yaqin o‘yinlarda qatnashishi mumkinligini yozmoqda.

Qisqasi, “Enfild”da bir epizod bo‘ldi-yu, butun Yevropa “Husanov kim o‘zi?” deb qarab qoldi. Endi esa eng asosiysi — salomatlik joyida bo‘lsin, maydondagi “Khus control” rejimi yana davom etsin.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Sport » "Siti" himoyachisi Husanovga yana qanday yangi "laqab"lar qo‘yilmoqda?